O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
HAMAS: Isroil kelishuv shartlarini bajarishi shart
HAMAS Isroil tomonidan G‘azo sektorida saqlanayotgan asirlarni ozod qilish faqat otashkesim shartlari bajarilganda amalga oshishini bildirdi. Harakat matbuot kotibi Hozim Qassam AQSh va Isroil tahdidlariga bo‘ysunmasliklarini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, HAMAS vositachi davlatlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda, lekin Isroil otashkesim va asirlar almashinuvi shartlarining ko‘pini bajarishni xohlamayapti.
HAMASning harbiy qanoti – «Izzaddin al-Qassam brigadalari» vakili Abu Ubayda 10 fevral kuni 15 fevraldagi asirlar almashinuvi Isroilning kelishuv shartlarini buzishi sababli to‘xtatilganini e’lon qildi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa: «Agar HAMAS asirlarimizni shanba kuni tushgacha ozod etmasa, otashkesim bekor qilinadi. Isroil G‘azoda HAMAS to‘liq yo‘q qilinguniga qadar harbiy harakatlarini davom ettiradi», – deb bayonot berdi.
Tramp va Putin til topishib olishdi
AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin uzoq va samarali telefon muloqoti o‘tkazdi. Trampning aytishicha, ular Ukrainadagi urushni tugatish va o‘zaro tashriflar tashkil qilish borasida kelishib olgan.
Tramp suhbat davomida Ukraina, Yaqin Sharq, energetika, sun’iy intellekt va dollarning global roli kabi keng masalalar muhokama qilinganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Ikkinchi jahon urushida AQSh va Rossiya birgalikda jang qilgani va Rossiya millionlab odamlar yo‘qotgani esga olingan.
Tramp AQSh tashqi ishlar vaziri Marko Rubio, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Ratkliff, Milliy xavfsizlik maslahatchisi Maykl Uolts va maxsus elchi Stiv Uitkoff rahbarligida muzokaralar boshlanishini ma’lum qildi. Tramp Zelenskiyni ham bu muloqot haqida xabardor qilajagini ta’kidladi.
Kreml ham Putin va Tramp o‘rtasidagi bir yarim soatlik telefon muloqoti o‘tkazilganini tasdiqladi. Dmitriy Peskov Rossiya prezidenti Trampni Moskvaga taklif qilganini va Amerika vakillarini muzokaralarga chorlaganini ma’lum qildi.
Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff esa Ukraina mojarosini tugatish yo‘llari ustida ishlayotganini va uning roli so‘nggi missiyalaridan ancha kengayganini ta’kidladi.
Putin bilan gaplashgan Tramp keyin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham bir soat telefonda gaplashgan. «Zelenskiy ham Putin singari urush tezroq yakunlanishini istaydi», — degan Tramp.
Zelenskiy: Yevropa Putin armiyasi oldida ojiz
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy The Economist nashriga bergan intervyusida Yevropa davlatlarining Rossiya hujumiga qarshi yetarli kuchga ega emasligini ta’kidladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya 220 ta jangovar brigadaga ega, Ukrainada 110 ta, Yevropa esa 80 ta brigadaga ega.
Zelenskiyga ko‘ra, hujum qiluvchi tomon dushmanni yengish uchun uch barobar ko‘proq qo‘shinga ehtiyoj sezadi. Bu asosda, Ukrainani bosib olish uchun Putinga 330 ta brigada kerak bo‘ladi, 220 ta emas.
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ehtimoliy tinchlik haqida fikr bildirgan Zelenskiy, AQShning yangi ma’muriyati Kreml bilan aloqada ekanini, ammo Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘layotganiga shubha borligini aytdi.
«Ukraina ishtirokisiz qabul qilinadigan qarorlar barcha uchun xavfli bo‘ladi», dedi u.
Biroq NATO bosh kotibi Mark Ryutte agar Rossiya hozir NATO a’zolaridan biriga hujum qilsa, u muqarrar mag‘lubiyatga uchrashi va oqibatlar Rossiya uchun halokatli bo‘lishini ta’kidladi.
«Agar Putin NATO a’zolariga hujum qilsa u mag‘lub bo‘ladi. Shuning uchun urinib o‘tirmasin va u buni biladi ham. Bizning tiyib turish kuchlarimiz va mudofaa salohiyatimiz juda kuchli», — dedi Ryutte.
Kreml: Rossiya hudud almashmaydi
Rossiya hech qachon o‘z hududlarini almashtirish masalasini muhokama qilmagan va bu borada muzokara olib bormaydi, dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov. U Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning hududlar almashtirish bo‘yicha bayonotiga javoban bu variantni qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Zelenskiy The Guardian nashriga bergan intervyusida Ukraina va Rossiya hudud almashish masalasini muhokama qilishi mumkinligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Kursk oblastining ukrain kuchlari tomonidan nazorat qilinayotgan hududdan voz kechib, Rossiyadan muayyan hududni qaytarishni taklif qilishi mumkin.
«Biz bir hududni ikkinchisiga almashtiramiz. Qaysi hududni so‘rashimizni hali aniq bilmayman, lekin barcha hududlar biz uchun muhim», – degan Zelenskiy.
Peskov bu bayonotga javoban, ukrain kuchlari Rossiya hududidan siqib chiqarilishi yoki yo‘q qilinishini ma’lum qildi.
Ilon Mask NATOni qayta tashkil etishga chaqirdi
Donald Trampga maslahatchilik qilayotgan milliarder Ilon Mask NATOni to‘liq qayta tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
U o‘ziga tegishli X ijtimoiy tarmog‘ida: «NATO to‘liq qayta tashkil etilishga muhtoj», — deb yozdi.
Mask avval ham NATOni tanqid qilib, uning zamonasi o‘tganini aytgan. 2024 yil mart oyida u investor Devid Saksning NATO tugatilishi kerakligi haqidagi fikrini qo‘llab-quvvatlagan.
Maskning bu bayonoti tanqidlarga uchragan bo‘lib, Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs unga javoban: «NATOni tashkil etishga juz’iy sabab bo‘lgan va bu sabab hali-hamon mavjud — Rossiya va erkin dunyoning boshqa dushmanlari», — deb yozgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabrida prezident Donald Tramp Ilon Maskni Hukumat samaradorligi departamenti rahbari etib tayinlagan. Trampning ta’kidlashicha, departament har yili $6,5 milliardlik davlat xarajatlaridagi isrofgarchilik va firibgarlikni tugatish uchun tuzilgan.
AQSh Ukrainani aro yo‘lda tashlab ketadimi?
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Ukraina-Rossiya urushi yakunlanishi kerakligini va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi real emasligini ma’lum qildi. U bu haqda «Ramshtayn» formatidagi Ukraina bo‘yicha Kontakt guruhi yig‘ilishida gapirdi.
Hegsetga ko‘ra, prezident Donald Tramp ma’muriyati Yevropa va Ukrainaning xavfsizligiga emas, AQSh chegaralari va Xitoyni tiyib turishga e’tibor qaratadi.
«AQSh Ukrainaga xavfsizlik kafolatini bermaydi, bu masala Yevropa va boshqa davlatlar zimmasiga tushadi», dedi u.
Hegset shuningdek, Amerika qo‘shinlari Ukraina hududiga joylashtirilmasligini va Ukraina 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralarga qaytish imkoni real emasligini ta’kidladi.
Bu bayonotdan avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa AQSh yordamisiz xavfsizlik kafolatlarini ta’minlay olmasligini aytgan edi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte esa Yevropa AQSh kabi Ukrainaga ko‘proq yordam berish kerakligini tan oldi, ammo urushda burilish qilish uchun yanada ko‘proq sa’y-harakat talab etilishini aytdi.
Hegset Trampning NATO a’zolari mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirish talabini qo‘llab-quvvatladi, chunki hozirgi 2 foizlik chegara yetmasligini ta’kidladi.
Putin ash-Shar’a bilan muloqot qildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari Ahmad ash-Shar’a bilan telefon muloqoti o‘tkazdi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Suriyada ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va humanitar yordam ko‘rsatishga tayyor.
Suhbat davomida Putin Suriyaning yagona davlat sifatida suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash muhimligi va yetakchi siyosiy kuchlar va etnik-diniy guruhlar ishtirokidagi ichki muloqotni kuchaytirish kerakligini ta’kidladi.
Bu muloqot Suriya hukumati yanvar oyida Rossiyaning «Stroytransgaz» kompaniyasi bilan Tartus portiga oid 49 yillik kelishuvni bekor qilganidan so‘ng sodir bo‘ldi. Damashq rasmiylari bu qarorni Rossiya tomoni majburiyatlarini bajarmagani bilan izohlagandi.