Alyaskada bedarak yo‘qolgan samolyot parchalari topildi, bortdagilar halok bo‘lgan

Jahon 13:57 7318

Alyaskada Bering Air aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi, bortdagi 10 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Associated Press.

7 fevral kuni Cessna 208 Caravan samolyoti Unalaklit va Nom shaharlari o‘rtasida charter reysini bajarayotgan edi. Qo‘nishdan sal oldin, Alyaska ko‘rfazi ustida parvoz qilayotganda samolyot radarlardan g‘oyib bo‘lgan. Ertasi kuni qutqaruvchilar uning parchalarini topdi.

Hodisaga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Samolyot bortidagi barcha odamlar — to‘qqiz nafar yo‘lovchi va bir uchuvchi halok bo‘lgan.

Alyaskada bundan avvalgi yirik aviahalokat 2013 yilda yuz bergandi, o‘shanda yuk layneri qulashi oqibatida o‘n kishi halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni kechqurun Vashingtondagi Ronald Reygan aeroporti yaqinida American Airlines yo‘lovchi samolyoti va AQSh armiyasining Black Hawk vertolyoti havoda to‘qnashib ketgan, ikkalasi ham Potomak daryosiga qulagandi. Samolyotda 64 kishi, vertolyotda esa uch nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan. Fojia oqibatida hech kim tirik qolmagan.

31 yanvar kuni esa AQShda bemorni olib ketayotgan kichik tibbiy samolyot uylar ustiga qulab tushdi. Filadelfiya shahrida qulagan kichik tibbiy samolyot Meksikaga ketayotgandi. Uning bortida to‘rt nafar ekipaj a’zosi, bir bemor va uning onasi – jami 6 kishi bo‘lgan, ulardan hech biri omon qolmagan.

Ko‘proq yangiliklar: