Singapur harbiy-dengiz kuchlari MARSEC dasturi doirasida ishlab chiqilgan dronlardan foydalanishni boshladi, deb xabar bermoqda mamlakat hukumati.
Dastur Singapurning sohil hududida xavfsizlik holatini yaxshilashga hamda mamlakat Harbiy-dengiz kuchlarining inson resurslariga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirishga qaratilgan. Xuddi shunday vazifani bajaradigan Independence tipidagi kemalar allaqachon xizmatga chiqarilgan, ammo ularga 23 kishigacha ekipaj kerak bo‘ladi. MARSEC kemalari esa to‘liq avtonom tarzda harakatlanib, faqatgina dengiz aloqa yo‘llaridagi xavfsizlikni ta’minlash shtabidan turib nazorat qilinadi.
Dron korpuslari Tayvanning Lung Teh kemasozlik kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Yakuniy yig‘ish va barcha elektron tizimlar bilan jihozlash ishlari Singapurdagi ST Engineering Electronics kompaniyasida amalga oshirildi. Kema tizimlarini ishlab chiqish Singapur hukumatining Mudofaa fanlari va texnologiyalari agentligi hamda Mudofaa fanini tashkil etish milliy laboratoriyasi tomonidan olib borildi.
Kema to‘qnashuv sensori, lazer masofa o‘lchagichi va stereodatchiklar bilan jihozlangan bo‘lib, ulardan olingan ma’lumotlar sun’iy intellektga asoslangan tizim tomonidan qayta ishlanadi. Singapur harbiy xodimlarining ma’lum qilishicha, tizim simulyatorda 12 million virtual kilometr masofani bosib o‘tgan, so‘ngra haqiqiy dengiz trafigi sharoitida 1000 soat davomida dengizda sinovdan o‘tkazilgan.
Kemaning uzunligi 16,9 metr, kengligi 5,2 metr. Uning asosiy quroli esa 12,7 millimetr kalibrli pulemyot o‘rnatilgan minora bo‘lib, u masofadan boshqariladi. Kema tezligi 25 uzelga (46,3 km) yetadi, mustaqil suzish muddati esa 36 soatni tashkil etadi. Hozircha Singapur harbiy-dengiz kuchlari beshta MARSEC kemasidan foydalanishni rejalashtirmoqda.