Haftasiga atigi bitta tuxum iste’moli yurak kasalliklaridan o‘lim xavfini pasaytiradi - tadqiqot

Jamiyat 15:02 1228

Tovuq tuxumini muntazam iste’mol qilish keksalar orasida yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim xavfini pasaytirishi mumkin, deyiladi yangi tadqiqotda.

Avstraliyaning Monash universiteti tadqiqotchilari 70 va undan katta yoshdagi 8700 dan ortiq odamni kuzatdi.

Haftasiga bittadan oltitagacha tuxum iste’mol qilganlar orasida har qanday sababga ko‘ra vafot etish xavfi, oyiga ikki marta yoki undan kamroq tuxum yeydigan kishilarga nisbatan 15 foiz pastroq ekani aniqlandi.

«Nutriens» jurnalida e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, ularda yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim xavfi ham 29 foizga pasaygan.

«Bu natijalar keksalar uchun ovqatlanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqishda foydali bo‘lishi mumkin», — dedi universitetining epidemiologiya va profilaktik tibbiyot o‘qituvchisi Xolli Uayld.

Tuxum iste’mol qilishning foydasi

Mutaxassis tuxum oqsil va asosiy oziq moddalarning manbai ekanini qo‘shimcha qildi. Bular jumlasiga B guruhi vitaminlari, folat, to‘yinmagan yog‘ kislotalari, yog‘da eriydigan vitaminlar (E, D, A va K), xolin hamda ko‘plab minerallar kiradi.

Ammo uzoq vaqt davomida olimlar tuxum iste’molini xolesterin darajasi yuqori bo‘lgan odamlar uchun xavfli deb hisoblashgan. Xolesterin qon tomirlarida trombga olib kelishi mumkin, bu esa o‘z navbatida yurak kasalliklari yoki insult xavfini oshiradi.

Shuning uchun jamoa yuqori xolesterin tashxisi qo‘yilgan odamlar orasida qo‘shimcha tadqiqot o‘tkazdi.

«Bunday tashxisga ega va har hafta tuxum iste’mol qiladigan ishtirokchilarda yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim xavfi, tuxumni kamdan kam yoki umuman iste’mol qilmaydigan ishtirokchilarga nisbatan 27 foiz past ekanini aniqladik. Bu esa ushbu guruhdagi odamlarga tuxum iste’moli xavf tug‘dirmasligini anglatadi», — dedi Uayld.

Ko‘proq yangiliklar: