Jahon | 13:06 / 17.02.2025
2367
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kanslerligiga nomzodlar «to‘rt kishilik teleduel» o‘tkazdi

Germaniya tarixida birinchi marta Bundestag saylovlari oldidan kanslerlikka to‘rt nafar nomzod teledebatlarda qatnashdi. Ular o‘ng populizm, AQSh, Rossiya, Ukraina, iqtisodiyot va migratsiya haqida gapirdi.

Foto: Kay Nietfeld/dpa-Pool/picture alliance

Berlinda Bundestagga navbatdan tashqari saylovlarda kanslerlikka to‘rt nomzod o‘rtasida teledebatlar bo‘lib o‘tdi. Muhokama 16 fevral, yakshanba kuni ovoz berishdan bir hafta oldin bo‘lib o‘tdi. Uni RTL va n-tv telekanallari efirga uzatdi.

Germaniya tarixidagi birinchi Quadrell 

Germaniya tarixida ilk bor teledebatlarda kanslerlikka to‘rt nafar nomzod ishtirok etdi. Bahs ikki soat davom etdi va «to‘rtlik dueli» deb tarjima qilinishi mumkin bo‘lgan das Quadrell deya ataldi.

Unda Germaniya sotsial-demokratik partiyasidan (GSDP) amaldagi kansler Olaf Shols, Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI)dan Fridrix Mers, «Germaniya uchun muqobil» (GuM) o‘ta o‘ng partiyasidan Alis Vaydel hamda amaldagi vitse-kansler, iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vaziri Robert Habek «Ittifoq-90»/«yashillar»dan qatnashdi. Bahsni teleboshlovchilar Pinar Atalay va Gyunter Yaux olib bordi.

GuM diqqat markazida

Teledebatda Vaydel o‘zining asosiy raqobatchilari bilan birinchi marta shaxsan uchrashdi. U ularni «mamlakatdagi barcha muammolar»da aybladi. Shols Germaniyadagi «an’ana» haqida gapirdi: «Biz milliy sotsializm tajribasidan o‘rgandik: o‘ta o‘nglar bilan hamkorlik qilmaslik». U 29 yanvar kuni Bundestagdagi ovoz berish natijasini yana bir bor tanqid qildi, o‘shanda GuM XDI/XSI rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi.

Vaydel GuMni milliy sotsialistlar bilan solishtirishni «mojaroli» va «millionlab saylovchilarni haqorat qilish» deb atadi. Mers XDI/XSI GuM bilan hamkorlik qilmasligiga va’da berib, uni «o‘ng radikal partiya, asosan o‘ng ekstremistik» deb atadi.

Habek Jyey Di Vensning Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi nutqida GuMni qo‘llab-quvvatlaganiga ishora qilib, «shubhali vitse-prezidentlarning saylov tavsiyalari» haqida gapirdi. Mers, shuningdek, AQSh vitse-prezidentini GuM boykotini to‘xtatishga chaqirgani uchun tanqid qildi.

Mavzuga oid