Toshkent shahar hokimligi jamoatchilikni chalg‘itishga urindimi? Bosh prokuratura hokimlik raddiyasini rad etdi

O‘zbekiston 18:07 / 04.02.2025 10592

Toshkent shahar hokimligi jinoyatda gumonlanayotgan hokim yordamchisi haqida Bosh prokuratura tarqatgan xabarga munosabat bildirishi ortidan, Bosh prokuratura ham hokimlik bayonotiga tanqidiy javob berdi.

Dastlab, 3 fevral kuni Bosh prokuratura Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, u odamlarning nomiga kredit rasmiylashtirgani haqida xabar bergan edi.

Qayd etilishicha, hokim yordamchisi M.F. 20 nafar fuqaroga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalanib, jami 427,7 million so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritgan va o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Shuningdek, hokim yordamchisi o‘zining qarindoshlari va boshqa besh nafar fuqaroga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Holat yuzasidan firibgarlik va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi ochilib, tergov boshlangan.

4 fevral kuni Toshkent shahar hokimligi bu xabar yuzasidan bayonot berib, Toshkent shahrida “bunday tavsifga mos keladigan mansabdor shaxs mavjud emasligi”ni bildirdi.

Tarqatilayotgan ma’lumotlarda M.F. deb aytilayotgan shaxs o‘tgan yilning noyabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan”, – deyiladi hokimlik axborotida.

Poytaxt hokimligi, shuningdek, OAVga axborot tarqatishda “ishonchlilik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga amal qilish” kerakligini uqtirdi.

Bosh prokuratura hokimlikning bayonotini “jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan” deb baholadi.

Shuni ma’lum qilamizki, M.F. 2022 yilning 7 oktyabr kunidan 2024 yilning 29 noyabr kuniga qadar Shayxontohur tumani “Kamolon Darvoza” MFYda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib, tuman hokimining 2024 yil 14 dekabrdagi tegishli qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

M.F. aynan hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan davrida muqaddam e’lon qilingan xabardagi qilmishlarni sodir etgan”, – deyiladi bayonotda.

Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan hujjatga ko‘ra, hokim yordamchisi 2023 yilning fevral oyidan dekabriga qadar boshqa fuqarolar (20 kishi) nomiga 5 million so‘mdan 33 million so‘mgacha, jami 427 million so‘mdan ortiq kredit olib, uni o‘zlashtirib yuborgan.

Bundan tashqari, u 10 nafar o‘zining yaqin qarindoshlari va tanishlarining nomiga hujjatlarni soxtalashtirib, 207 million so‘mdan ortiq kredit olib, uni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Ko‘proq yangiliklar: