Moskvada Donetskdagi «Arbat» batalyoni asoschisi portlatib yuborildi

Jahon 17:05 / 03.02.2025 15321

3 fevral tongida Moskva shahri shimoli-g‘arbidagi Aviatsiya ko‘chasida joylashgan «Aliye parusa» turar joy kompleksida portlash ro‘y berdi. Huquq-tartibot organlariga yaqin bo‘lgan Baza telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, uy pod’yezdiga kirishda qo‘lbola portlovchi qurilma harakatga keltirilgan. 

«Aliye parusa» turar joy kompleksi
Yevgeniya Novojyenina / Reuters / Scanpix / LETA

Portlash oqibatida bir kishi halok bo‘lib, bir necha kishi jarohatlangan. «VChK-OGPU» va «112» telegram-kanallari portlash shu yerda yashovchilardan biri qo‘riqchisi bilan pod’yezdga kirganida ro‘y berganini yozishgan. Telegram-kanallar uy xizmatchilardan birining so‘zlariga asoslanib xabar tarqatgan, u avval «bu odamni televizorda ko‘rgani»ni aytgan. Bunday versiya keyinroq «Kommersant» xabarida ham keltirildi. 

Gazeta gap DXR boks federatsiyasi rahbari va «Arbat» batalyoni asoschisi Armen Sarkisyan haqida borayotganini ma’lum qilgan. Avvaliga Baza Sarkisyan tirik qolgani va poytaxtdagi shifoxonalardan biriga olib borilgani, ammo koma holatida qolayotganini yozdi. Mash xabarida ham u «jiddiy yaralangani» aytildi. «Interfaks» esa dastlab huquq-tartibot organlaridagi manbasiga asoslanib, Armen Gorlovskiy sifatida ham mashhur bo‘lgan Armen Sarkisyan halok bo‘lganini xabar qildi. 

Portlash hollda ro‘y bergan. Foto: The Investigative Committee of Russia

Keyinroq «Interfaks» va TASS o‘z manbalariga asoslanib, Sarkisyan og‘ir yarador bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. «Sarkisyan shifoxonaga yotqizilgan. Uning holati o‘ta og‘ir deb baholanmoqda», — degan «Interfaks» suhbatdoshi. TASS aniqlik kiritib, halok bo‘lgan shaxs Sarkisyanning qo‘riqchisi ekanini bildirdi. RIA Novosti xabarida esa Sarkisyan «oyoqsiz qolgani» aytiladi.

Ammo keyinroq Baza va Mash telegram-kanallari, shuningdek «Kommersant» va TASS Armen Sarkisyan jonlantirish bo‘limida vafot etganini xabar qildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida to‘rt kishi yaralangan. Moskva sog‘liqni saqlash departamentidagilar jabrlanuvchilarning holati og‘irligini ma’lum qilgan.

Tergov qo‘mitasi hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Aynan qanday modda bo‘yicha ekaniga aniqlik kiritilmagan. «Kommersant» yozishicha, jinoiy ish ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirish va o‘ldirishga suiqasd harakati bo‘yicha (RF JK 105-modda) ochilgan.

Sarkisyan (o‘ngdan birinchi) Ukrainada jinoiy avtoritet sifatida tanilgan. 2014 yildan so‘ng Rossiya tomoniga o‘tib ketgan. Ukrainada unga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

2024 yil dekabrida Ukraina xavfsizlik xizmati Armen Sarkisyanni jinoyatda gumonlab bayonot bergandi. Idora xabarida Sarkisyan Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning yaqin odamlari sirasiga kiruvchi kriminal avtoritet deb atalgan. Ukraina maxsus xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlangach, Sarkisyanga «og‘ir jinoyatlar uchun qamalgan retsidivistlar»ni o‘z ichiga oluvchi «Arbat» batalyonini tuzish topshirilgan. Bu tuzilma avvaliga Toretsk yo‘nalishidagi janglarda qatnashgan, keyin esa Kursk oblastiga olib o‘tilgan. 

Ukrainada Sarkisyan o‘z ixtiyori bilan noqonuniy qurolli tuzilmalarda ishtirok etish hamda tajovuzkor davlatga yordam berish haqidagi moddalar bo‘yicha gumonlangan.

Ko‘proq yangiliklar: