Jahon | 18:26 / 15.02.2025
5927
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh foydali qazilmalar kelishuvida Ukrainaga qo‘shin jo‘natishni ham taklif qildi – OAV

Qo‘shin foydali qazilmalarni qazib olish jarayoni xavfsizligini ta’minlashi nazarda tutilgan.

Foto: Maxym Marusenko / NurPhoto via Getty Images

AQSh Ukrainaga taklif qilgan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv qazib olish jarayoni xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shin yuborish imkoniyatini ham o‘z ichiga oladi. Bu haqda NBC News hukumatdagi to‘rtta manbaga tayanib xabar berdi.

Telekanal suhbatdoshlari kelishuvning amerikacha variantida Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi noyob yer metallari zaxiralarining yarmini olishi ko‘zda tutilgani haqidagi ma’lumotni ham tasdiqladi.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent 12 fevral kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida kelishuv loyihasini Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga topshirgan.

14 fevral kuni Zelenskiy kelishuvni imzolashdan «muloyimlik bilan bosh tortganini» xabar qildi. Reuters manbasiga ko‘ra, Ukraina kelishuvning o‘z versiyasini tayyorlab, Amerika tomoniga taqdim etgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Amerikaning Kiyevga ko‘rsatgan yordami evaziga Ukrainadan 500 milliard dollarlik noyob tuproq metallarini olmoqchi ekanini bir necha bor aytgan edi. Shu bilan birga, Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik bitimi muvaffaqiyatli tuzilishi mumkinligidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning tabiiy resurslariga kirish huquqiga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Zelenskiy, o‘z navbatida, Ukraina ko‘rsatilgan yordam evaziga G‘arb hamkorlari bilan birgalikda foydali qazilmalarni qazib olishga qarshi emasligini aytdi.

14 fevral kuni WSJ AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vens intervyusini e’lon qildi. Unda Vens agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik shartnomasiga rozi bo‘lmasa, Ukrainaga Amerika qo‘shinlarini yuborishni istisno etmadi. Biroq, intervyu e’lon qilinganidan so‘ng, Vens o‘z so‘zlari buzib talqin etilganini aytdi. «Amerika kuchlariga hech qachon Amerika manfaatlari va xavfsizligini ta’minlamaydigan joyda zarar yetkazilmasligi kerak. Bu urush Rossiya va Ukraina o‘rtasida», dedi u.

Mavzuga oid