Muloqot chog‘ida davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy bog‘liqlik tashabbusi doirasida transport-logistika, investitsiya va xususiylashtirish yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Transafg‘on temiryo‘li loyihasi iqtisodiy hamkorlikning negizi sifatida baholanib, uni birgalikda ilgari surish, amalga oshirish jarayonini tezlashtirish maqsadida xorijiy sheriklarni jalb qilish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga chiqarishda transport-logistika muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Tovar aylanmasi hajmlarini yanada oshirish maqsadida logistika xarajatlari va tariflarini pasaytirish bo‘yicha qo‘shma "harakatlar rejasi"ni ishlab chiqishga kelishildi.
"Toshkent-Lahor" yo‘nalishidagi aviaqatnovlarning boshlangani barcha darajadagi aloqalarni jadallashtirishi ta’kidlanib, ikki davlat shaharlari o‘rtasidagi parvozlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishidagi hamkorlikning hozirgi darajasida ikki davlat biznes doira vakillari ishtirokida biznes-forumlar tashkil etilishi yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, infrastruktura obektlari qurilishi va xususiylashtirish jarayonida o‘zaro ishtirok etishga imkon yaratishi ta’kidlandi.