Yaponiyaga ishlashga borish osonlashdi. Samarqandda seminar bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston 17:25 3011

Tabiiyki, bu yerda savollar tug‘iladi: dastur bo‘yicha Yaponiyaga ishlashga borish qanday kechadi, viza olish masalasi qanday bo‘ladi va hokazo.

Kun.uz bu savollarga javob topish uchun Yamagata universiteti professori Dilafruz Ikromovani savolga tutdi.

– “Maxsus malakali ishchi” dasturi nima?

Yaponchada u «Tokuteigino» deb nomlanadi.»Tokutay» bu «maxsus», «gino» bu «malaka», «ko‘nikma» ma’nosini beradi. Maxsus Malakali Ishchi dasturi 2019 yilda Yaponiya hukumati tomonidan joriy etildi. Bungacha faqatgina malaka oshirish vizasi bilan oddiy ishchilar Yaponiyaga borib, malaka oshirishlari mumkin edi. Endilikda Yaponiya o‘z darvozalarini chet ellik ishchilarga keng ochib beryapti.

Bu avval bo‘lmaganmi?

– Ha, bo‘lmagan. Yaponiyaga faqatgina yuqori malakali ishchilar, oliy ma’lumotli, maxsus ko‘nikma emas, balki maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan yuqori malakali ekspatlar borib ishlashi mumkin edi. Qora ishchilarga malaka oshiruvchi viza bilan ishlash imkoniyati berilardi, vaqti chegaralangan edi – uch yildan to‘rt yilgacha. Ishlab, o‘z vataniga qaytib kelishi kerak bo‘lgan.

Malaka oshiruvchi viza o‘zini oqlamadi. Chunki ko‘p yapon kompaniyalari ushbu viza yordamida arzon oylik bilan chet eldan mutaxassislarni jalb qilishdi xolos. O‘zi malaka oshiruvchi viza nima uchun joriy qilingan edi? Yaponiya yuqori texnologik mamlakat bo‘lganligi uchun o‘zining tajribalarini dunyoga yoymoqchi bo‘ldi va chet eldan mutaxassislarni chaqirib, rivojlanayotgan mamlakatlarni, ya’ni ishchilarni chaqirib, mana shu texnologiyalarni o‘rgatib, yana o‘z vatanlariga qaytarib, mana shu texnologiyalarni targ‘ib qilishga mo‘ljallangan dastur edi. Lekin kompaniyalar minglab ishchilarni, ya’ni malaka oshiruvchilarni chaqirib, arzon ishchi kuchi sifatida ishlata boshlashdi. Va buning oqibatida juda ham ko‘p immigratsiya qonunbuzishlari yuzaga keldi.

Lekin chet ellik ishchilarga ehtiyoj bor. Yaponiyada hayot keskin ravishda yaxshilanib borishi natijasida yoshlar o‘rtasida oila qurish, farzand ko‘rishga ishtiyoq keskin tushib ketdi va natijada tug‘ilish darajasi pasaydi va qariyalar soni keskin oshib ketdi. Natijada bo‘sh ishchi o‘rinlari ko‘payib ketdi. Ishsizlik kam, ammo ishchiga bo‘lgan talab yuqori. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bitta ishchiga bir yarimta ishchi o‘rni to‘g‘ri kelyapti... Ya’ni yuz ellikta ishchi o‘rniga yuzta ishchi to‘g‘ri kelmoqda, qolgan elliktasini to‘ldirish kerak. Shunda Yaponiya chegarasini chet ellik maxsus malakali tayyorlangan ishchilar uchun ochib berishga qaror qildi, mazkur dasturni joriy etdi. Bu dasturga asosan Yaponiya 850 ming nafar chet ellik ishchi kuchini jalb qilishi kerak. Rivojlanayotgan mamlakatlar ichidan Markaziy Osiyoda faqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yaponiya bilan ushbu dastur bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Qaysi sohalarda ishlashlari mumkin? Bir qancha sohalar tanlab olingan, dastlab o‘n to‘rtta edi, hozir sohalar o‘n oltitaga chiqdi va kengayib bormoqda. Sohalarga qurilish, qariyalarni parvarishlash, mehmonxona, restoran xizmati, haydovchilik va traktorlarni haydash, binolarni tozalash, qishloq xo‘jaligi kabilar kiradi. O‘zbekistonga hozirda uchta yo‘nalish kirib keldi: qariyalarni parvarishlash, qurilish va qishloq xo‘jaligi. Yo‘nalishlar kelajakda ko‘paytirilishi mumkin. Nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talablar quyidagicha: o‘n sakkiz yoshdan katta bo‘lishi kerak, yapon tilini boshlang‘ich darajada bilishi va ishlaydigan sohada ko‘nikmalarini belgilovchi maxsus malaka testidan o‘tgan bo‘lishi kerak. Agar nomzod yapon tilini boshlang‘ich daraja testidan o‘tib, sertifikatga ega bo‘lsa va ko‘nikmalarni belgilovchi maxsus sertifikatga ham ega bo‘lsa, O‘zbekistonda ushbu testlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, Yaponiyada ish topishga 70 foiz imkoniyatli bo‘ladi. Testlar yaponlar tomonidan, prometrik kompaniya orqali olinadi. Toshkentda maxsus markaz tashkil etilgan.

Ilgari ushbu testni topshirish uchun Yaponiyaga borib, ancha xarajat qilish kerak edi. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tashabbusi va hukumat qarori bilan ushbu test markazi hozirda O‘zbekistonda ishlamoqda. Afsuski, ushbu test mavjudligi haqida ko‘pchilik bilmaydi. Testlarni topshirgandan keyin, Yaponiyada to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga joylashish imkoniyati mavjud.

Testni topshirsa va sertifikatni olsa, u bemalol Yaponiyada ish topishi mumkin. Yapon internetida yoki Google'da izlaydi. Bu imkoniyatdan foydalanish uchun boshqa vositachilar yoki agentlarni aralashtirmasdan, o‘zlari mustaqil ravishda ishlarni bajarishlari va huquqlarini bilishlari kerak.

Biz buni hisoblab chiqqanimizda, testlarni topshirib, tez fursatda ish topsa, ishga borib joylashish bir yilni o‘z ichiga oladi.

Deylik, kishi qishloq xo‘jaligiga borib ishlamoqchi. Yaponiyada qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qanaqadir bilimlarga ega bo‘lishi kerakmi?

– Yaponiya hukumati har bir yo‘nalish uchun maxsus qo‘llanmalarni ishlab chiqqan. Qo‘llanmalarni biz o‘zbek tiliga o‘girdik va bu Yaponiya hukumati portaliga joylashtirilgan. Demak, bemalol yuklab olib, mustaqil o‘rganish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda Yaponiyada ishlashga qiziqayotgan fuqarolar uchun maxsus darslik ishlab chiqildi. Bepul tarzda YouTube'dagi kanalga kirib, o‘qib o‘rganish mumkin. Qolaversa, har bir soha o‘ziga xos maxsus darsliklariga ega. Darsliklarni yuklab olib o‘qish va imtihonga tayyorlanish kerak.

Qaysidir ma’noda saralanadi odamlar, “pulini berib qo‘ydim, meni jo‘natib qo‘y” deyish darajasidan yuqori-da bu, to‘g‘rimi? Bu yerda inson o‘zi izlanyapti, tilni o‘zi mustaqil o‘rganyapti. Kelajakda bu Yaponiyaga borib ishlaydiganlarning saviya darajasi yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.

– Ha. Ular qiynalishmaydi va borganlarida yaxshi taassurot bilan ish boshlashadi. Ko‘pchilik talabalar va mehnat migrantlari bilan, umuman ishlayotganlar bilan gaplashamiz, til bilmay ketgan odamlarning deyarli sakson foizi qiyinchilikka yuz tutadi. Shuningdek, borgan mamlakati qanchalik rivojlangan va ajoyib bo‘lmasin, o‘sha yurtni yomon ko‘ra boshlaydi, negativ tomondan ko‘radi. Bu esa kelajakda ishlashga bo‘lgan motivatsiyasini tushiradi va ularning o‘sha chet elda yashash muddati o‘zlari boshida ko‘zlagan muddatdan qisqaradi. Ya’ni afsuslanib qaytib kelgandan ko‘ra, hozirdan tayyorlanib, mukammal bilim va ma’lumotlarga ega bo‘lib, borish yaxshi. Madaniyati, urf-odatlarini, xarakterini o‘rgangan holda borgan yaxshi.

Viza olish jarayoni qanday kechadi?

– Viza olish jarayoni murakkab emas. Yapon tilini bilsa, qo‘lida ikkita sertifikati bo‘lsa va qo‘lida shartnomasi bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan u tayyor – «sorin» deyiladi, ya’ni ishga joylashish va ishlash imkonini beruvchi sertifikat. Yaponiya immigratsiya idorasi tomonidan ish beruvchiga rasmiylashtiriladi va nomzodga jo‘natiladi. Nomzod esa bu tayyor hujjat bilan O‘zbekistondagi Yaponiyaning elchixonasiga borib, viza olish jarayonini boshlaydi. Rasmiylashtirish bir hafta muddatni o‘z ichiga oladi.

Yaponiyada yashash sharoitlari qanday?

– Yaxshi savol berdingiz. Maxsus malakali ishchi dasturi doirasida ketadigan bo‘lsangiz, Yaponiyada ishlash va mehnat qilish yapon mehnat qonunchiligiga asosan amalga oshiriladi. Demak, barcha ishchilar uchun beriladigan imkoniyatlardan chet ellik fuqaro ham foydalanishi mumkin. Yapon mehnatkashlari bilan bir xil huquq va imkoniyatlardan foydalanishadi. Bunda, tibbiy sug‘urta, mehnat sug‘urtasi – barchasidan chet ellik ishchi foydalanishi mumkin.

Yashash sharoitlari yaponlar bilan barobar bo‘ladi. Qanaqa imkoniyatlar bo‘lsa, hamma imkoniyatlardan foydalanishadi. Yashash sharoitlari har bir mamlakatning o‘ziga xosligi kabi, Yaponiyada ham o‘ziga xos. Uylar unaqa katta-katta emas, yerlari katta emas. Bir kishiga bitta xona ajratiladi. Ammo har bir kompaniyaning o‘ziga xos sharoitlari bor.

Bilasiz, Yaponiyada inson qadri juda baland. Shundan kelib chiqib, chet elliklarga bo‘lgan munosabat ham o‘zgacha. Yaponlar o‘zida yaxshi ishlagan ishchini oilasiga qabul qiladi, yaxshi sharoit yaratib beradi. Yuz foiz shunaqa deya olmayman, lekin o‘zini hurmat qilgan kompaniyalar yaxshi sharoit yaratib berishadi.

Yaponiyaga borib olgandan keyin ishchining qanaqa majburiyatlari bo‘ladi, nimalarga amal qilish kerak?

– Asosiy talab – Yaponiya qonunlariga rioya qilish. Bilasiz, Yaponiya qonun-qoidalar mamlakati, u yerda bu narsani juda ham sevishadi, hurmat qilishadi. Har bir harakatning o‘z qoidasi bor. Yapon madaniyati bilan tanish bo‘lish. Odamlarga bo‘lgan munosabat, o‘zaro hamkasblar bilan bo‘ladigan munosabatlar o‘zgacha bir san’at darajasiga olib chiqilgan Yaponiyada, bularni tezroq o‘rganib, tezroq o‘zlarida tatbiq etsalar, bu ularning ish faoliyatida foydali bo‘ladi. Til bilish Yaponiyani jiddiy qabul qilishdir.

Vaqtida ishga kelish ham korporativ qonun-qoidalariga kiradi. Buni Yaponiyaga borganlarga har bir kompaniya bir oy davomida o‘qitadi, ko‘nikma mashg‘ulotlarini olib boradi.

«Tokutaigino-1» va «Tokutaigino-2» o‘rtasida nima farq bor?

«Tokutaigino» 2 besh yil davomida to‘xtamasdan yaxshi ishlagan ishchi uchun keyingi yana besh yilga viza olish imkoniyatini beradi. Farzandlarini, oilasini olib kelish imkoniyatini beradi. Yaponiyada doimiy yashash maqomiga ega bo‘lishi mumkin. Bu «ejuken» deb aytiladi yapon tilida. O‘n yil muntazam ishlab, shu maqomga ega bo‘lgan chet ellik fuqaro – «ejuken». Barcha imkoniyatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Maosh va istiqbollar?

– Yaponiyada eng kam ish haqi 180 ming iyenadan boshlanadi. Bu hozirgi kursga ko‘ra taxminan 1200 dollarni tashkil etadi. Yangi borgan chet ellik ishchining, albatta, oyligi darhol oshib qolmaydi. U eng kam ish oyligidan boshlaydi va vaqt o‘tishi bilan, kompaniyaning belgilangan maosh stavkalari asosida oshib boraveradi. Istiqbollari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, «Tokutaigino» dasturi chet ellik fuqarolarga yoki ishchilarga katta karera qilish imkonini beradi.

Kontrakt muddati tugadi, deylik. Ishchilar uchun qanday imkoniyatlar mavjud bo‘ladi?

– Maxsus malakali ishchi «Tokuteigino» dasturi bilan boradigan bo‘lsa, shartnoma istalgan vaqtda to‘xtatilishi mumkin. Bu ish beruvchi tomonidan yoki bo‘lmasa ishchi tomonidan bo‘lishi mumkin. «Faqat bizning kompaniyanda ishlashingiz shart» degan talab yo‘q, chunki mehnat qonunchiligida ishchi erkin ish almashtirish huquqiga ega. «Tokuteigino» ishchilar uchun erkinlik beruvchi, huquqlarni muhofaza qiluvchi dastur. Ishchi o‘z yo‘nalishida boshqa kompaniyaga o‘tishi mumkin.

Agar ishchi, masalan, qurilish sohasi bo‘yicha bordi, biroz ishlab ko‘rdi va unga bu soha to‘g‘ri kelmadi. U o‘z sohasini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, nima qilishi mumkin? U O‘zbekistonga qaytib ketadimi? Yo‘q, u mana shu belgilangan yo‘nalishlardagi boshqa sohaga imtihon topshiradi. Aytaylik, yengilroq ishga, restorandagi xizmat yoki turizmda xizmat ko‘rsatish bo‘lsin, o‘sha sohaga imtihon topshiradi. Imtihon topshirib, sertifikatni olgandan keyin o‘sha sohaga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yaponiyada xavfsizlik qay darajada?

– Yaponiya dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlardan biri. Lekin Yaponiyada bitta xato qilsangiz, ikkinchi xatoga ulanib ketaveradi. Ayniqsa, chet elliklar orasida. O‘zbeklar orasida eng ko‘p tarqalgan xato, bankdan kredit olib uni vaqtida to‘lamaslik, telefondan foydalanib qarzni vaqtida to‘lamaslik kabi xatolar ko‘p uchraydi.

Bular keyinchalik uzoq muddat Yaponiyada yashashlarini qiyinlashtiradi. Shuning uchun boshidan bankdan qarz olmaslikni, kredit olmaslikni tavsiya etardim. Shuningdek, ortiqcha kartalarni olib ko‘p xarajat qilmaslikni tavsiya etardim. Va albatta, qonun-qoidalarga rioya qilish muhim.

Chet elliklar qandaydir jinoyat qilib qo‘ysa, o‘g‘rilik qilishsa yoki qonunlarni buzishsa, «chet ellik-da» deyishardi. O‘sha vaqtda chet elliklar ko‘p bo‘lmasdi. Hozir Yaponiya chet elliklarga o‘z chegarasini ochganligi uchun o‘z madaniy qoidalarini buzmaslikni qat’iy nazorat qilmoqda va jazo hammaga bir xil. Shu sababli juda ko‘p yurtdoshlarimiz bilib-bilmasdan qilingan jinoyatlari oqibatida Yaponiya deportatsiya markazida yoki qamoqxonasida saqlanmoqda. Shu holatlardan o‘zlarini tiyishlarini istardim. Chunki o‘zbek qanaqadir jinoyat yoki xato qilib qo‘ysa, Yaponiyada tezda ommaviy axborot vositalariga chiqib ketadi va o‘zbekistonlik deb e’lon qilinadi. Yaxshi ishlayotgan va namunali fuqarolarimiz borligini unutmasligimiz, kelajakda Yaponiyaga borishni istagan istiqbolli yurtdoshlarimiz va talabalarimiz uchun viza olish jarayonini qiyinlashtirmasligimiz kerak. Afsuski, hozirgi kunda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan amalga oshirilgan ko‘pgina jinoyatlar sababli viza olish jarayoni qiyinlashdi. Ayniqsa, talabalar bundan aziyat chekmoqda. Shu sababli noto‘g‘ri ish qilishdan oldin yaxshilab o‘ylash kerak.

Yaponiyada bizga g‘ayrioddiy bo‘lmagan, lekin yaponlar uchun oddiy va bajarilishi zarur bo‘lgan urf-odatlar yoki qoidalar ham bor. Yaponlar uchun bizning ba’zi odatiy xatti-harakatlarimiz g‘ayrioddiy va qabul qilinmas bo‘lishi mumkin. Masalan, ko‘chada bir ayolga gap otish bizda xushomad sifatida qabul qilinishi mumkin, lekin Yaponiyada bu shaxsiy hududga tajovuz sifatida ko‘riladi.

O‘z vaqtida ishga borish, kech qolmaslik – madaniyat yaponlar uchun. Yaponiyada o‘z vaqtida ishga borsangiz kechikkan hisoblanasiz. Besh daqiqa oldin yetib borish kerak. Kech qolayotgan bo‘lsangiz kamida yarim soat oldin ogohlantirib qo‘yish kerak. Yarim soat – minimal vaqt. Kechikkanlarga nisbatan «umr o‘g‘risi» deb aytishadi. Bir marta kechirilishingiz mumkin, lekin keyingi safar kechirilmaydi.

Noinsof ish beruvchiga duch kelish mumkinmi?

– Ha. Agar siz Yaponiyada ishlayotgan bo‘lsangiz va ish beruvchingiz sizni sakkiz soatdan ortiq ishlatib, ortiqcha soatingizga haq to‘lamayotgan bo‘lsa, siz «xomukyoku» deb aytiladigan tashkilotga murojaat qilishingiz mumkin. Bu Yaponiyaning adliya markazlariga boradi. Shartnoma muhim, shartnomani o‘qib chiqish kerak, iloji bo‘lsa rus yoki o‘zbek tiliga tarjima qiling. Har bir shartni yaxshi o‘rganib chiqing va ish beruvchidan shartlar haqida tushuntirish so‘rang. Yaponlar buni bajonidil amalga oshiradi.

Xullas, Yaponiyada ishlashni istasangiz, tilni o‘rganing. Yaponiyaga borgan bo‘lsangiz, bu mamlakat qonun-qoidalariga qat’iy rioya qiling.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

8 fevral kuni Samarqand shahrida «O‘zbekistonlik vatandoshlarning qonuniy mustaqil ishga joylashish imkoniyatlari» mavzusida seminar bo‘lib o‘tadi. Yaponiyadan kelgan mutaxassislar bu dastur doirasida beriladigan savollarga javob berishadi.

Manzil: Samarqand shahri, Kimyogarlar qo‘rg‘oni, Narpay ko‘chasi, 7b-uy.

1-seans 10:00-13:00

2-seans 14:00-17:00.

Til kurslari: videodarslar, darsliklar

Ko‘proq yangiliklar: