Jahon | 10:55 / 11.02.2025
1541
3 daqiqa o‘qiladi

Tusk Polsha xavfsizligiga yirik sarmoyalar haqida e’lon qildi

Polsha bosh vaziri 155 milliard yevrolik rekord sarmoyalar haqida e’lon qildi, uning katta qismi xavfsizlikka yo‘naltiriladi.

Foto: Philipp von Ditfurth/dpa/picture alliance

Polsha bosh vaziri Donald Tusk umumiy qiymati 155 milliard yevro bo‘lgan rekord sarmoyalar haqida e’lon qildi, ularning katta qismi mamlakat xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltiriladi. Tusk 10 fevral, dushanba kuni Varshava fond birjasida tegishli bayonot bilan chiqdi.

Polsha Rossiya va Ukraina bilan chegaradosh yagona NATO a’zosidir, deb eslatdi AFP.

Microsoft va Google bilan muzokaralar

Tuskning aniqlik kiritishicha, u xorijiy investorlarni ham jalb qilmoqchi. U Amerikaning yirik texnologik kompaniyalari — Google, Amazon, IBM va Microsoft bilan «jiddiy» muzokaralar olib borayotganini aytdi. «Yaqin kunlarda men Polshadagi mehmonlarim sifatida Microsoft va Google rahbarlarini qabul qilaman va biz ularning sarmoyaviy rejalarini yakunlaymiz», — deya ta’kidladi u, batafsil ma’lumot bermasdan.

Maqsad Yevropa Ittifoqi bo‘yicha g‘arbiy hamkorlarni chetlab o‘tishdir, ular «yaqingacha bizga iqtisodiy nuqtayi nazardan biroz yuqoridan qarab kelgan», deya qo‘shimcha qildi Tusk.

Tusk Sholsni tanqid qildi va migratsiya qonunini kuchaytirishga tayyor

Germaniyada migratsiya masalalari bo‘yicha bahslar chog‘ida Polsha bosh vaziri Donald Tusk Germaniya va Polsha o‘rtasidagi chegara nazoratini tanqid qildi, deb xabar berdi AFP 7 fevral kuni kechqurun. Shu bilan birga, u jinoiy harakatlar sodir etganlikda ayblangan xorijliklar deportatsiya etilishi haqida e’lon qildi.

«Polshada bo‘lgan, mehmondo‘stligimizdan foydalanib, qonunni buzgan har bir kishi Polshadan deportatsiya qilinadi», dedi Tusk Gdanskda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen bilan qo‘shma chiqishida. Shuning uchun hukumat «uyushgan jinoyatchilik va xorijliklar tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik jinoyatlariga» javob berishda davom etadi», dedi bosh vazir. Fon der Lyayyenning tashrifiga Polshaning Yevropa Ittifoqi kengashiga raisligi boshlanishi sabab bo‘ldi. Yil boshida yig‘ilish YeK rahbarining betobligi sababli qoldirilgandi, deb xabar bermoqda AFP.

Mavzuga oid