Fan-texnika | 00:23 / 15.02.2025
3609
2 daqiqa o‘qiladi

Apple va Google TikTokʼni o‘zlarining ilovalar do‘koniga qaytardi

Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli ijtimoiy tarmoq 4 aprelga qadar o‘z tuzilmasini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Donald Tramp AQSh TikTokʼning 50 foiziga egalik qilishi kerakligini aytgandi.

Foto: AP

Xitoyning TikTok ijtimoiy tarmog‘i App Store va Google Play ilovalar do‘konlarida yana paydo bo‘ldi, deb yozadi Associated Press.

TikTok 19 yanvarga o‘tar kechasi AQShdagi faoliyatini to‘xtatgandi, u App Store va Google Play’dagi ilovalar do‘konidan ham o‘chirib tashlangan. Shu bilan birga, Xitoyning ByteDance kompaniyasiga aloqador CapCut videotahrirchisi va Marvel Snap o‘yini ham yo‘qolib qolgan. Ilovaga kirishga uringan amerikaliklar «Kechirasiz, TikTokʼka hozirda kirib bo‘lmaydi» yozuviga duch kelayotgan edi.

AQShning yangi prezidenti Donald Tramp inauguratsiyadan keyingi birinchi kundayoq ushbu taqiqni kechiktirishga oid hujjatni imzoladi.

Qo‘shma Shtatlar hukumati 4 aprelga qadar TikTokʼka o‘z tuzilmasida platformaning mamlakatda faoliyat yuritishini davom ettirishiga imkon beruvchi o‘zgartirishlarni amalga oshirish muhlatini berdi. Tramp AQSh kompaniyaning 50 foiziga egalik qilishi kerakligini aytgandi.

Amerika OAV 13 fevral kuni AQSh bosh prokurori Pem Bondiga yo‘llagan maktub to‘g‘risida xabar berdi — unda mamlakat Adliya vazirligi TikTokʼka qarshi taqiqni kuchga kiritmasligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Bloomberg Xitoy hukumati TikTok ijtimoiy tarmog‘ining AQShdagi boshqaruvini biznesmen Ilon Maskka berish niyatida ekani haqida yozgandi. Ammo TikTokʼning o‘zi buni rad etgan. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, Bayden administratsiyasi ijtimoiy tarmoqni blokirovka qilish qarorini Trampning bo‘lajak administratsiyasiga qoldiradi.

Mavzuga oid