O‘zbekiston | 19:25 / 21.02.2025
3421
2 daqiqa o‘qiladi

Huquq-tartibot organlari xodimlarining foto va videolarini buzib tarqatishni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi

Xizmat vazifasini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining foto va videotasvirlarini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun BHMning 50 baravari miqdorida jarima yoki 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini obro‘sizlantiruvchi foto va videomateriallarni tarqatganlik uchun jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Kodeksning yangi 195-2-moddasida shunday deyiladi:

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan, internet jahon tarmog‘ida tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 50 baravarigacha (18,75 million so‘m) miqdorda jarima solishga yoki 10 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Qonun 21 fevraldan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning mart oyida Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining roziligisiz faoliyati aks etgan fotosuratlar va videolarni internetda joylashtirishni taqiqlashni taklif qilgan va bu keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

2023 yilning noyabrida huquq-tartibot idoralari xodimlarini «obro‘sizlantirish va haqorat qilish maqsadida» ularning faoliyatiga oid foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan va qabul qilingandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining o‘sha vaqtdagi deputatlari Doniyor G‘aniyev va Bobur Bekmurodov hamda Bekmurodov yetakchiligidagi «Yuksalish» umummilliy harakati bu normani ochiqlik siyosatiga zid deb baholagan edi.

Senat 2024 yilning yanvarida qonun loyihasini ma’qullab, imzolash uchun prezidentga yuborgandi.

Mavzuga oid