Oson shartlarda kvartira: Toshkentda “novostroyka”ni quruvchidan olib berishda vositachi firma ustidan tergov boshlandi
Toshkent shahridagi “Credit House” hamda “In Fin Stroy Invest” MChJ mansabdorlariga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Quruvchi firmalardan uy olib, uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan xaridorlarga sotib kelgan ushbu vositachi firmalar odamlarning to‘lov pulini o‘zlashtirgan bo‘lishi mumkin. Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchilar ham uydan, ham pulidan ayrilib qolishdan xavotirdaligini bildirishmoqda.
Toshkent shahridagi “Credit House” va “In Fin Stroy Invest” MChJ mansabdorlari tergovga tortildi. Kun.uz’ga murojaat qilgan bir guruh jabrlanuvchilar muammo ko‘lami juda katta ekanini aytmoqda.
“Biz 2024 yil 8 fevral kuni “Credit House” bilan o‘zaro oldi-sotdi asosida shartnoma tuzdik. Birinchi to‘lovga 100 mln so‘m to‘ladik. Grafik bo‘yicha aytilgan summani shu oygacha hech qoldirmasdan to‘lab keldik. Uy bitayotganini ko‘rish maqsadida obektga borganimizda qurilish firmasi rahbari “Credit House” bilan nizo kelib chiqqanini va sud bo‘layotganini aytdi. Sababini so‘rasak, grafik bo‘yicha firmaga pul to‘lamagan ekan. Ya’ni investitsion shartnomaga amal qilishmagan.
O‘zimiz to‘lagan pulni quruvchi firmaga o‘tkazib berishsin, ortiqchasi kerak emas. Biz keyin ular bilan ishlab ketish tarafdorimiz, bularga ishonch qolmadi”, deydi murojaatchilardan biri Madalibek Hakimov.
“Credit House” mas’ullari xaridorlarga masala hal etilishini, faqat biroz muddat kerakligini bildirib, va’da bermoqda. Ammo ushbu firmaga to‘lagan puli qurilish firmasiga “yetib bormagan” jabrlanuvchilar bu va’dalarga ishonmayapti.
Jumladan, Navoiy viloyatining Zarafshon shahridan kelgan jabrlanuvchi boshlang‘ich to‘lovni kredit olib to‘laganini ma’lum qildi.
“Zarafshon shahridan keldim. 2024 yil 9 iyul kuni shartnoma imzolagandik. Boshlang‘ich to‘lovga 80 mln so‘m kredit olib qo‘ygandim. Hozir ungayam 4 mln so‘mdan to‘lab yuribman. Shartnoma shartlarini buzishdi. 129 oyga 3 mln 531 mingdan ketishi kerak edi.
Hozir qurilish firmasi kuz oyida bitadi, ipoteka qilib beramiz deyapti. Lekin shunday bo‘lsa, belgilangan summadan oshib ketadi. Shu paytgacha 105 mln so‘m to‘ladim, shuni qaytarsin, charchadik”, deydi navoiylik o‘qituvchi Abduvali Narziyev.
Kun.uz holat bo‘yicha “Credit House” rahbari Klara Tolipovadan izoh oldi. Uning ta’kidlashicha, muammoning kelib chiqishiga firma ikkilamchi bozorga vaqtli o‘tgani sabab bo‘lgan.
“O‘zi muammoning kelib chiqishiga biz ikkilamchi bozorga sal vaqtli o‘tib qo‘yganimiz sabab bo‘ldi. Adashmasam, noyabr oylarida bu bozor uchun shartnoma qilib boshladik. Shu paytgacha 100 ta oldi-sotdi shartnoma qilgan bo‘lsak, shundan 40 tasi uyida o‘tiribdi, ya’ni mijozlarga pul 100 foiz to‘lab berilgan.
Bank kredit ajratishi kerak edi. Lekin qaysidir sabablarga ko‘ra u kechikdi, sababi menga noma’lum. Hozir bu muammoni hal etish uchun 2 haftadan beri hisob-kitob qilib boryapmiz.
30 yanvar kuni bu muammo borligini bildik. Aholi ko‘tarilganidan keyin bizni “ROVD”ga olib ketishdi. Bir sutka u yerda gumonlanuvchi sifatida o‘tirdik, hujjatlar va balanslarimiz tekshirishdi. O‘zim ham hisobimizni qarab ko‘rdim, undan pul yechilmagan, firibgarlik qilinmagan. Bank kredit ajratmagani, ikkilamchi bozorga vaqtliroq o‘tganimiz uchun shu muammolar kelib chiqqan”, deydi MChJ rahbari.
Klara Tolipova quruvchi firmalarga pul o‘tkazilmagani sabablariga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, bunday e’tirozlar to‘g‘ri, shunday holatlar bo‘lgan. Ammo pul o‘tkazilmaganiga obekt bilan bog‘liq sabablar bor.
Tolipova firmaning moliyaviy holati haqida ham ta’kidlab o‘tdi:
“Biz hisob-kitoblarni olib borganimizda, kelajakda “Credit House”ga kirishi kutilayotgan mablag‘lar miqdori 20 mln dollar sifatida belgilandi. Bizga har oyda oylik to‘lovlarning o‘zidan 3-4 mlrd so‘m tushadi. Ushbu puldan 1 mlrd so‘miga “Credit House”ning kreditini yopadigan bo‘lsam, qolgan 2 mlrd so‘mni ofis ijarasi, soliqlar va quruvchi firmalarga o‘tkazish imkoniyatimiz bor”, deydi u.
“In Fin Stroy Invest” MChJ rahbari G‘ayrat Mirkamolov esa vaziyat bo‘yicha aniq bir gap ayta olmadi.
Ochiq manbalarga ko‘ra maishiy tovarlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Credit House” MChJ 2018 yil dekabr oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Uning 50 foiz ulushiga “In Fin Stroy Invest” MChJ egalik qiladi.
“In Fin Stroy Invest” MChJ 2020 yil sentabr oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Uning 100 foizlik ulushi “Invest Consult System” MChJga tegishli.
“Invest Consult System” MChJ esa 2017 yil oktyabr oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Uning yagona ta’sischisi va rahbari Robiya Galyamova hisoblanadi.
Sxema qanday ishlagan?
Kun.uz o‘rgangan hujjatlardan ko‘rinishicha, fuqaro Shoira Rahimova “World Baraka Business” qurilish firmasidan 2 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan 90 ga yaqin xonadon uchun investitsiya (ulush kiritish asosida uy-joy qurish) shartnomasi tuzgan. Jismoniy shaxs, ya’ni Shoira Rahimova nomiga tuzilgan shartnomalar “In Fin Stroy Invest” MChJ nomidan fuqarolarga ma’lum bir ustama qo‘ygan holda 10 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan.
Xaridorlar boshlang‘ich badalni hamda oylik to‘lovni “In Fin Stroy Invest” MChJga to‘lab kelishgan. Biroq MChJ qurilish firmasiga to‘lovni amalga oshirmagan.
Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Credit House” hamda “In Fin Stroy Invest” MChJlarning muammosi faqatgina “World Baraka Business” qurilish firmasi bilan bog‘liq emas: muammo ancha kattaroq va jabrlanganlar soni ko‘proq. Gap milliardlar haqida bormoqda. Agar “Credit House” mansabdorlari xaridorlar pulini o‘zlashtirgani tasdiqlansa, bu O‘zbekiston tarixida nafaqat uy-joy bilan bog‘liq eng yirik firibgarlik, balki moliyaviy piramida holatlaridan biriga aylanishi mumkin.
Kun.uz mavzuni kuzatishda davom etadi.
Mavzuga oid

21:10 / 08.03.2025
Yangiyo‘lda ko‘prikning bir qismi o‘pirildi

09:21 / 08.03.2025
Tez yordam xodimlari uy yo‘lagida tashlab ketgan fuqaroning holati haqida ma’lumot berildi

16:24 / 07.03.2025
“Vahimaga tushmang” - Kadastr agentligi yerlar xitoyliklarga sotilayotgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi

09:32 / 07.03.2025