Okean tepasida yonilg‘isiz uchgan Airbus A330 – halokatga uchrashiga bir baxya qolgan samolyot
2001 yilda fuqaro aviatsiyasida noyob hodisa sodir bo‘ladi. Kanadaning Toronto shahridan Portugaliya poytaxti Lissabon shahriga uchgan Airbus A330 samolyoti Atlantika okeani tepasida uchayotganida yonilg‘isi tugab qoladi. Shunda uchuvchilar dvigatellari to‘xtab qolgan samolyot bilan yana 120 km parvoz qilib, uni Atlantika okeanidagi orolda joylashgan Lajyesh aviabazasidagi aerodromga qo‘ndirishadi.
Dunyoda har kuni 100 mingdan oshiq turli parvozlar amalga oshiriladi va ularda 10 mln nafardan oshiq yo‘lovchi o‘z manzillariga yetkazib qo‘yiladi.
Parvozlar paytida turli hodisalar sodir bo‘ladi va ularning ayrimlariga hatto aql bovar qilmaydi. Ana shunday noyob hodisa 2001 yilda sodir bo‘lgandi.
Ma’lumki, samolyotlarning yonilg‘isi tugasa ular uzoq parvoz qila olmaydi va tez qulab tushadi. Biroq bundan 23 yil avval Atlantika okeani tepasida uchayotgan samolyotning yonilg‘isi tugagandan so‘ng Airbus A330 yana 120 km masofaga parvoz qiladi.
O‘shanda ancha tajribali bo‘lgan uchuvchilarning to‘g‘ri xatti-harakatlari natijasida samolyot va undagi yo‘lovchilarning joni omon qoladi.
Hodisa
2001 yil 24 avgust kuni Grinvich vaqti bilan soat 00:52 da Kanadaning Air Transat aviakompaniyasiga qarashli Airbus A330 samolyoti Torontodan Lissabon shahriga uchish uchun havoga ko‘tariladi.

Bu samolyot 1999 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, sinov parvozidan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng o‘sha yili Air Transat aviakompaniyasiga beriladi. Hodisagacha samolyot 2 390 marta uchish-qo‘nishni amalga oshirgan va 10 ming soatdan oshiqroq parvoz qilgandi.
Airbus A330 keng fyuzelyajli bo‘lib, o‘sha kuni uning bortida 293 nafar yo‘lovchi va 13 nafar ekipaj a’zolari bor edi. Yo‘lovchilarning asosiy qismi Portugaliya fuqarolari bo‘lgan.
Parvozdan avval samolyotga qariyb 47 tonna yonilg‘i quyiladi. Bu yonilg‘i Lissabongacha bo‘lgan masofani uchib o‘tish uchun yetib ortardi.
Parvoz reja bo‘yicha davom etadi va samolyot 4 soatdan sal oshiqroq uchgandan so‘ng soat 05:16 da Airbus A330 kabinasidagi ogohlantirish chirog‘i yonib, dvigateldagi moy qizib ketayotgani haqida xabar beradi.
Odatda dvigatelga boradigan yonilg‘i kamayganda bu ogohlantirish chirog‘i ishlab ketardi. Yonilg‘i oshiqchasi bilan quyilgani uchun uchuvchilar ogohlantirish chirog‘i yanglish yonyapti deb o‘ylashadi.
Shu bilan birga har ehtimolga qarshi ular Air Transat aviakompaniyasi vakillariga aloqaga chiqishadi va vaziyat haqida xabar berishadi. Aviakompaniya vakillari uchuvchilarga sergak bo‘lishni aytish bilan cheklanishadi.
Soat 05:36 da kabinadagi yana bir ogohlantirish chirog‘i yonadi. Bunisi yonilg‘i sig‘imlarida balans buzilayotgani haqida xabar berayotgandi. Uchuvchilar o‘ng tomondagi sig‘imda aviakerosin qariyb tugaganini ko‘rishadi. So‘ng chap tomondagi sig‘imdan o‘ng tomondagisiga yonilg‘i o‘tkazishadi.
Bu orada ekipaj komandiri o‘ng tomondagi sig‘imda yonilg‘i qolmaganidan shubhalanadi va dvigatelga ulangan shlang teshilgan bo‘lsa-chi degan gumonga boradi. Chunki Lissabongacha yetishi kerak bo‘lgan yonilg‘i masofaning yarmidan sal o‘tib tugab qolishi uni ajablantirgandi.
Komandir styuardessalar boshlig‘ini chaqirib, unga illyuminatordan qarab, sig‘imdan yonilg‘i oqyaptimi yo‘qmi, aniqlashni buyuradi. Biroq hamma yoq qorong‘i bo‘lgani uchun styuardessa hech narsani ko‘rmaydi.
Atlantika okeanidagi orolga qo‘nish
Ekipaj komandiri xavfli vaziyat yuzaga kelganini biladi va samolyotni Azor orollari tarkibiga kiruvchi Terseyra orolidagi Lajyesh aviabazasi tomon yo‘naltiradi. Oradagi masofa 320 km edi.
Komandir dispetcherlar bilan bog‘lanib yonilg‘i tugayotgani va shu sababli yo‘nalishni o‘zgartirgani haqida xabar beradi. Shuningdek, Lajyesh aerodromidagilar ham favqulodda qo‘nish haqida ogohlantiriladi. Shundan so‘ng u yerdagi qutqaruv xizmati shay holga keltiriladi.

Foto: alamy.com
Soat 06:13 da o‘ng tomondagi sig‘imda yonilg‘i tugaydi va shu qanotdagi dvigatel ishlashdan to‘xtaydi. Bu paytda hali aviabazagacha 217 km masofa bor edi. Shunda ekipaj komandiri o‘ng tomondagi sig‘imdan yonilg‘i oqib ketganini biladi va nima qilib bo‘lsa ham samolyotni Lajyesh aviabazasiga yetkazib borishni o‘ylaydi.
Samolyot bitta dvigatel bilan balandlikni ushlab qololmasdi. Shu sababli Airbus A330 asta-sekinlik bilan pastlay boshlaydi. Soat 06:26 da samolyotdagi yonilg‘i batamom tugaydi va ikkinchi dvigatel ham o‘chadi. O‘shanda Airbus A330 Lajyesh aviabazasidan 120 km uzoqlikda, yerdan 10 600 metr balandlikda parvoz qilayotgandi.
Dvigatellar o‘chishi samolyotdagi asosiy generatorning to‘xtashiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, havo tormozi, gidravlika, qanotlardagi spoylerlarni ochib yopadigan uskunalar o‘chadi.
Samolyot Lajyeshga qarab borar ekan, tezlik va balandlik muntazam pastlab boradi. Airbus A330 aviabazadagi aerodromga yetganda uning tezligi soatiga 370 km edi. Uchuvchilar samolyotni uchish-qo‘nish yo‘lagiga tushirishadi.
Qo‘nish paytida zarba kuchli bo‘lgani uchun samolyotdagi 10 ta shinadan 8 tasi yorilib ketadi. Shunda ham tezlik yuqori bo‘lgani uchun Airbus A330 aerodrom chetiga chiqib ketadi va to‘xtaydi.

Uchuvchilarning mahorati tufayli samolyotda bo‘lgan 306 kishining barchasi tirik qoladi. Faqat 16 yo‘lovchi turli darajada tan jarohati oladi. Airbus A330 ham butun qoladi. Yo‘lovchilar samolyot qo‘nayotganda emas, u to‘xtagandan so‘ng vahima tushib o‘zini chiqish eshiklariga urganda tan jarohati oladi.
O‘shanda samolyot Lajyesh aviabazasiga yetib kela olmasligi ham mumkin edi. Shunchaki ro‘parada boshqa samolyot duch kelmagani va shamolsiz tinch ob-havo Airbus A330 samolyotining aviabazagacha yetib borishida asosiy rol o‘ynaydi.
Surishtiruvlar
Hodisadan so‘ng Portugaliya tomoni kanadalik va fransiyalik mutaxassislar bilan birga darhol surishtiruvlarni boshlab yuboradi.
Parvozdan 5 kun avval samolyotdagi ikkinchi raqamli dvigatel almashtirilgandi. O‘shanda yonilg‘i shlangi va yana bir qancha uskunalarni yangilamasdan, eskilarining o‘zi qoldiriladi.
Tekshiruvlarda dvigatel almashtirilgan kuni gidravlika tizimi uskunalari noto‘g‘ri o‘rnatilgani aniqlanadi. Buni Air Transat aviakompaniyasi vakillari ham ko‘rishadi.
Dvigatel almashtirilganda ta’mirlash ishlariga bosh bo‘lgan muhandis ishni tezroq bitirish uchun eski gidravlik nasosdan foydalangan. Shunda yonilg‘i sig‘imi va gidravlik nasosga ulangan shlanglarda tirqish qolgan va oqibatda aviakerosin oqib ketgandi.

Shu tariqa, hodisaga to‘liq Air Transat aviakompaniyasi aybdor ekani oydinlashadi. Kanada fuqaro aviatsiya boshqarmasi qurbonlar yo‘qligini inobatga olib aviakompaniyaga 250 ming Kanada dollari miqdorida jarima soladi. Bu Kanada tarixidagi eng yirik jarima hisoblanadi.
Komissiyaning yakuniy xulosasida uchuvchilarning e’tiborsizligi keltirib o‘tilgandi. Ular boshdanoq kabinadagi ogohlantiruv signallarini jiddiy qabul qilishlari lozim edi. Shunday bo‘lsa ham uchuvchilarning mahorati e’tirof etiladi. 2002 yilda ularga mukofot beriladi.
Hodisadan so‘ng
Hodisadan so‘ng AQSh fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi Airbus kompaniyasi ishlab chiqargan turli samolyotlarni boshqaruvchi uchuvchilar uchun alohida yo‘riqnoma ishlab chiqadi. Yo‘riqnomaga ko‘ra, uchuvchilar parvozdan avval so‘nggi tekshiruvni o‘tkazishi va samolyotdan yonilg‘i oqib ketmayotganiga ishonch hosil qilgach parvozni boshlashi lozim edi.
Shuningdek, hodisadan yetarli xulosa chiqargan Airbus kompaniyasi samolyotlardagi bort kompyuterlarini to‘liq o‘zgartiradi. Shundan so‘ng kabinadagi priborlar agar yonilg‘i sig‘imidan instruksiyada ko‘rsatilgandan ko‘proq aviakerosin sarf bo‘la boshlasa darhol ogohlantirish xabarini beradigan bo‘ladi.

Air Transat aviakompaniyasi yengil shikastlangan Airbus A330 samolyotini ta’mirlab, undan foydalanishda davom etadi. 2009 yilda u Indoneziya aviakompaniyasiga lizingga beriladi. Keyinroq kanadaliklar uni qaytarib olib yana foydalandi. 2020 yilda Air Transat samolyotdan foydalanishni to‘xtatadi. Hozirda Airbus A330 Toronto aeroportida saqlanmoqda.
Samolyotni boshqargan ekipaj komandiri 2017 yilgacha ishlab, so‘ng nafaqaga chiqadi. Ikkinchi uchuvchi esa keyinchalik Emirates aviakompaniyasiga o‘tib ishlay boshlaydi.
Keyinchalik bu hodisa haqida bir nechta hujjatli film suratga olinadi. Shuningdek, 2010 yilda ekipaj komandiri Rober Pishega bag‘ishlab “Pishe: osmon va yer o‘rtasida” badiiy filmi suratga olinadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid

12:01
“Trampning siyosatdagi “qimorbozligini” Kanada tushunolmayapti” – AQSh baribir savdo bojlarini joriy qildi

09:42
Mark Karni Kanadaning yangi bosh vaziri bo‘ladi

08:58
Germaniya Tramp F-35 samolyotlarini «o‘chirib qo‘yishi» mumkinligidan xavotirda

13:58 / 07.03.2025