O‘zbekiston | 20:56 / 17.02.2025
1515
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev Kuvayt tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar qator masalalarga, jumladan, mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratdi.

Shavkat Mirziyoyev Al-Kuvayt shahrida Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha oliy darajada qaror qilingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni tashkil etish va Samarqand shahrida o‘tadigan «Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» sammitiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

«Tashrif doirasida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan yangi hamkorlik dasturi imzolangani yuqori baholandi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, uchrashuvda oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat kooperatsiyasi, infratuzilma, turizm va boshqa yo‘nalishlarda loyihalarni ilgari surish hamda mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Kuvaytga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki mamlakat yetakchilari qo‘shma bayonot qabul qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Kuvaytda madaniyat va turizm haftaliklarini o‘tkazish, ikki mamlakat vakillarining san’at, musiqa, kino, ta’lim va sport sohalaridagi madaniy-gumanitar tadbirlarda faol ishtirok etishiga ko‘maklashishga kelishilgan.

Mavzuga oid