Jahon | 21:54 / 20.02.2025
3192
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh prezidenti maslahatchisi Ukrainani foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni imzolashga chaqirdi

Avvalroq, Ukraina prezidenti Zelenskiy shartnomani imzolashdan bosh tortgan edi.

Foto: Getty images

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts Fox News telekanaliga bergan intervyusida Ukrainani foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv tuzishga va Vashingtonni tanqid qilishni to‘xtatishga chaqirdi.

«Ular «tezlikni pasaytirishi», yaxshilab o‘ylab ko‘rib, ushbu kelishuvni imzolashi kerak», dedi u.

Uolts so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning kelishuvga qarshi chiqishi va Donald Trampning muzokaralarni olib borishini tanqid qilishi Qo‘shma Shtatlar Ukraina uchun qilgan hamma narsadan keyin qabul qilinishi mumkin emas.

Shu bilan birga, u davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni murosasiz deb hisoblamaslikni aytdi.

Uolts Yevropa va Ukraina urushni hal qilish bo‘yicha muzokaralardan chetlatilgan degan fikrga qo‘shilmadi:

«Diplomatiyada buning atamasi bor: «moki diplomatiyasi». Ilgari barchani birdaniga muzokara stoliga yig‘ishning iloji yo‘q edi. Shunday qilib, biz bir tomon bilan, keyin ikkinchi tomon bilan shug‘ullandik, keyin esa oldinga siljish jarayoni bo‘ladi», dedi u.

AQSh Ukrainadagi barcha foydali qazilmalar zaxiralarining yarmini oladigan kelishuv loyihasi 12 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga AQSh moliya vaziri Skott Bessent bilan Kiyevdagi uchrashuvidan 4 soat oldin topshirilgan. Shu bilan birga, Zelenskiydan shartnomani zudlik bilan imzolash talab qilingan. Kiyev Tramp ma’muriyati talablari ko‘lamidan lol qolgan. Zelenskiy shartnomani imzolashdan bosh tortgan.

Tramp ma’muriyati tomonidan taklif qilingan kelishuvda Vashingtonning Ukrainadagi mineral va neft-gaz resurslari, portlar va «boshqa infratuzilma» ustidan nazorati nazarda tutilgan.

Tramp ma’muriyati Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning resurslar qazib olishdan keladigan joriy daromadlarining 50 foizini, shuningdek, «uchinchi tomonlarga berilgan barcha yangi [resurslarni qazib olish] litsenziyalari» qiymatining 50 foizini olishini istamoqda.

Mavzuga oid