Ukraina prezidenti RF bilan muzokarani taqiqlash haqidagi qonun muzokara o‘tkazishga to‘siq emasligi, xalq nomidan muzokara qilishga faqat unda vakolat borligini aytdi. Putin esa “Zelenskiy legitim emas, u bilan gaplashmaymiz” degan pozitsiyani ushlab olgan. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, bundan shunday xulosa qilish mumkin: Putin Kiyevni o‘rtaga qo‘shmagan holda, to‘g‘ridan to‘g‘ri Tramp bilan gaplashmoqchi.
Ukrainada Rossiya bilan muzokara o‘tkazishga qonun bilan kiritilgan taqiq mamlakat ichidagi separatistik tendensiyalarning oldini olish uchun joriy etilgan edi, dedi prezident Volodimir Zelenskiy bir necha kun oldingi chiqishida.
Zelenskiy prezident sifatida faqatning uning o‘zi Ukraina nomidan muzokara o‘tkazish vakolatiga ega ekani, boshqa siyosatchilarga Rossiya bilan muzokaraga kirishish taqiqlanganini aytdi.
Ayrim tahlilchilar Ukraina prezidentining bu so‘zlarini urushning joriy holatida Rossiya bilan muzokaraga tayyorlikka ishora sifatida talqin qilmoqda.
Siyosiy tahlilchi Bektosh Berdiyevning fikricha, muzokara o‘tkazishga taqiq haqidagi qonunni “Ukraina umuman muzokara o‘tkazmaydi” deb emas, “Ukrainada prezidentdan boshqa hech kim muzokara o‘tkazish huquqiga ega emas” deya talqin qilinishini mantiqan to‘g‘ri deb qabul qilish mumkin.
“Ya’ni Zelenskiy boshqalarga Rossiya bilan muzokaralar olib borishni taqiqlagan. U mamlakat prezidenti sifatida boshqaruvda o‘tiribdimi, demak, muzokaralarni ham aynan uning o‘zi olib borishi kerak”, – deydi u.
Berdiyevga ko‘ra, urushning shu nuqtada yakunlanishiga Ukraina rozimi degan savol – murakkabroq.
“Hozir Ukraina ham qiyin vaziyatga tushib qoldi, ayniqsa, Trampning yordami to‘xtatish haqidagi tahdidlaridan keyin. G‘arb hozir ham Ukrainaga turli hajmda yordam jo‘natyapti, jumladan, yaqinda Niderlandiya yuborgan harbiy samolyotlar qabul qilib olingani haqida ma’lumotlar bor. Lekin Ukrainaning umumiy frontdagi kelajagi AQSh yuboradigan moliyaviy va harbiy yordam paketlariga bog‘lanib qolgan.
Rossiyaning inson resurslari yoki harbiy texnikalar borasida duch kelayotgan muammolariga qaramay, rossiyaliklar ma’lum darajada ilgarilayapti. Ular Trampning hokimiyatga kelishi fonida o‘zlarining pozitsiyasini mustahkamlaganliklariga ishonmoqda. Rossiya doimiy kun tartibida bo‘lib turgan 4 ta viloyatni o‘ziga tamoman qo‘shib olmoqchi ekanini, buning uchun yetarlicha huquqiy asos yaratilganini aytmoqda”, – deydi tahlilchi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning ta’kidicha, Rossiya hozirgacha egallagan hududlarining aksariyatini 2014 yildan keyin va keng ko‘lamli urushning dastlabki yili bo‘lgan 2022 yilda qo‘lga kiritgan.
“O‘sha paytda Yevropada Ukraina egallangan hududlarni Rossiyada qoldirish evaziga urushni to‘xtatishi kerakligi haqida fikrlar bildirilgan edi. Biroq Zelenskiy va uning fraksiyasi hududlarni Rossiyaga berish evaziga muzokara o‘tkazishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgan edi. Bu qonun orqali Zelenskiy Rossiya bilan hech qanday muzokaralar olib bormasligini va faqatgina urush orqali 1991 yilgi chegaralarni qayta tiklashi haqida signal bergan edi.
Hozir esa ikki tomon ham urushdan juda charchagan. So‘nggi paytlarda rossiyalik harbiylar orasida ham, ukrainalik harbiylar orasida ham jang maydonlaridan qochib ketish holatlari ko‘paygan. Rossiya o‘zining asosiy strategik maqsadi sifatida o‘z oldiga Kursk viloyatini qaytarib olish vazifasini qo‘ygan edi, biroq haligacha o‘z maqsadiga erisha olmadi. Ukraina ichkarisida ham vaziyat juda og‘ir.
Menimcha, Putin ayni paytda urushni to‘laqonli to‘xtatish va Ukraina bilan yarashish niyatida emas. Putinning Zelenskiy legitim emasligini aytayotganidan tushunish mumkinki, u Ukrainani aralashtirmagan holda Trampning o‘zi bilan kelishuvga erishmoqchi. Mark Rubioning Ukrainaga ortiqcha umid berilgani, aslida ukrainaliklar g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega emasligi va AQShning o‘z xavfsizligi borasida ham o‘ylashi kerakligi haqidagi bayonotlari aslida Rossiyaga yon bosish hisoblanadi”, – deydi Rabbimov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya iqtisodiy jihatdan og‘ir holatda, front ikki tomonni ham nihoyatda charchatgan, lekin Putin hozir nima qilishni bilmaydi. “Chunki 3 yil davomida ko‘zlangan darajadagi hududlarni egallay olmadi, urushni shu nuqtada to‘xtatsa, Ukrainaning qolgan hududlari NATOga a’zo bo‘lishi mumkin, buning oldini olish yo‘lini esa na Putin, na uning strateglari bilmaydi”, deydi ekspert.
Tahlilchi Shuhrat Rasul Kiyevni egallash maqsadida urush boshlagan Rossiya 2022 yildan buyon Rossiyaning juda kam qismini egallay olganiga e’tibor qaratdi. 2024 yil oxiridagi front chiziqlariga asosan, Ukrainaning jami 107 ming kilometr kvadrat hududini (Ukraina suveren hududlarining 17,7 foizi) Rossiya nazorat qilmoqda. 2022 yil 23 fevral (keng ko‘lamli urush boshlanishidan bir kun oldin) holatiga esa, Rossiya bosqini ostidagi Ukraina hududlari 42 ming kilometr kvadrat edi. Shu tariqa, RF armiyasi o‘tgan 3 yilda 65 ming km kv yoki Ukraina suveren hududlarining faqat 10,8 foizini foizini bosib olishni uddaladi.
“Joriy harbiy harakatlar davomida Rossiya qariyb 1 mln nafar askaridan va minglab harbiy texnikalaridan ayrildi, o‘zining qudrati yetmagani sababli Shimoliy Koreyadan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi, biroq bu ham unga kifoya qilmadi, shuning uchun hozirda Shimoliy Koreyadan yana 15 ming nafar harbiy so‘ragani aytilmoqda. Avvaliga Rossiya Moskvadan kuniga 250-300 nafar odam yollagan bo‘lsa, hozir bu raqamlar 30-40 kishini tashkil qilmoqda. Frontning narigi tomonida esa, AQSh va Yevropaning ilg‘or harbiy sanoati Ukrainani takomillashgan qurollar bilan ta’minlash ustida ishlamoqda”, deydi Shuhrat Rasul.
Bektosh Berdiyev bu fikrga qo‘shilmaydi: uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb berayotgan qurollar Rossiya harbiy mashinasini to‘xtata olmaydi.
“Shu vaqtgacha ham Yevropa va AQSh Ukrainaga eng ilg‘or harbiy texnikalarini yuborib keldi, biroq ularning barchasi ma’lum muddat o‘tganidan keyin yo‘q bo‘lib ketdi. Har gal Ukrainaga yangi harbiy texnologiyalar yetkazib berilganida, mutaxassislar bu qurollar Rossiyaga qanchalik zarar yetkaza olishini muhokama qilyapti, lekin amalda Rossiya baribir ma’lum darajada oldinga siljishda davom etyapti. Rossiyaning oz bo‘lsa-da Ukraina ichkarisiga siljishi Ukrainani qiyin ahvolga solyapti, armiya kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti”, – deydi u.
Siyosiy tahlilchi Abduvali Soyibnazarovning ta’kidlashicha, urush Tramp ma’muriyati maqsad qilgani aytilayotgan 100 kunlik muddatda yakunlanishi ehtimoli juda kam.
“Urush hali 100 kundan uzoqroq ham davom etadi va bu bitta tomon o‘z maqsadiga erishmaguncha davom etsa kerak. Rossiya Ukrainaning dengiz davlati maqomini yo‘qqa chiqarishni, sobiq ittifoq davlatlari hududidagi ta’sir doirasini tiklashni, NATOning mazkur davlatlar hisobiga kengayishining oldini olishni maqsad qilgan.
Trampning bu urush masalasidagi bayonotlari barqaror emas. Uning Ukrainaga harbiy yordamni kamaytirishi ukrainaliklarning ahvolini og‘irlashtirib qo‘ydi. Ma’lum darajada yordam berilishi davom etyapti, lekin hali Trampning o‘zi birorta ham yordam paketini imzolash haqida gapirayotgani yo‘q. Shuningdek, Bayden imzolab ketgan yordamlar bo‘yicha ham barcha majburiyatlar hali to‘liq bajarilmadi”, – deydi Abduvali Soyibnazarov.
Jonli efirda kechgan to‘liq suhbat bilan ushbu havola orqali tanishing.