Sport | 13:39 / 16.02.2025
20720
7 daqiqa o‘qiladi

Pepdan maqtov, Holandni ortda qoldirdi va g‘alabali seriya – Husanov «Siti»dagi ilk 90 daqiqani qanday o‘tkazdi?

Abduqodir Husanov APL 25-turida «Manchester Siti» tarkibida ilk bor to‘liq o‘yin davomida harakat qilib, yoqimli seriyasini davom ettirdi – Gvardiola o‘zbek himoyachisini maydonga tushirgan o‘yinlarda g‘alaba qozonmoqda. Pep «Nyukasl» ustidan yirik g‘alabadan keyin Abduqodirni e’tirof etdi. Oldinda esa ikkita muhim to‘qnashuvlar – Madridda «Real»ga qarshi javob o‘yini va «Liverpul» bilan o‘yin kutib turibdi.

Akanjining o‘rni to‘ldirildi

«Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiola Chempionlar ligasi pley-off o‘tish bahsi doirasidagi dastlabki uchrashuvda «Real»ga qarshi omadsizlikka uchragach, «Nyukasl» bilan bahsda aynan himoyada rotatsiyaga qo‘l urishi kutilgandi. Shunday ham bo‘ldi – Diash va Ake himoya tandemi o‘rniga Husanov – Stounz juftligi tanlandi. Pep uzoq muddatga safdan chiqqan Manuel Akanji o‘rniga Abduqodirga ishonch bildirgach, 20 yoshli himoyachi APLning eng jangovar jamoalaridan biri sanalmish «Nyukasl»ga qarshi munosib o‘yin ko‘rsata oldi. Omar Marmushning het-triki evaziga erishilgan yirik g‘alabada «Siti» himoya qo‘rg‘onining APL to‘purarlaridan biri Aleksandr Isakni to‘xtatib qolish uddasidan chiqqani ham e’tirofga loyiq. Har holda «Siti» himoyasi Husanov maydonda bo‘lmagan so‘nggi 3ta o‘yinda (Arsenal – 1:5, Leyton – 2:1, Real – 2:3) jami 9ta gol o‘tkazib yuborgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Isakning «Liverpul» bilan o‘yinda (3:3) gol urgani va Van Deykka qarshi to‘qnashuvda 8,1 ball, «Arsenal»ga qarshi o‘yinda (0:2) ham o‘z hisobiga gol yozib, Saliba bilan to‘qnashuvda 8,7 bahoga munosib ko‘rilib, Husanovga qarshi o‘yinda esa ancha past – 6,2 bahoga loyiq ko‘rilgani turli memlarga sabab bo‘lmoqda.

Yana bir e’tiborli statistika – Abduqodir «Nyukasl»ga qarshi bahsda maydondagi o‘yinchilar orasida eng ko‘p oldinga uzatma bergan o‘yinchiga aylangan.

Husanov – «Siti»ning g‘alaba sari ilk qadami

Ha, o‘zbekistonlik 20 yoshli himoyachi sekin-asta «Manchester Siti»ning g‘alaba tumoriga aylanmoqda. Buni statistika ham aytib turibdi – Pep Gvardiola Abduqodirni maydonga tushirgan so‘nggi uchta o‘yinda «Siti» jami 9ta gol urgan va 2ta to‘p o‘tkazib yuborgan. «Chelsi» 3:1 hisobida mag‘lub etilgan debyut o‘yinda hamyurtimiz londonliklarning goliga sabab bo‘lgandi. O‘shandan keyin u kubokda «Leyton Oriyens»ga qarshi yangi jamoasidagi ilk goliga mualliflik qilgan bo‘lsa, shanba kuni «Nyukasl» yirik hisobda mag‘lub etildi. Husanov maydonga tushirilmagan «Arsenal» va «Real»ga qarshi o‘yinda esa aksincha, jamoa mag‘lub bo‘lib, o‘z darvozasidan jami 8ta gol o‘tkazib yubordi. Shunday ekan, Husanovning tarkibda bo‘lishi – «shaharliklar»ning g‘alaba tomon ilk qadamiga aylanmoqda.

Foto: Getty images

Husanov Holand, Foden va Gundo‘g‘anni ortda qoldirdi

O‘zbekistonlik 20 yoshli himoyachining «Nyukasl»ga qarshi 90 daqiqa davomidagi harakatlarini ingliz OAVlari ham e’tirof etgan.

Xususan, Britaniyaning eng nufuzli telekanallaridan biri sanalmish BBC jurnalistlari Abduqodir Husanovning to‘liq o‘tkazgan ilk o‘yinini 7,44 ballga baholagan.

Taqqoslashingiz uchun, milliy jamoaga a’zo himoyachi ushbu o‘yinda Fil Foden (7,38 ball), Ilkay Gundo‘g‘an (7,30), Erling Holand (7,21) singari yulduzlarni bu borada ortda qoldirishga erishdi.

«Man Siti» o‘yinchilarga «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda qo‘yilgan ballar (BBC talqini):

Gvardioladan maqtov

«Manchester Siti» ustozi «Nyukasl» bilan o‘yindan keyin o‘zbekistonlik himoyachini e’tirof etdi.

«Bugungi uchrashuvning sur’ati va harakatlarimizdan mamnunman. Niko Gonsales va Abduqodir Husanov ajoyib darajada o‘yin ko‘rsatishdi. Oldinda «Real»ga qarshi biz uchun muhim bo‘lgan javob bahsi bor. Muxlislarimiz uyiga xursand qaytishi uchun barcha ishni qilishimiz kerak.

Yangi o‘yinchilarning bizga nafi tegadigan jihatlari ko‘p. Husanovda tezlik va shijoat mujassam. Aynan shuning uchun uni sotib olganmiz. U juda tez, yosh va o‘ziga nisbatan ishonchi yuqori. Dadil va agressiv o‘yini bilan ajralib turadi. Yakkakurashlardan qo‘rqmaydi, yutqazgan taqdirda ham darhol yordamga qaytadi. U juda yaxshi moslashmoqda», - deydi ispaniyalik murabbiy Husanovni maqtab.

Foto: Getty images

Navbat – «Real» va «Liverpul»ga qarshi o‘yinlarga

«Manchester Siti»ni keyingi bahsda mavsumdagi eng muhim o‘yini kutib turibdi. Pep Gvardiola Premer-liga chempionligini o‘zida saqlab qolishdan deyarli umid uzgandir, ammo Chempionlar ligasidagi yurishdan hamon umidvor. Madridda «Real»ga qarshi o‘tadigan pley-off o‘tish javob uchrashuvida «Siti» bor kuch va imkoniyatini ishga solishi aniq. Chunki birinchi bahsdan keyin jamoaning bu o‘yinda yo‘qotadigan narsasi qolmagan va Pep shogirdlarini faqat g‘alaba uchun ruhlantiradi. Chorshanba oqshomidagi «jang»dan keyin yakshanba kuni «Siti»ni peshqadam «Liverpul» bilan o‘yin kutadi. «Shaharliklar» uchun mavsumning burilish nuqtasiga aylanishi mumkin bo‘lgan yangi haftadagi final oldi finallarda Husanov maydonga tushishga munosib ekanini ko‘rsatdi. Shunday ekan, Abduqodirni 3 kundan keyin «Santyago Bernabeu»da maydonga chiqishini kutishga haqlimiz. 

Mavzuga oid