Lift shaxtasida farroshni tosh bosib qolgan - Riviera'dan reportaj

Jamiyat 16:16 4120

3 fevral kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan Riviera savdo markazida farrosh ayol baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rganish uchun savdo majmuasiga bordi. Ammo majmua xodimidan tortib direktorigacha tahririyat savollariga javob berishni xohlamadi.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, 3 fevral kuni savdo majmuasida farrosh bo‘lib ishlovchi 45 yoshli ayol lift shaxtasiga shisha oynalarni tozalash uchun kirgan. U shaxtaning burchak qismida ekanida lift eshiklari yopilib, tepaga qarab harakatlanishni boshlagan. Liftni harakatga keltiruvchi toshlar farroshning ustiga tushib ketgan. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmati baxtsiz hodisaga texnika xavfsizlik talablarining buzilishi sabab bo‘lganini taxmin qilgan. Kun.uz bunga aniqlik kiritish maqsadida savdo majmuasiga bordi.

Bosh prokuratura axborot xizmatining aniqlik kiritishicha, o‘sha kuni soat 11:10 da savdo majmuasida farrosh bo‘lib ishlovchi 45 yoshli Sh.M. lift shaxtasiga shisha oynalarni tozalash uchun kirgan. U shaxtaning burchak qismida ekanida lift eshiklari yopilib, tepaga qarab harakatlanishni boshlagan, liftni harakatga keltiruvchi toshlar farroshning ustiga tushib, uni qisib qolgan.

Kun.uz muxbiri savdo markazida bo‘lib, administratsiya xodimlaridan liftning shu kungacha qanday ishlab kelgani haqida so‘radi. Ammo majmua xodimidan tortib direktorigacha shu kabi savollar javobsiz qoldi. Ular bunga tergov jarayonlarini vaj qilib ko‘rsatdi.

Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, boquvchi bo‘lgan xodim mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan holda vafot etgan taqdirda ish beruvchi ziyonning o‘rnini qoplashi shart.

Bular biryo‘la beriladigan nafaqa, boquvchining yo‘qotilgan ish haqi o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlar va qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilishdan iborat bo‘ladi. Boquvchi vafot etgani munosabati bilan biryo‘la beriladigan nafaqaning miqdori marhumning o‘rtacha yillik ish haqining olti baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.

Bundan tashqari, oilaning boquvchisini yo‘qotgan a’zolariga har oylik nafaqalarni to‘lab borish ham ish beruvchining zimmasiga yuklanadi.

Ma’lumot o‘rnida, marhuma Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidan bo‘lgan. U mazkur savdo majmuasida 2020 yildan beri farroshlik qilib kelgan. Uning 2 nafar farzandi yetim qolgan. 

Ko‘proq yangiliklar: