Isroil davlat prokuraturasi bosh vazir Binyamin Netanyahuning rafiqasi Saraga nisbatan jinoiy tergov boshlanganini rasman e’lon qildi. U turmush o‘rtog‘ining ishlari bo‘yicha muhim guvohlarga qarshi kampaniya tashkillashtirish, shuningdek, sud jarayoniga aralashishda gumonlanmoqda.
Qayd etilishicha, tergov 12 telekanalining reportajidan keyin boshlangan. Jurnalistik surishtiruvga ko‘ra, Sara Netanyahu bosh vazirning sobiq yordamchisi Xanni Bleyvaysdan Binyamin Netanyahu ishi bo‘yicha muhim guvoh — Xadas Klyaynga qarshi norozilik va onlayn kampaniya tashkillashtirishni so‘ragan.
Tergovga politsiyachilar va Isroil Bosh prokuraturasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari jalb etilgan. Bosh prokuror Gali Baharav-Miara tergovni boshlash ko‘rsatmasini 26 dekabrda bergan. Sara Netanyahuning advokati ishni «siyosiylashtirilgan jodugarlar ovi» deb atagan.
2019 yilda Sara Netanyau 50 ming dollarga yaqin davlat mablag‘larini maqsadsiz sarflaganlikda aybdor deb topilgan edi. O‘shanda bosh vazirning rafiqasi 15 ming dollar jarimaga tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabrda Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order bergandi. XJS Isroil bosh vaziri Binyamin Netayahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni G‘azo sektoridagi harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarda gumonlamoqda.
Joriy yilning 27 yanvar kuni Binyamin Netanyahu poraxo‘rlik, firibgarlik va jamoatchilik ishonchini suiiste’mol qilish bo‘yicha qayta boshlangan uchta ish bo‘yicha eshituvlarda ishtirok etish uchun Tel-Aviv okrug sudiga yetib kelgan edi.