“Qamoqda o‘lib ketadi deb o‘ylashgan” – Ohangaronda qamoqdagi mahkumning uyi sud qarori bilan o‘zlashtirib olingani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston 18:20 3520

Rustam Qurbonov 2007 yilda odam o‘ldirishga suiqasd jinoyatida ayblanib, 19 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Oradan 17 yil o‘tib ozodlikka chiqqanida esa Ohangaron shahridagi qonuniy mulki hisoblangan kvartirasi sud qarori bilan boshqa shaxsga o‘tib ketgani ma’lum bo‘ladi. Uni o‘zlashtirgan shaxs Qurbonovga begona emas – eski tanishi, ayni paytda Ohangaron shahar hokimi o‘rinbosari bo‘lgan Zufar Karimov. Sudda kvartira egasi ishtirok etmagan: shov-shuvli jinoyat sodir qilib uzoq muddatga “kesilgan” odamni “Rossiyaga ishlash uchun ketdi va 4 yildan beri undan xabar bo‘lmadi” deb rasmiylashtirishgan. Ishni jamoatchilikka tanish sudya, fuqaroning uyini soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga o‘tkazib, sotib yuborgan Namangan viloyat sudi raisining o‘rinbosari Abdurahmon Safayev ko‘rgan.

19 yillik qamoq

2007 yilda Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida shov-shuvli jinoyat yuz beradi: fuqaro Rustam Qurbonov Ohangaron tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosariga to‘pponchadan o‘q uzib, yelkasidan jarohatlaydi.

Rustam Qurbonov Jinoyat kodeksining 25,97 (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) va boshqa moddalari bilan aybli deb topilgan va 2008 yil aprel oyida 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazo u xibsga olingan sana – 2007 yil 26 oktyabrdan boshlab hisoblangan. IIB mulozimining otilishi bilan bog‘liq bo‘lgani bois ushbu jinoyat tafsilotlari o‘sha vaqtda ko‘pchilikning qulog‘iga yetib borgan edi.

2024 yil oktyabr oyi oxirida ozodlikka chiqqan Qurbonov jazo muddatining ilk yillarida Ohangaron shahridagi uyini tanishi Zufar Karimov sudning hal qiluv qarori bilan o‘z nomiga rasmiylashtirib olganini aytmoqda. U Kun.uz’ga taqdim qilgan hal qiluv qarori nusxasida Zufar Karimov chindan ham Rustam Qurbonovning uyini o‘z nomiga rasmiylashtirib olgani ko‘rinadi.

Zufar Karimov ayni paytda Ohangaron shahri hokimi o‘rinbosaridir.

Topilmagan” odam va sudning savollarga to‘la qarori

Nizoli xonadonning Rustam Qurbonovdan Zufar Karimovga o‘tishi fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron sudining 2008 yil 17 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan asoslantirilgan. Ishni o‘sha paytda fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudi raisi bo‘lgan Abdurahmon Safayev ko‘rib chiqqan.

Hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vogar Zufar Karimov sudga javobgar Rustam Qurbonovga nisbatan Ohangaron shahri, 1-kichik tuman, 51-uyning 2-xonadoni oldi-sotdi bitimini haqiqiy deb topish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritgan.

Sudda Zufar Karimov xonadonni 2004 yil 14 aprelda egasi Rustam Qurbonovdan 2 ming AQSh dollariga sotib olganini, bunga guvohlari borligini, Qurbonov tilxat yozib berganini aytgan.

Hal qiluv qarorida Zufar Karimovning ko‘rsatmalari shunday bayon etiladi:

Rustam Qurbonov pulni to‘liq olganidan so‘ng menga uy kaliti va hujjatlarini berdi. Keyin xonadonni tez kunda notarial idora orqali rasmiylashtirib berishini va’da qildi.

Xonadonning kommunal va boshqa to‘lovlari bo‘yicha Qurbonovning qarzlari ko‘p edi. U men bergan puldan mana shu qarzdorliklarni yopib berishi lozim bo‘lgan. Lekin u ko‘p o‘tmasdan Rossiyaga ishlash uchun ketdi (!) va 4 yildan beri undan xabar bo‘lmadi. Uni qarindoshlari orqali ham surishtirib topa olmadim.

Xonadonda 4 yildan beri oila a’zolarim bilan yashab, barcha to‘lovlarni amalga oshirib kelyapman”.

Sud Rustam Qurbonovning “aniq yashash manzili noma’lum bo‘lganligi sababli” (?) ishni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqishni lozim topgan.

Sudda guvoh sifatida so‘ralgan K.Sattorov hamda B.Shometov ismli shaxslar Zufar Karimov 2004 yil 14 aprelda Rustam Qurbonovdan xonadonni sotib olganida guvoh sifatida ishtirok etishganini, Qurbonov kelishilgan pulni olib, o‘z qo‘li bilan tilxat yozib berganligini bildirishgan.

Sud da’vogar bayonoti, guvohlar ko‘rsatmasini eshitib, da’voni qanoatlantirishni lozim topgan.

“Rustam Qurbonov xonadonini sotib, pulini olgani sudda o‘z isbotini topdi. Keyinchalik u uyni notarial idora orqali da’vogar nomiga rasmiylashtirib berishi lozim bo‘lgan. Biroq u “noma’lum manzilga ishlash uchun ketib qolgan va hozirgi kungacha qaytib kelmagan”, deyiladi sudning hal qiluv qarorida.

Qarorda taraflar o‘rtasida xonadonning oldi-sotdi bitimi amalga oshirilganligi javobgarning tilxati, hujjatlarini da’vogarga berib, uyni bo‘shatib ketganligi, 4 yildan beri xonadonga da’vo qilib kelmaganligi va boshqa vajlar bilan o‘z isbotini to‘liq topganligi keltirilgan. Sud “taraflar o‘rtasidagi turar joyning oldi-sotdi bitimini haqiqiy deb topish lozim va ushbu nizoni o‘zgacha yo‘l bilan hal qilishning imkoni yo‘q”, degan xulosaga kelgan.

Shuningdek, sud da’vogar o‘z huquqini tiklash uchun belgilangan muddatni “javobgarni qidirib topa olmasdan uzrli sabablarga ko‘ra” (?!) o‘tkazib yuborgan, deya uni tiklab berishni lozim topgan.

Shu tariqa, sudning hal qiluv qarori bilan bahsli xonadon Zufar Karimovga o‘tgan. Qarorda “noma’lum manzilga ishlash uchun ketib qolgan” deb ko‘rsatilgan, aslida esa jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan Rustam Qurbonov bundan bexabar qolgan.

Rustam Qurbonovga ko‘ra, u Zufar Karimov bilan avvaldan tanish bo‘lgan. Demakki, Rustam Qurbonovning jinoyat sodir qilib, 19 yilga “kesilib” ketganini Ohangaron shahrida yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qariyb barcha eshitgan bir paytda Zufar Karimov xabardor bo‘lmay qolishi biroz g‘alati.

Bunaqa ko‘rsatma bermaganman”

Sudning hal qiluv qarorida guvoh sifatida Bahrom Shometov so‘ralgani keltirilgan. Unda shunday deyiladi:

“Guvoh sifatida so‘ralgan B.Shometov Zufar Karimov 2004 yilda Rustam Qurbonovdan Ohangaron shahar 1-kichik tuman 51-uyning 2-xonadonini sotib olganida guvoh bo‘lib ishtirok etganligini, Ohangaron shahridagi kollej oldida Rustam Qurbonov Zufar Karimovdan dollarni olib, unga o‘z xonadonini sotganligi haqida tilxat yozib berganligini, xonadon hujjatlarini berganligini ko‘rsatdi”.

Ammo Kun.uz bilan suhbatlashgan Bahrom Shometov sudda bunday ko‘rsatma berganini rad qildi.

Kamol Sattorov ismli yigit bor, Rustamning o‘rtog‘i edi u o‘sha paytda. Bir kuni kechasi Zufar Karimov oldimga keldi va Kamol Sattorovga pul berib kelishimizni aytdi. Bordik. Yo‘lning bo‘yida do‘kon bor edi. O‘sha yerda to‘xtadi. Mashinaning ichida 2 ming dollar sanadi va “aka, qarab turing”, deb mashinadan tushib, berib keldi. “Kamolga 2 ming dollar berdim”, dedi kelib. Lekin o‘sha narsani keyin sudga chaqirganida Kamol Sattorov pulni olib, Rustamga berganman dedi.

Qisqacha sud bo‘ldi. Sudya kirib, “2 ming dollar berganini ko‘rganmisan?” dedi. Qorong‘i bo‘lganini, Zufar mashinadan tushib pulni berib kelganini aytdim. Aynan Zufar Karimov Rustam Qurbonovga 2 ming dollar berganini ko‘rmaganman, Kamol Sattorovga berganini ko‘rganman”, deya ma’lum qildi Bahrom Shometov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, holat sudning hal qiluv qarorida ko‘rsatilganidek 2004 yilda emas, sud bo‘lishidan, ya’ni 2008 yil sentabr oyidan oldinroq bo‘lgan.

Zamhokim” nima deydi?

Karimov Zufar Olimjonovich 2022 yil iyul oyidan buyon Ohangaron shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab keladi. Bungacha u shahardagi Yoshlik mahallasida hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Zufar Karimov, Ohangaron shahar hokimi o‘rinbosari

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida Zufar Karimov bilan bog‘landi.

U kvartira Rustam Qurbonovniki emas, Kamol Sattorovniki bo‘lgan, hujjat uning nomida bo‘lgan xolos. Kvartirani 2008 yilda sotib, hovliga chiqib ketgan. Allaqachon 2-3 kishiga sotilib ketgan u xonadon.

2004 yilda olgan bo‘lsam, borib-kelib xabar olib yurilgan uydan. O‘sha vaqtda nomimga o‘tkazib olmaganimning sababi kommunal to‘lovlardan qarzdorlikni to‘lab bermasdan cho‘zib yurdi Kamol aka.

2004 yilda pulni Kamol Sattorov va Rustam Qurbonov ikkalasiga berganman. Bahrom Shometov va Sherzod aka degan odamlar ham bo‘lgan. Sherzod aka vaqti bo‘lmay, sudga kelmagan.

Xullas, uning uyi bo‘lmagan: pulni olgan, tilxatni yozgan, uy hujjatlarini bergan. Tilxatni sudga taqdim qilganmiz”, deya izohladi holatni Zufar Karimov.

Shuningdek, u Rustam Qurbonov istasa sudga berishi mumkinligini, bu ishlar sud tartibida hal qilinishi kerakligini bildirdi.

Zufar Karimov suhbatda “2004 yilda uyni olgan bo‘lsa, borib-kelib xabar olib yurilganini” ma’lum qildi. Ammo sudning hal qiluv qarorida u xonadonda “4 yildan beri oila a’zolari bilan yashab kelgani” keltirilgan.

Suddagi guvoh butunlay boshqa gap aytmoqda

Zufar Karimov suhbatda bahsli kvartira aslida Rustam Qurbonov emas, Kamol Sattorovniki ekanligini aytyapti. Ammo sudda guvoh sifatida so‘ralgan Kamol Sattorov bunaqa ko‘rsatma bermagan.

U sudda “Zufar Karimov 2024 yil 14 aprelda Rustam Qurbonovdan Ohangaron shahri, 1-kichik tuman, 51-uyning 2-xonadonini sotib olganida guvoh bo‘lib ishtirok etganligini, Rustam Qurbonov kelishilgan pulni olib o‘z qo‘li bilan tilxat yozib berganligini va xonadonning barcha hujjatlarini Zufar Karimovga berganligini, shundan beri uni ko‘rmaganligini, taxminan 4 yildan beri bu xonadonda Zufar Karimov oilasi bilan birga yashab kelayotganligini” aytgan.

Rustam Qurbonov Kun.uz bilan suhbatda tilxat yozgani va uy hujjatlarini Zufar Karimovga berganini butunlay rad qilmoqda.

“Uy hujjatini hech kimga bermaganman. Hujjatlar uyda turgandi. Xonadonning kalitini esa Kamol Sattorovga berib qo‘ygandim. U kelib-ketib, xabar olib yurgan”, deydi u.

Ikki “delo”da bir prokuror yordamchisi

Rustam Qurbonovning 19 yilga hukm qilinishiga oid jinoyat sudida Ohangaron shahar prokurorining yordamchisi S.Jamolov ishtirok etgan va davlat ayblovini quvvatlagan.

Kvartira Rustam Qurbonovdan Zufar Karimovga o‘tishiga asos bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron sudining 2008 yil 17 sentabrdagi hal qiluv qaroridan ko‘rinishicha, ushbu ishda ham Ohangaron shahar prokurorining yordamchisi S.Jamolov qatnashgan.

Ikki sud ishining muddatlari orasidagi farq 6 oyni tashkil qiladi. S.Jamolov bu muddatda Rustam Qurbonovning uzoq muddatga qamalganini unutib qo‘yishi hamda sudning hal qiluv qarorida u “noma’lum manzilga ishlash uchun ketib qolgan va hozirgi kungacha qaytib kelmagan”, deya ko‘rsatilishiga e’tiborsiz qaraganini qanday baholash mumkin?

Sudyaning “qo‘li” bormi?

Sudning hal qiluv qaroridagi noaniqliklar, qamoqda saqlanayotgan mahkumning “topilmadi, noma’lum tomonga ketib qolgan”, deya ko‘rsatilishi ishni ko‘rgan sudya Abdurahmon Safayevga nisbatan qator savollarni yuzaga chiqaradi. Qolaversa, ayni shu sudya oldinroq Namanganda fuqaroning uyini soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga o‘tkazib, sotib yuborgani bilan “tilga tushgandi”.

Unga ko‘ra, Namangan viloyati sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Abdurahmon Safayev Namangan shahri Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi o‘zganing egaligida bo‘lgan xonadonni soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga rasmiylashtirib, boshqa bir odamga sotib yuborgani aytilgan. Ushbu holatni Kun.uz’ning bir-biridan mustaqil ikki manbasi tasdiqlagan.

Sudyalar Oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov Kun.uz so‘roviga javoban ushbu holat bo‘yicha Abdurahmon Safayevga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilganini bildirgandi. Xizmat tekshiruvi natijasida A.Safayevga nisbatan qanday chora qo‘llanganiga doir savol esa hamon ochiq turibdi.

Bu orada Sudyalar oliy kengashi tomonidan A.Safayevga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi uning harakatlariga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilganiga oid uzuq-yuluq xabarlar ham tarqadi. Prokuratura uning harakatlariga qanday huquqiy baho bergani ham noma’lum. Ma’lum bo‘lgani shuki, Abdurahmon Safayev Prezidentning 2025 yil 23 yanvardagi farmoyishi bilan yozma arizasiga asosan Namangan viloyat sudi raisining o‘rinbosari - fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etilgan.

Sudyalar Oliy Kengashining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Abdurahmon Safayevning Namangandagi kvartiraga oid harakatlari ustidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari tegishli qaror qabul qilish uchun Sudyalar oliy malaka hay’atiga yuborilgan. Hay’atning bu boradagi qarori esa ma’lum emas.

Bu orada Kengash xulosasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Kengash matbuot kotibi Tursunali Akbarov ayni masaladagi so‘rovni ochiq qoldirmoqda.

Kun.uz ushbu holat Bosh prokuraturada qanday hal etilganini so‘rab Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovga so‘rov yubordi.

Abdurahmon Safayev 2006-2011 yillarda fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Sobiq mahkum uyini qaytara oladimi?

Ayni paytda ushbu kvartira kimning nomida ekanligi tahririyatga ma’lum emas. Rustam Qurbonov 17 yildan so‘ng Zufar Karimovdan keyin ham bir necha “qo‘lga o‘tgan” uyini qaytarib olishga harakat qilmoqda. Bunga erisha oladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi. Qurbonov sud qarorida bu qadar ko‘r-ko‘rona yondoshuv bo‘lganligini “ular [Zufarov va sudya] meni qamoqdan qaytmaydi, o‘sha yerda o‘lib ketadi deb o‘ylashgan” deya izohlaydi.

Xususiy mulkning sud tartibida bu tarzda begonalashtirilishi har doim ham uchrayvermaydigan holatdir. Shu bois har ikkala voqeaning rivojini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz.

Ruslan Saburov,
Kun.uz 

Ko‘proq yangiliklar: