2024 yildagi prezident farmoni bilan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida fuqarolarning erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq protsessual qarorlarga sanksiya berish vakolatini alohida tashkil qilinadigan tergov sudyalariga o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan edi. 2025 yil 29 yanvardan kuchga kirgan qonun bilan tergov sudyalari endilikda jinoyat protsessida o‘z vazifalarini to‘laqonli bajarishiga yo‘l ochildi.
Xususan, 2025 yil 29 yanvardan kuchga kirgan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Fuqarolik protsessual kodekslariga, shuningdek, «Prokuratura to‘g‘risida» va «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
«Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish:
Qonunning 28-moddasi 1-qismi 12-xatboshisida nazarda tutilgan prokuror vakolatlari ko‘paymoqda. Xususan, prokurorga «…tintuv o‘tkazish haqida, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to‘g‘risida, mol-mulkni xatlash haqida sudga iltimosnoma kiritish yoki iltimosnomaga rozilik berish», kabi vakolat berildi.
Eng katta o‘zgarishlar JPKda
Xususan, Jinoyat protsessual kodeksining 29-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan sudning vakolatlari ham yuqorida nazarda tutilgan prokuror vakolatlaridek kengaytirilmoqda.
Shuningdek, kodeks yangi 31-1-modda bilan to‘ldirilib, tergov sudyasining vakolatlari belgilanmoqda.
«Tergov sudyasi yakka o‘zi ish tutib, ushbu kodeksda nazarda tutilgan tartibda sudga qadar ish yuritish bosqichida shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshiradi. Tergov sudyasining vakolatlari jumlasiga:
- qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish;
- qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- ushlab turish muddatini 48 soatgacha uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- ayblanuvchi shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashi to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- prokurorning guvoh va jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlashi to‘g‘risidagi iltimosnomalarini ko‘rib chiqish;
- tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
- telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to‘g‘risida iltimosnomalarni ko‘rib chiqish;
- mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish kiradi.
Shuningdek, Jinoyat protsessual kodeksi 158-1, 158-2 va 158-3-moddalar bilan to‘ldirilmoqda. Ushbu moddalarda tintuv o‘tkazish bilan bog‘liq iltimosnoma qo‘zg‘atish, ularni ko‘rib chiqish va ajrim chiqarish nazarda tutilgan.
Ushbu qoidalarga ko‘ra, tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma tergovchi yoki surishtiruvchi tomonidan dastlab prokurorga yuboriladi. Shundan so‘ng prokuror tintuv o‘tkazishga rozi bo‘lsa, zarur materiallar bilan ishni tergov sudyasiga yuboradi. Tergov sudyasi ishni 8 soatdan kechiktirmay, yopiq majlisda ko‘rib chiqadi. Agar tergov sudyasi tintuv o‘tkazishni rad qilsa, tintuv o‘tkazishni taqozo qiladigan yangi holatlar yuzaga kelsagina tintuv o‘tkazish uchun yana iltimosnoma kiritish mumkin bo‘ladi.
Lekin shu bilan birga qonunchilikka ko‘ra, kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda tintuv tergovchining yoki surishtiruvchining qaroriga asosan sudning roziligisiz o‘tkazilishi mumkin, biroq keyinchalik sud prokuror o‘tkazilgan tintuv haqida 24 soat ichida xabardor qilinishi kerak. Tergov sudyasi tintuv o‘tkazish haqidagi qarorning qonuniyligini tekshiradi, agar o‘tkazilgan tintuv qonunga xilof deb topilsa, tintuv o‘tkazish chog‘ida olingan barcha dalillar – nomaqbul deb topiladi. Shu bilan birga, o‘ziga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan shaxs tergov sudyasining qarori ustidan o‘sha sud orqali 24 soat ichida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin.
2025 yil 29 yanvargacha amalda bo‘lgan qonunchilikka ko‘ra, yetarli darajada asoslarga ega bo‘lsa surishtiruvchi yoki tergovchi telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali so‘zlashuvlarni eshitishi yoki axborotlarni olishi mumkin edi.
Mazkur qonun bilan JPKning 169-170-moddalari to‘ldirildi hamda yangi 169-1 va 169-2-moddalar qo‘shildi. Unga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida so‘zlashuvlarni eshitish haqida dastlab tergovchi yoki surishtiruvchi iltimosnomani prokurorga yuboradi. Shundan so‘ng prokuror bu harakatlarga rozi bo‘lsa, zarur materiallar bilan ishni tergov sudyasiga yuboradi. Tergov sudyasi ishni 8 soatdan kechiktirmay ko‘rib chiqadi. So‘zlashuvlarni tinglashga doir normalarda ajrim va boshqa protsessual harakatlar, nomaqbul dalil deb topish – yuqoridagi tintuv bilan bog‘liq harakatlar bilan deyarli bir xil tusga ega.
So‘zlashuvlarni eshitish bilan bog‘liq yana bir muhim jihat, tergov organi jabrlanuvchi yoki guvohlarga bosim bo‘lishi yoki ularning o‘z arizasiga ko‘ra, ularning ham so‘zlashuvlarini eshitib borishi mumkin. Umuman olganda, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish 6 oydan ortiq davom etishi mumkin emas.
Shu bilan birga JPKga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, jinoyat tergovi davomida – qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash (muddatini uzaytirish), pasportning amal qilish muddatini to‘xtatib turish, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, mol-mulkni xatlashga doir iltimosnomalar tergov sudyalari tomonidan hal qilinadi. Kechiktirib bo‘lmaydigan ayrim zarur hollarda tergovchilar sudning roziligisiz protsessual harakatlarni amalga oshira oladi, lekin bunda 24 soat ichida prokuror va sud xabardor qilinadi. Tergov sudyasi ushbu harakatlar qonuniyligini 48 soat ichida tekshiradi, agar tergovchi yoki surishtiruvchining ushbu harakatlari qonunga zid bo‘lsa, ular qo‘lga kiritgan dalillar nomaqbul, deb topiladi.
Shuningdek, JPKning 382-moddasidagi prokurorning o‘z vakolatlari doirasida tergovchining tintuv, so‘zlashuvlarni eshitish kabi harakatlariga rozilik berishi yoki sudga iltimosnoma kiritishi haqida alohida band kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasi quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilmoqda: «Ushbu moddada nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomondan ko‘rib chiqiladi».
Shuningdek, qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksi hamda «sudlar to‘g‘risida»gi qonunlarga ham ayrim juz’iy o‘zgartirishlar kiritilgan.
Qonun tashabbuskorlarining fikricha, ushbu o‘zgarishlar tergov jarayonida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytiradi. Qonun 2025 yil 29 yanvardan kuchga kirdi. Hujjatning to‘liq matni bilan ushbu havola (pdf) orqali tanishib chiqishingiz mumkin.