Jahon | 22:20 / 20.02.2025
8966
7 daqiqa o‘qiladi

«Zelenskiy saylanmagan diktator» – Trampning chiqishlaridan Kremldagilar ham hayratda

Avvalgi chiqishimizda tarixiy davrda yashayapmiz degandik. AQSh prezidenti Donald Trampning siyosatini har kim turlicha talqin qilishi mumkin, lekin anig‘i shuki, Tramp ko‘z o‘ngimizda tarix yozmoqda. Qanday tarix ekanini esa keyinroq bilib olamiz.

Shu kunlarda Mar-a-Lagodagi qarorgohidan ishlayotgan Tramp u yerda brifing o‘tkazib urush boshlanishida Zelenskiyni ayblagani haqida xabar bergandik. Aftidan, bu gaplar Trampning xumorini bosa olmagan. Uyiga borgach AQSh prezidenti iPhoneʼini qo‘liga oldi-da, Ukraina manziliga navbatdagi tahdidomuz gaplarini yozdi. Darvoqe, Tramp negadir do‘sti Mask sotib olgan sevimli Twitterʼiga qaytmay, o‘zi ochgan Truth ijtimoiy tarmog‘ida yozib yuribdi. O‘zi bu platforma Tramp yozib turishi uchun ochilgan desa mubolag‘a bo‘lmaydi. Video yozib bo‘lingach, Ukraina o‘z hududida bu tarmoqni bloklagani ma’lum bo‘ldi.

Respublikachi shunday gaplarni aytmoqdaki, AQSh nashrlariga ko‘ra bundan hatto Kremldagilar hayron qolmoqda. Navbatdagi postida Tramp Zelenskiyga ochiqchasiga tahdid qildi va uni Rossiya propagandasi metodichkalaridagi kabi qiziqchi deb atadi: «Unchalik taniqli bo‘lmagan qiziqchi AQShdan yutib bo‘lmaydigan, endi esa TRAMPdan boshqasi tugata olmaydigan urush uchun 350 milliard dollar undirdi (Tramp o‘z nomini katta harf bilan yozib, negadir qo‘shtirnoqqa ham olgan – tarj.).

Amerika Ukrainaga Yevropa Ittifoqidan 200 milliard dollar ko‘proq yordam berdi. Lekin farq shundaki, Yevropaning pullari qaytishi kafillangan, AQSh esa bir sentni ham qaytarib ololmaydi. Nega uyquchi Bayden xarajatni teng taqsimlashni so‘ramadi? Axir bu urush Yevropa uchun bizdan ko‘ra muhimroq-ku. Bizni urushdan ajratib turgan katta, ajoyib okeanimiz bor bo‘lsa», dedi Tramp.

Amerika prezidenti Yevropaning pullari kafolatlangan deb, Rossiyaning qit’a banklarida muzlatilgan 300 milliard dollarini nazarda tutdi.

Tramp Zelenskiyning reytingi pastligi haqida navbatdagi marta gapirdi, lekin bu gal 4 foiz faktini tilga olmadi: «Zelenskiy saylov o‘tkazishdan bosh tortyapti. Uning reytingi juda past. U faqat Bayden bilan skripka chalishni yaxshi uddaladi. Saylovsiz diktator tezroq harakat qilmasa, davlatidan asar ham qolmaydi. Biz Rossiya bilan yaxshi muzokaralar olib boryapmiz. Urushni faqat TRAMP to‘xtata olishini hamma tushunyapti. Yevropa sharmanda bo‘ldi, Zelenskiy esa aftidan pul oqimi to‘xtab qolishini istamaydi. Men Ukrainani yaxshi ko‘raman, lekin Zelenskiy vazifani juda yomon bajardi, davlat barbod bo‘ldi, millionlab odamlar o‘ldi va o‘lishda davom etmoqda», dedi AQSh prezidenti.

