Ikki kunga bormagan bojlar: Tramp Kanada va Meksikaga savdo tariflarini kechiktirdi

Jahon 19:59 / 04.02.2025 3989

Donald Tramp Meksika va Kanadadan import qilinayotgan mahsulotlarga 25 foiz, Xitoynikiga esa 10 foizlik yangi bojlar kiritib, oradan 2 kun ham vaqt o‘tmay ularni to‘xtatib turishga qaror qildi. Shimoliy Amerikada juda ko‘p turdagi tovarlar narxi oshishiga olib keluvchi boj siyosatiga 1 oylik tanaffus berildi. Lekin Xitoy uchun bu tariflar amalda.

Tramp Kanada bosh vaziri va Meksika prezidenti bilan telefon orqali muloqot qilarkan, ikkala davlat bilan shunga kelishganini ma’lum qildi. Evaziga ham Meksika, ham Kanada AQSh chegaralarini yaxshiroq qo‘riqlaydi.

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo yig‘imlar haqida yozarkan, u X ijtimoiy tarmog‘ida «prezident Tramp bilan yaxshi suhbatdan keyin» avval joriy qilingan tariflar «birgalikda ishlashda davom etar ekanmiz, kamida 30 kunga to‘xtatiladi» deb yozdi. 

Donald Tramp esa «shanba kuni e’lon qilingan tariflar Kanada bilan yakuniy iqtisodiy kelishuv tuzilishi mumkinligini ko‘rish uchun 30 kunga to‘xtatilishini ma’lum qildi.

Har ikki rahbar, shuningdek, Ottava ikki davlat chegarasini himoya qilish va transchegaraviy narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish uchun 1,3 milliard dollar sarmoya kiritishini aytdi. «Kanada bizning shimoliy chegaramiz xavfsizligini ta’minlashga rozi bo‘ldi», deb yozadi Tramp Truth Social’da.

Bundan tashqari Tramp Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum bilan ham 3 fevral kuni telefon orqali gaplashgan. Muloqot do‘stona o‘tgani aytiladi, AQSh Meksikaga ham belgilagan tariflarini 1 oyga to‘xtatadigan bo‘ldi, evaziga esa Meksika o‘zining AQSh bilan shimoliy chegarasiga 10 ming askar jo‘natadi, nazoratni kuchaytiradi. Xususan, Amerikaga noqonuniy narkotik moddalar, jumladan fentanil oqimi to‘xtashi kerak. Vashington esa AQShdan Meksikaga og‘ir o‘qotar qurollarning noqonuniy o‘tmasligini ta’minlash majburiyatini oladi.

Shunday qilib, Meksika va Kanadaning 25 foizlik bojlari hozircha bekor qilingan, faqat Xitoyga belgilangan 10 foiz amalda qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: