Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining «Ukraina madaniy o‘ziga xosligini yo‘q qilish uchun mas’ul bo‘lgan» ruslarga, shuningdek, neftni bir barrel uchun 60 dollardan yuqori narxda tashiydigan tanker kapitanlariga qarshi sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini kuchga kiritdi. Bu haqda 5 fevral, chorshanba kuni Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Cheklovga duchor bo‘lgan tanker kapitanlari ro‘yxati 57 kishiga kengaytirildi. Ulardan 56 nafari Rossiya fuqarosi, biri esa Eron fuqarosi.
Ikkinchi farmon bilan 55 nafar shaxsga nisbatan jazo choralari qo‘llangan. Ular orasida Ermitaj bosh direktori Mixail Piotrovskiy, Qrim hududida «noqonuniy qazishmalarda bevosita ishtirok etgan» arxeologik ekspeditsiyalar rahbari Sergey Solovyov, madaniyat vaziri o‘rinbosarlari Vladimir Osinsev va Sergey Obrivalin hamda boshqalar bor.
Daniya «soyadagi flot» tankerlarini tekshiradi
Avvalroq Daniya dengiz boshqarmasi atrof-muhit va dengizchilar uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tankerlarga xavfsizlik choralarini kuchaytirishini ma’lum qilgan edi. Idora «Daniya bo‘g‘ozlari orqali neft tashuvchi eski kemalarning faoliyati»ga javoban shunday qaror qabul qilganini bildirdi.
«Portning davlat nazorati tankerlarga qaratilgan, chunki tankerlarning shikastlanishi yoki halokati bilan bog‘liq avariya xavfsizlik, sog‘liq va atrof-muhit uchun ayniqsa jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin», deyiladi bayonotda.