Ochiq tahdid

Trampning ushbu postidagi bir joyiga e’tibor bering: «Agar Zelenskiy tezroq harakat qilmasa, uning davlatidan asar ham qolmaydi». Ya’ni janob Tramp Kiyevga yaxshilikcha to‘rtta oblastingni Rossiyaga topshirib, Putinning hamma shartlariga ko‘n-da, kelishuvni imzola, keyin men borib amerikaliklarga urushni tugatdim, deb tezroq maqtanay. Bo‘lmasa shunday qilamanki, Putin jo‘ram Kiyevni uch kunda egallab oladi, demoqchi. Buning nomini esa tahdid deyishadi. Janob Tramp oldingi muddatida shunga o‘xshash ish ortidan impichment olishiga sal qolgandi, lekin bu gal bunaqa bo‘lmasligi aniq. Chunki Kongressning ikki palatasi ham respublikachilar qo‘lida, 4 yil hech kim ularning mushugini pisht deya olmaydi.

Yevropa Zelenskiyni qo‘llamoqda

Trampning tahdidli chiqishidan keyin butun Yevropada davlat rahbarlari Ukraina prezidenti Zelenskiyni qo‘llab chiqishdi: «Zelenskiyni diktator deyish uchun juda beadab bo‘lish kerak», dedi Chexiya prezidenti Petr Pavel. Norvegiya bosh vaziri buni nohaqlik deb atadi. Finlandiya prezidenti Ukraina va uning konstitutsiyasini qo‘llashini bildirdi.

«AQSh prezidenti do‘stlarimizdan biridan yuz o‘girib, kallakesar tomonda bo‘lishi qanchalik jirkanch», dedi AQSh senatidagi demokratlar lideri Chak Shumer.

Trampning partiyadoshi kongressmen Mayk Lour Putinni diktator deb atab, u Amerikaning do‘sti emas, dedi. Senator Adam Shiff G‘arb Chexoslovakiyadan keyin hech bir demokratik davlatni bu qadar ochiq sotmagandi, dedi 1938 yildagi Ikkinchi jahon urushiga yo‘l ochgan Myunxen kelishuviga ishora qilib. O‘shanda Chexoslovakiya Britaniya va Fransiya vositachiligida Sudet viloyatini Hitler boshchiligidagi fashistlar Germaniyasiga berishga majbur bo‘ladi. «Qonning hidini sezgan» Hitler esa bir yil o‘tib urush boshlaydi.

Britaniya konservatorlari lideri Kemi Banenox Zelenskiy diktator emas, Ukrainaning demokratik saylangan prezidenti deb atadi. Germaniya kansleri Olaf Shols Zelenskiyni nolegitim deb atash xavfli ritorika ekanidan xavotir bildirdi. Britaniya bosh vaziri Kir Starmer esa AQSh bilan muloqot vaqtida Ukrainada uzoq yillik tinchlik bo‘lishi uchun imkon qadar harakat qilishga va’da berdi. Shuningdek, urush bo‘layotgan mamlakatda saylov o‘tkazmaslikni to‘g‘ri qaror deb baholadi. Zelenskiy Twitterʼdagi sahifasida barchaga qo‘llab-quvvatlagani uchun rahmat aytdi.

Ukrainalik harbiy rahbarlar o‘z kanallaridagi Zelenskiyga bo‘layotgan tahdidlar fonida mamlakat jiddiy sinov oldida turgani va dadil bo‘lish kerakligi haqida postlar qoldirmoqda.

Ana shunaqa gaplar. Zelenskiy uch yildan buyon Rossiyaga qarshi urushayotgandi. Endi ikkinchi tomonda kimsan AQSh prezidenti Donald Tramp paydo bo‘ldi. Ko‘ramiz, Ukraina bu jiddiy sinovga qanday bardosh berarkin. Dunyoda juda g‘alati muvozanat paydo bo‘ldi. AQSh va Rossiya ikki tomondan bir davlatga bosim qilmoqda. Yevropa esa kollektiv holatda o‘sha davlatni qo‘llayapti. Bir filmda aytilganidek, dunyomizda qiziq ishlar bo‘lyapti. Yangiliklardan bexabar qolib ketmaslik uchun Kun.uzʼdagi videolarni o‘tkazib yubormang.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid