Isroilning G‘arbiy sohildagi zulmi, Eronning yangi raketasi va Moskvadagi turar joy majmuasida portlash - kun dayjesti

Jahon 13:46 2302

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

G‘azoda 19 yanvardan e’tiboran sulh kuchga kirganidan so‘ng, Isroil o‘z zulmini Falastinning G‘arbiy sohildagi qismiga qaratdi.

Bu yerda harbiy operatsiyalar tobora kengaytirilmoqda: Isroil armiyasi shaharlarni vayron qilmoqda, infratuzilmani yo‘q qilayotgani va falastinliklarni ota-bobolari yashab kelgan manzillarni tark etishga majbur qilayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Jumladan, Isroil qo‘shinlari Janiyn qochqinlar lagerini bombardimon qilib, bir nechta uyni yo‘q qildi. Shu kuni Qabatiyada falastinliklar avtomashinasiga havo hujumi uyushtirilib, ikki kishi halok bo‘ldi.

28 yanvardan buyon Tulkarm qamal ostida. Isroil kuchlari yo‘llarni buzmoqda, avtomobillarni yoqmoqda, savdo hududlarini vayron qilib, daraxtlarni kesmoqda.

Bu orada, G‘azoda 20 falastinlikning jasadi topildi. Ommaviy qabrga Shayx-Zoid hududida duch kelingan. U yerda Isroil qo‘shinlari tomonidan bir necha oy oldin o‘ldirilgan 20 falastinlikning jasadlari dafn qilingan, deb xabar bermoqda mahalliy manbalar.

Hodisa Isroil armiyasining G‘azodagi harakatlari yuzasidan yangi savollarni o‘rtaga chiqarmoqda.

Netanyahu G‘azoda urushni qayta boshlamoqchi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azoda harbiy harakatlarni qayta boshlashni rejalashtirmoqda. U sulhning ikkinchi bosqichiga o‘tishni istamayapti.

Bu bosqichda otishmalar to‘liq to‘xtatilishi va Isroil qo‘shinlari G‘azodan chiqishi kerak. Ayrim amaldorlar va HAMAS tomonidan hamon garovda ushlab turilgan isroilliklarning oilalari uning kelishuvdan voz kechishidan xavotirda.

Isroilda taranglik ortib bormoqda. 1 fevral kuni Netanyahu Mossad, ShABAK va armiya rahbarlari bilan uchrashuvni bekor qildi. U muzokaralarni to‘xtatib, barcha nazoratni o‘ziga yaqin inson — strategik masalalar vaziri Ron Dermerga topshirgan edi.

AQShga tashrif buyurgan Netanyahu prezident Donald Trampni urushni davom ettirishga qo‘llab-quvvatlashga ko‘ndirish niyatida, deb xabar beradi Axios. Vashingtonga yetib borgan Netanyahu Trampni «Isroilning eng yaxshi do‘sti» deb atadi.

Uchrashuvda asosiy masalalar G‘azodagi urushni davom ettirish va Eron yadro dasturini bartaraf etish bo‘lishi kutilmoqda.

Tramp avvalgi prezidentligi davrida Isroilga bir qator diplomatik yutuqlar taqdim etgan. Jumladan, Jo‘lan tepaliklarini Isroil hududi sifatida tan olgan. AQSh elchixonasini Quddusga ko‘chirgan. Bahrayn, Marokash va BAA bilan Avraam kelishuvini imzolagan.

Eron yadro kallakli raketalar yaratmoqda

Eron 2900 km uzoqlikka uchuvchi yadro kallakli raketa ishlab chiqargan. Bu raketa Isroil, Yevropa va hatto Ukraina hududlariga yetib borishi mumkin, deb xabar bermoqda The Telegraph.

Britaniya nashriga ko‘ra, Eron raketani Shimoliy Koreya bilan hamkorlikda ikki maxfiy zavodda ishlab chiqargan. Zavodlar kosmik tadqiqot markazlari sifatida tanishtirilgan, aslida esa ularda yadroviy kallaklar va uchirish tizimlari ishlab chiqarilmoqda.

Obektlar Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan qattiq muhofazalanmoqda.

Bu ma’lumotni Eron muxolifati – Milliy qarshilik kengashi oshkor qilgan. Ularga ko‘ra, Eron yadroviy qurollanish yo‘lida jiddiy qadamlar tashlamoqda.

Moskvadagi turar joy majmuasida portlash

Moskvadagi «Aliye Parusa» turar joy majmuasida yuz bergan portlashda Armen Sarkisyan halok bo‘ldi. U Donbassda «Arman batalyoni» (ARBAT) tashkilotchisi va Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan shaxs sifatida tanilgan, deb xabar beradi «Interfaks».

Baza ma’lumotiga ko‘ra, portlash pod’yezdda sodir bo‘lgan. Kamida besh kishi jarohatlangan, jumladan, Sarkisyanning qo‘riqchilari va Qrimdan kelgan Rossiya qurolli kuchlariga bog‘liq shaxs ham.

Rossiya hukumat manbalari hodisa terakt yoki buyurtma asosidagi qotillik bo‘lishi mumkin degan taxminni ilgari surmoqda. Hozircha rasmiy versiya e’lon qilinmagan.

Ukraina hukumati Sarkisyanni 2014 yildan beri xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritgan. Uni Maydan voqealaridagi rolidan tortib, bir nechta jinoyatlarda ayblab kelgan.

Tramp va Putin qayerda uchrashadi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp uchrashuv joyi sifatida Saudiya Arabistoni yoki BAAni ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi Reuters.

So‘nggi haftalarda rossiyalik yuqori martabali amaldorlar ushbu davlatlarda muzokaralar o‘tkazgan. Biroq Saudiya va BAA AQSh bilan yaqin aloqalari tufayli bu rejaga qarshi ayrim qarshiliklar mavjud.

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon Tramp inauguratsiyadan keyin birinchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilgan xorijiy yetakchi bo‘lgan. Putin esa unga AQSh va Rossiya o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi uchun minnatdorlik bildirgan.

Bu davlatlar Ukraina urushiga nisbatan neytral mavqeda turib, Moskvaga qarshi sanksiya joriy qilmagan. Shuningdek, ular Xalqaro jinoyat sudiga a’zo emas, bu esa Putinning sayohat xavfsizligini ta’minlaydi.

Tramp 3 fevralda Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar rejalashtirilganini aytdi, ammo tafsilotlarni oshkor qilmadi. Kreml, Saudiya va BAA esa hozircha bu haqda rasmiy izoh bermagan.

Meksika uchun bojlar bir oyga kechiktirildi

AQSh va Meksika rahbarlari savdo urushini bir oyga kechiktirish va xavfsizlik sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.

3 fevral kuni Donald Tramp Meksika prezidenti Klaudia Sheynbaum bilan telefon orqali muloqot qilib, Meksika tovarlariga 25 foizlik boj joriy qilishni bir oyga kechiktirish haqida qaror qabul qildi.

Kelishuvga ko‘ra, Meksika o‘zining shimoliy chegarasida xavfsizlikni kuchaytirish uchun 10 ming harbiy joylashtiradi. AQSh esa Meksikaga noqonuniy qurol jo‘natilishini to‘xtatish majburiyatini oladi.

Tramp 1 fevral kuni Meksika va Kanada tovarlariga 25 foiz, Xitoy mahsulotlariga esa 10 foizlik boj joriy qilish haqida farmon chiqargan edi. Bu qarorga javoban Kanada ham AQSh tovarlariga 25 foiz boj joriy qilgan, Meksika esa javob choralarini ko‘rishni rejalashtirayotgan edi.

AQShning Panamaga bosimi ish berdi

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Panamaga tashrifi chog‘ida prezident Xose Raul Mulinoga Vashingtonning qat’iy talabini yetkazdi — AQSh Panama kanalini Xitoy ta’siridan tozalashni talab qilgan.

Vashingtonga ko‘ra, gongkonglik CK Hutchison Holdings kompaniyasining kanal kirish portlarini boshqarish uchun 25 yilga berilgan ruxsatnomasi 1977 yildagi neytralitet shartnomasiga zid. Prezident Donald Tramp buni ochiq tanqid qilib, kanalni qaytarib olish yoki jiddiy chora ko‘rish haqida gapirgan edi.

Muzokaralardan so‘ng Panama prezidenti Xose Raul Mulino mamlakat Xitoyning «Bir makon – bir yo‘l» tashabbusi bo‘yicha memorandumni uzaytirmasligini ma’lum qilgan.

Mulino Xitoy bilan qo‘shma loyihani muddatidan oldin to‘xtatish ehtimolini ham ko‘rib chiqishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Rubio Panamaga kuch ishlatish yoki Panama kanalini AQShga qaytarish bilan tahdid qilmagan. Biroq Xitoy ta’siri shartnomalarga zid ekanini eslatgan.

Yevropada ommaviy deportatsiya muhokama qilinmoqda

Yevropa Ittifoqi BMTning qochqinlar maqomi haqidagi konvensiyasini qayta ko‘rib chiqishni muhokama qilmoqda, deb xabar beradi The Times. 1951 yilda qabul qilingan bu hujjat qochqinlarni xavfli hududlarga qaytarishni taqiqlaydi, ammo Yevropa davlatlari migratsiya oqimi sabab uni qayta ko‘rib chiqishga majbur.

2024 yilda YeI davlatlariga 1 mlndan ortiq qochqin ariza topshirgan, bu esa millatchi va populistik partiyalar pozitsiyasini kuchaytirdi. Polsha hukumati tayyorlagan diplomatik hujjatda Yevropa davlatlari deportatsiya imkoniyatlari cheklanganidan norozi ekani aytiladi.

Hujjatda, shuningdek, Yevropa davlatlari qochqinlarni qabul qilish imkoniyatlari tobora cheklanib borayotgani va ayrim muhojirlar jamiyatga integratsiyalashni istamasligi ta’kidlangan.

Qaror hozircha muhokama bosqichida, biroq Yevropa Ittifoqi deportatsiya jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ustida ishlamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: