O‘zbekiston | 15:38 / 10.02.2025
7253
9 daqiqa o‘qiladi

“Energetikadagi muammolar ekologik muammolarni ko‘paytiryapti” – mutaxassislar bilan suhbat

Har yili kuz-qish mavsumida havo ifloslanishining asosiy manbalari ko‘mir va mazutdan chiqayotgan zaharli tashlanmalar bo‘lib qolmoqda. Salkam 2 yil avval energetika sektorida boshlangan gaz bilan bog‘liq siyosat sabab ekologiya boy berilmoqda. Rasmiylar bunga kompleks yechimlar kerak deganiga ham yil to‘ldi. Biror ish qilinadimi? Kun.uz tobora jiddiylashib borayotgan mavzuda mustaqil ekspert hamda rasmiylar bilan suhbatlashdi.

Toshkent havosining sifati krizis nuqtaga yetib keldi hisob. 20 yilga yetib bormasligi prognoz qilinadigan poytaxtda atmosfera havosi endi yaxshilanadimi? Kun.uz ushbu muammo, uning sabablari va yechimi haqida ekspertlar bilan suhbatlashdi.

Suhbatda iqlimshunos Erkin Abdulahatov, Meva-sabzavotchilar milliy assotsiatsiyasi raisi Abdurahim Abduvaliyev, Ekologiya vazirligining tegishli departamenti boshlig‘i Farrux Sattorov hamda “Toshkent issiqlik markazi” MChJ direktori Begzod Buronboyev ishtirok etdi.

– Erkin aka, dastlab sizga yuzlansak. Mutaxassis sifatida Toshkent havosiga oid o‘z izlanishlaringizni olib borgansiz, bu haqda ko‘p gaplashdik. Suhbatning kirish qismi uchun shu o‘rganishlaringizni qisqacha tushuntirib berolasizmi, poytaxt havosi nima sabab ko‘p zaharlanmoqda?   

Erkin Abdulahatov: Albatta, shu masalada bir keys bilan boshlamoqchiman. Angliyadagi tumanli albion, ya’ni APL(Angliya premiyer ligasi)ni tumanli albion ham deyishadi. Bu – o‘sha XX asrdagi davrga xos bo‘lgan jumla. Qish oylarida ham qandaydir tumanning ichida futbol bo‘layotgani esimni tanibmanki juda kamdan kam holatda bo‘ladi. Lekin XX asr boshlarida bu juda ham ko‘p bo‘lgan. Buning sababi o‘sha paytda London kabi Angliyaning ko‘plab shaharlarida ko‘mir yoqilishi, umuman uglevodorodlar chiqishi natijasida tuman hodisalari ro‘y bergan. Ya’ni ko‘mirdan ajralgan mayda zarrachalar suv bug‘ining markazdagi kondensatsiya zarrachasiga aylanib qoladi. Va bu o‘z-o‘zidan tumanni chaqiradi. Bu tumanning fonida yana bir tabiatning fizik hodisasida muammo yuzaga keladi, ya’ni bu shamol. Mana shunday jarayonda shamol tezligi pasayib ketadi, shuning ortidan o‘tgan asrning 50 yili davomida Angliyada juda katta kurash boshlanadi, nima uchun, ko‘mir yoqilishi natijasida [yuzaga kelyapti deb]. Bu nafaqat aqliy salohiyatni pasaytiradi, o‘sha fuqarolarda salomatlik, tug‘ilish bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganidan keyin bular chora ko‘rishadi. O‘sha manbalarda gaz resursi asosida yoqish va isitish mavsumiga o‘tishga bel bog‘lashadi.

Tushunarliki, ko‘mir va mazut yoqilishi natijasida havoda suv bug‘i, ya’ni xiralik ko‘payadi, buning fonida ifloslanish ham ortib ketadi. Hozirgi oxirgi vaqtda Toshkent atrofida yashaydigan aholining o‘zi, masalan, Nazarbek, Hasanboydagilar bilan gaplashsangiz ham o‘tmishga nisbatan tuman ko‘payganini ta’kidlashadi. Nima uchun? Chunki o‘sha Toshkent atrofida nafaqat issiqxonalar, balki Qozog‘istonning ham ta’siri bor, ularda ham issiqxonalar yetarli, 2 mingga yaqinni ular ham ko‘mir bilan isityapti. Gazsiz yondirayotgani yo‘q. Ularga ham chora ko‘rishimiz kerak, hozir umumiy ifloslanish haqida gapiradigan bo‘lsak, ekologiya bu juda keng tarmoqli. Ekologik vaziyatni barqarorlashtirishimiz uchun bir ekolog olim aytganki, ekologiya bu tabiat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘p bosqichli tarmoqlarning tuzilishi, ishlashi bilan bog‘liq fanlararo bilimlar majmuasi hisoblanadi.

Ya’ni biz umumiy vaziyatni ko‘rishimiz uchun katta tadqiqotlarimizni o‘tkazishimiz kerak. Va buning boshida kuzatuvlar, o‘zi nimadan ifloslanyapti va har bir hududdagi manbani aniqlash uchun biz juda katta tadqiqotlar, kuzatuvlarga qadam bosishimiz kerak. Bu bo‘yicha O‘zgidrometning 25 ta shahrida yirik sanoatlashgan, viloyat va shaharda 1970-yillardan beri kuzatuvlar olib boriladi. Va bu kuzatuvlarda klassik usulda Toshkent shahri 2020 yilgacha 4-5-o‘rinda yurgan. Birinchi o‘rinda Navoiy, Olmaliq, Angren va Farg‘onadan keyingilarda bo‘lgan. Lekin oxirgi yillarda bizda Toshkent shahrida kuzatuv punktlarining kengayishi va turli xil moddalarni o‘lchash ishlari amalga oshirilayotgani sababli birinchi o‘ringa chiqdik.

2023 yilda Toshkent shahri Atmosfera ifloslanish indeksida birinchi o‘ringa chiqdi. Bunda nafaqat PM2,5 bilan bog‘liq vaziyat, balki fenol, azon, azot dioksidi, ya’ni me’yordan 5 yillikda 75 barobar ko‘payib ketgan. Tushunarliki, biz iqtisodiyotni rivojlantirish uchun [ekologiyani qurbon qildik]. Bu iqtisodiyot sovet davrida ham rivojlanishi uchun juda ham katta sanoat fabrikalarini qurdik, qurilishlarni qildik, lekin o‘sha vaqtda ekologik siyosat kuchli bo‘lgan. Ekologik standartlar asosida shaharni barpo etish, shu asosda zavod, korxonalar faoliyatini yurgizganmiz. So‘nggi yillarda palapartishliklar fonida shaharda shu holatga kelib qoldik.

PM2,5 bo‘yicha birinchi o‘rinda 36 foiz bilan yil davomida chang, 28 foiz issiqlik markazlari va 16 foiz transport va shu bilan 13 foiz sanoat korxonalari va qurilish changlari hisobiga ifloslanish yuzaga kelyapti. Yana qaytaraman, vaziyatni juda ham ko‘plab tarmoqlar kompleks o‘rganishi kerak. Va shu o‘rganish asosida biz chora-tadbirlar ishlab chiqishimiz mumkin.

– Farrux aka, yuqorida ma’lumotlar berildi. O‘tgan yili oktyabr oyida Jahon bankining hisobotlari chiqqandi. O‘shanda ham ifloslanishning 3 ta asosiy manbasi: isitish sektori, transport, sanoat keltirilgan.

Yaqinda chindan ham Toshkentni tuman qoplab oldi. «Bu tumanmidi yoki tutun?» nomli maqolalar ham chiqdi. Shu haqda ma’lumot bersangiz.

Farrux Sattorov: Jahon bankining hisobotiga o‘tishdan oldin bir tushuntirish berib o‘tmoqchi edim. Umuman olganda atmosfera havosining ifloslanishiga kompleks qarash kerak. Birinchi o‘rinda, Erkin aka aytib o‘tgan fizik hodisalar. Ya’ni shamol tezligining kamayishi, iqlim o‘zgarishi masalalari, haroratning oshishi, buning oqibatida suvning kamayishi – fizik hodisalar deyilayotgan bo‘lsa, kichik raqamlar ham berib o‘taman.

Misol uchun, poytaxtda O‘zgidromet tomonidan doimiy kuzatuvlar olib borilgan. 1980-yillarga nisbatan shamol tezligi 0,4 m/s ga pasaygan. Ya’ni 80-yillarda 1,7 m/s bo‘lgan bo‘lsa, hozir 1,3 m/s bo‘lgan. Bu yillik o‘rtacha raqam. Bu degani iqlim o‘zgarishi natijasida shamol tezligi kamayib bormoqda. Endi manbalarga keladigan bo‘lsak, hozir hamma raqamlarni Erkin aka aytib o‘tdilar, e’tibor qaratadigan bir tarafi bor. 36 foiz tabiiy chang yil bo‘yi bizga kelib turadigan chang, 28 foiz issiqlik manbalari, elektr energiya ishlab chiqishi – umuman uglevodorodlar yoqilishi natijasida boshqa energiyani olish masalasi turgan bo‘lsa, yillik o‘rtachada 28 foiz turibdi. Lekin tahlillarimizga qaraganda, noyabr va fevral oyigacha 50 foizi uglevodorodlarni yoqish bilan bo‘lgan jarayonlardan kelib chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hisoblanadi.

Tuman masalasiga keladigan bo‘lsak, bu uning hosil bo‘lishi o‘sha uglevodorodlarda yonish natijasida oltingugurt dioksidi, azot oksidi va azot dioksidi bo‘ladi. Bu birikmalar havoga chiqqanida havodagi namlikni o‘ziga tortadi-da, uchuvchan organik birikmaga aylanadi. Og‘ir bo‘ladi, shu og‘irligi tufayli yerga bosadi. Shuning uchun tumanga o‘xshagan hodisalar bo‘lib turibdi. Toza ifloslanish deyolmayman, u yerda suv ham bor, umuman havodagi bor birikmalar, havoning ham o‘ziga yarasha qavatlarida fizik-kimyoviy jarayonlar bo‘lib o‘tadi. Va shular natijasida tuman kelib chiqadi. Shamolga ham bir narsaga to‘xtalib o‘tmoqchi edik. Shamolning yerga yaqin qismida hozirgi kunda shamol tezligi kamayib ketgan, bu shamol gulining buzilishi, palapartish qurilishlar oqibatida yuzaga kelgan.

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid