Jahon | 17:28 / 14.02.2025
5753
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning 14 shtati Tramp va Ilon Maskni sudga berdi

Da’vogarlarning ta’kidlashicha, Maskning DOGE direktori etib tayinlanishi «Konstitutsiyaga zid».

Foto: AFP

AQSh 14 shtati milliarder Ilon Mask va prezident Donald Trampni sudga berdi. Da’vogarlar Maskning Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) direktori lavozimiga tayinlanishini «Konstitutsiyaga zid» deb hisoblamoqda.

Ilon Maskning hukumat institutlariga ta’siri Qo‘shma Shtatlarda munozaralar mavzusi bo‘lib qolmoqda.

Amerikaning The Hill nashri xabariga ko‘ra, Nyu-Meksiko, Arizona, Michigan, Kaliforniya, Konnektikut, Havayi, Merilend, Massachusets, Minnesota, Nevada, Oregon, Rod-Aylend, Vermont va Vashington shtatlari Tramp, Mask va DOGE ustidan sudga murojaat qilgan.

Murojaatda Maskning DOGE direktori etib tayinlanishi «Konstitutsiyaga zid» ekani aytiladi va unga berilgan vakolatlar «cheksiz va nazoratsiz hokimiyat» deb ataladi.

«Prezident Tramp millat uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidni yetarlicha baholamayapti. Tramp janob Maskka Kongressning tegishli ruxsatisiz yoki uning faoliyati ustidan oqilona nazoratsiz deyarli cheksiz vakolat bergan», deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, Mask so‘nggi paytlarda Trampga qarshi sudga berilgan da’volar haqidagi fikrini aytdi.

«Qayerda sudya prezidentning har qanday harakatini xotirjamlik bilan to‘xtata olsa, demak, biz demokratik davlatda yashamayapmiz», dedi milliarder.

DOGE tashkiloti AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan «federal mablag‘lar isrof qilinishining oldini olish» maqsadida tashkil etilgan.

Mavzuga oid