Ukraina tabiiy resurslardan foydalanish borasida AQSh bilan bahslashmoqda
Kiyevdagilar Trampning talablari ko‘lamidan «hayratda» va buni mustamlakachilikka qiyoslamoqda.

Pierre Crom / Getty Images
Myunxen konferensiyasi yakunlariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy Donald Tramp ma’muriyati tomonidan ilgari surilgan AQShning harbiy yordam evaziga Ukraina tabiiy resurslaridan foydalanish talabiga baribir rozi bo‘lmadi.
Ukraina prezidenti jurnalistlarga AQShning taklifini rad etgani, chunki «hali tayyor emasligi»ni aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olmaydi, bu esa Kiyevga Vashington bilan har qanday kelishuvda eng zaruridir.
The Washington Post nashri bir necha manbalarga tayanib yozishicha, Ukraina rasmiylari Vashingtonga tabiiy resurslardan sezilarli darajada foydalanish imkoniyatini beradigan, shu bilan birga AQSh tomonidan xavfsizlik kafolatlarini ham kuchaytiradigan ikkinchi taklifni ishlab chiqmoqda.
Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning barcha foydali qazilmalari zaxiralarining yarmini olishi to‘g‘risidagi kelishuv loyihasi 12 fevral kuni, Kiyevda AQSh moliya vaziri Skott Bessent bilan uchrashishdan atigi to‘rt soat oldin Volodimir Zelenskiyga topshirilgan. O‘shanda Tramp ma’muriyati vakili Ukraina prezidenti shartnomani darhol imzolashini talab qilgan — Zelenskiy muloyimlik bilan rad etgan, deb yozadi The Washington Post.
Hujjat muhokamasi Myunxenda Zelenskiyning AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio bilan muzokaralarida davom etdi. Yakunda Ukraina delegatsiyasi Tramp ma’muriyatiga bitimning taklif qilingan variantini qonuniy ravishda imzolay olmasligi, biroq muqobil variantlar haqida o‘ylab ko‘rishda davom etayotganini bildirgan.
Ukrainaning yuqori martabali mulozimi anonimlik sharti bilan jurnalistlarga Kiyev Tramp ma’muriyatining talablari ko‘lamidan hayratda qolganini aytdi. U vaziyatni XVIII asrda yevropaliklar tomonidan Afrika mustamlakalarining bo‘linishi bilan taqqosladi. The Washington Post suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, bu Ukraina resurslarini o‘zlashtirish huquqini o‘nlab yillar davomida investorlar ularni chindan ham o‘zlashtirishiga kafolatsiz berilishiga olib kelishi mumkin.
Fevral oyi boshida Tramp Ukrainadan 500 milliard dollarga teng qiymatdagi nodir metallarni olmoqchi ekanini aytgandi. Bu 17 ta muayyan kimyoviy elementni o‘z ichiga oladi. Biroq, nashrning boshqa bir kiyevlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, aslida AQSh kamyob metallar va litiy, grafit va uran kabi muhim qazilma boyliklarni o‘z ichiga olgan kengroq resurslarni nazorat qilishni talab qilmoqda. Ukrainaning ichki hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatdagi noyob metallarning umumiy qiymati besh trillion dollarga yetishi mumkin. Tramp nazorat qilmoqchi bo‘lgan Ukraina resurslarining aniq ro‘yxati noma’lum.
Yuqori martabali mulozim The Washington Post bilan suhbatda hazillashib, Ukraina rahbariyati AQSh qo‘llovini saqlab qolish uchun amalda barcha ishga, jumladan «ukrain tuxumlarini yoppasiga yetkazib berishga ham» tayyorligini aytgan. U mamlakatda tuxum keragidan ortiqcha ekani, Kiyevdagilar esa AQShda tuxum narxi to‘xtovsiz ko‘tarilayotganidan xabardor ekanini qo‘shimcha qilgan.
Biroq, tahlilchilar ta’kidlashicha, Trampning Ukraina foydali qazilmalarining yarmini nazorat qilish talabi Kiyevning AQShdan olgan harbiy yordami darajasiga mos kelmaydi. Kil instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2014 yildan beri Kiyev Vashingtondan taxminan 69 milliard dollar miqdoridagi harbiy yordam olgan, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin esa mos ravishda yana 66 va 50 milliard dollarlik harbiy va harbiy bo‘lmagan yordamlar qabul qilingan.
Rossiya-Ukraina urushini hal qilish jarayonida Amerikaning yangi ma’muriyati Yevropani chetga surib qo‘ydi. Donald Tramp Rossiya va Ukraina prezidentlari bilan muloqot qilishini aytdi, Yevropa Ittifoqi muzokaralar stoliga taklif qilinmadi. Jyey Di Vens esa Myunxendagi nutqida zamonaviy Yevropa siyosatini keskin tanqid qildi.
Zelenskiy bunga javoban Yevropa Ittifoqisiz yechim ko‘rmayotganini aytdi. Bundan tashqari, u Ukraina tabiiy resurslarini o‘zlashtirishda Yevropa investitsiyalari ham bo‘lishini istashini qayd etdi.
Reuters agentligi yozishicha, AQSh baribir Yevropa ittifoqchilariga Ukrainaga taqdim etishga tayyor bo‘lgan ehtimoliy xavfsizlik choralari, tinchlikparvar kuchlar va qurol-yarog‘larga oid savollar ko‘rsatilgan hujjat yuborgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni Yevropa yetakchilari AQShga javoban muvofiqlashtirilgan pozitsiyani ishlab chiqish uchun Parijda favqulodda sammitga yig‘ilishlari mumkin.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Amerikaning Ukraina tabiiy resurslarini birgalikda o‘zlashtirish tashabbusiga izoh berarkan, Kiyev o‘zini Vashingtonning xizmatkoridek tutayotganini aytgan. «Gap „xo‘jayin — xizmatkor“ munosabati haqida ketmoqda, hatto vassal emas, aynan xizmatkor», — degan Kreml vakili.
Mavzuga oid

00:19
Zelenskiy Oval kabinetdagi tortishuv uchun Trampdan kechirim so‘radi - AQSh prezidentining maxsus vakili

23:00 / 10.03.2025
FXX ukrainaliklarning Rossiya kirishini 50 yilgacha taqiqlashni boshladi

22:00 / 10.03.2025
Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

20:32 / 10.03.2025