Jahon | 19:18 / 17.02.2025
6731
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda ishtirok etmayapti va ularni tan olmaydi

18 fevral kuni Ar-Riyodda AQSh va Rossiya vakillarining uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan. Qo‘shma Shtatlar tomonidan unda davlat kotibi, Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili ishtirok etadi.

Foto: REUTERS

Ukraina hukumati Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan muzokaralar haqida hech narsa bilmaydi, unda ishtirok etmaydi va uni tan olish niyatida ham emas. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy RF va AQSh vakillari Ar-Riyodda uchrashishi to‘g‘risidagi xabarlarga shunday izoh berdi.

«Ukraina ishtirok etmaydi. Ukraina bu haqida hech narsa bilmagan. Ukraina o‘zining ishtirokisiz o‘tkaziladigan har qanday muzokaralarni natijasiz deb hisoblaydi. Va biz, bizning ishtirokimizsiz Ukraina borasida erishilgan har qanday narsalar yoki shartnomalarni tan ololmaymiz. Biz bunday kelishuvlarni tan olmaymiz», — deydi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, bo‘lajak muzokaralar «ikki tomonlama ahamiyatga» ega, Moskva va Vashington «agar ularda ikki tomonlama masalalar bo‘lsagina bunga haqli».

Ayni vaqtda Zelenskiy rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turibdi. 18 fevral kuni Ukraina prezidenti Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, uning Ar-Riyodga safari «Saudiya Arabistonida Qo‘shma Shtatlar va Rossiya vakillari darajasida sodir bo‘layotgan voqealarga umuman aloqador emas».

18 fevral kuni Ar-Riyoddan AQSh va Rossiya vakillarining uchrashuvi rejalashtirilgan. Vashington tomonidan unda davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etadi. Moskva esa uchrashuvga TIV rahbari Sergey Lavrov hamda RF prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovni yuborgan.

Rossiya—Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha Saudiya Arabistonida muzokaralar o‘tkazilishini avvalroq Donald Tramp e’lon qilgandi. U muzokaralarda Rossiya, AQSh va Ukraina vakillari qatnashishini aytgandi. NBC News manbalariga ko‘ra, AQSh avvaliga Rossiya va Ukraina vakillari bilan alohida muzokara o‘tkazishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, telekanal manbasining ta’kidlashicha, Ukraina vakillari muzokaralarga hozircha taklif qilinmagan.

Mavzuga oid