«Vaziyat murakkab». Rossiyaning Suriyadagi yangi hukumat bilan dastlabki muzokaralari qanday yakunlandi?

Jahon 18:32 / 29.01.2025 22312

28 yanvar kuni Rossiyaning yuqori martabali mulozimlari delegatsiyasi Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan buyon ilk marta Suriyaga keldi. Uning asosiy maqsadi mamlakatning yangi hukumati bilan ikkita yirik harbiy obekt — Tartusdagi harbiy-dengiz porti va Lataqiya shahri yaqinidagi Hmeymim aviabazasini Rossiya nazoratida qoldirish bo‘yicha kelishish edi. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra Rossiya vakillari «vaziyat og‘irligi»ni aytishmoqda.

Damashqqa Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov va Rossiya prezidentining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentev uchib kelgan. Bundan tashqari, Rossiya delegatsiyasi tarkibidan Birlashgan don kompaniyasi (United Grain Company) hamda «STG Injiniring» kompaniyasi vakillari ham o‘rin olgan.

Suriyaning yangi hukumati tomonidan muzokaralarda vaqtincha hukumat ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Shar’a, tashqi ishlar vaziri Asaad ash-Shibaniy va sog‘liqni saqlash vaziri Mohir ash-Shar’a ishtirok etdi, deb xabar bergan jurnalistlarga Bogdanov.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, uch soatga yaqin davom etgan muzokaralar konstruktiv ruhda o‘tgan, Rossiya delegatsiyasi uning davomida Suriyaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan.

Bogdanov uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalar ham muhokama qilinganini qayd etgan: xususan, Rossiya tomoni Suriya infratuzilmasi rivojiga hissa qo‘shgani va buni davom ettirishga tayyorligini eslatgan.

«Umuman olganda, uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi, unda yaxshi muhit hukm surdi. Ammo biz vaziyat qanchalik og‘ir ekanini tushunamiz», — deya Bogdanovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».

«O‘tmish xatolarini to‘g‘rilash»

Delegatsiya hal qilishni ko‘zlagan asosiy masala — Rossiyaning Hmeymim aviabazasi hamda Tartus harbiy-dengiz portidagi mavjudligini saqlab qolish — hal qilinmay qolgan.

«Hozircha hech narsa o‘zgarmadi. Bu masala qo‘shimcha muzokaralarni talab etadi. Hamkorligimizning har bir yo‘nalishi bo‘yicha chuqurroq maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldik», — degan Bogdanov.

U Rossiya tomoni Suriyada ham, Rossiyada ham kontaktlarni davom ettirishga tayyorligi va «agar shunday istak bo‘lsa», Suriya tashqi ishlar vazirini Moskvada qabul qilishga tayyorligini ta’kidlagan.

Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Rossiya delegatsiyasi bilan muzokaralarda Ahmad ash-Shar’a sobiq prezident Bashar Asadni topshirishni so‘ragan.

Suriyaning yangi hukumati uchrashuv yakunlariga ko‘ra chiqargan bayonotda tomonlar Bashar Asad rejimi tomonidan olib borilgan urush qurbonlari uchun adolatni ta’minlashga qaratilgan o‘tish davri adolat mexanizmlari bo‘yicha muzokaralar olib borilgani aytilgan.

Damashqdagilar qayd etishicha, «munosabatlarni tiklash uchun o‘tmishdagi xatolarni tuzatish, Suriya xalqi irodasini hurmat qilish va uning manfaatlariga xizmat qilish kerak».

Shuningdek, rasmiy Damashq mamlakatdagi fuqarolar urushida Asadni qo‘llab-quvvatlagan Rossiya tomoniga «tovon to‘lash va qayta qurish kabi aniq choralar» orqali o‘zaro ishonchni tiklashni xohlayotganini bildirgan.

«Rossiya tomoni Suriyada ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Muloqot chog‘ida Rossiyaning tovon to‘lash, rekonstruksiya va qayta tiklash kabi aniq chora-tadbirlar orqali Suriya xalqi bilan ishonchni tiklashdagi roli qayd etildi», — deyiladi xabarda.

Kreml vakili Dmitriy Peskov chorshanba kuni jurnalistlarning savollariga javob berarkan, Rossiya delegatsiyasining Damashqqa safarini muhim deb atadi, ammo ishonchni tiklash uchun qanday tovon puli muhokama qilinayotganini aytishdan bosh tortdi.

«Men buni hech qanday izohsiz qoldiraman. Biz Suriya rasmiylari bilan muloqotni davom ettiramiz», — degan Peskov.

Bloomberg agentligi shu kunlarda Moskvadagi manbasiga tayanib, Rossiyaning Suriyadagi harbiy mavjudligini saqlab qolish bo‘yicha Suriyaning yangi hukumati bilan muzokaralar «boshi berk ko‘chaga kirib qolgani» haqida xabar bergandi.

Agentlik suhbatdoshlari so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning ikkita transport kemasi harbiy jihozlarni olib chiqish uchun Tartusga kirishiga ruxsat berilgunicha bir necha hafta kutib turishga majbur bo‘lgan. Hmeymim aviabazasidagi faoliyat ham cheklangan.

Tartus Rossiya qo‘shinlari Yaqin Sharq va Afrikadagi amaliyotlarni bajarish davomida yonilg‘i to‘ldirib olishi, zaxiralarni to‘ldirishi va kemalarni ta’mirlashi mumkin bo‘lgan O‘rta Yer dengizidagi yagona baza hisoblanadi. Hmeymim — Moskvaning mintaqadagi faoliyati uchun asosiy ta’minot bazasidir.

2017 yilda Moskva va Damashq Tartus va Hmeymimdagi bazalardan 49 yil muddatga foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolagan, 2019 yilda esa Suriya hukumati Rossiyaning «Stroytransgaz» kompaniyasi bilan Tartus portini boshqarish bo‘yicha investitsiyaviy kelishuv tuzgandi. Yanvar oyi o‘rtalarida bu kelishuv Suriyaning yangi ma’muriyati tomonidan bekor qilingani ma’lum bo‘ldi.

Muzokaralardan keyin Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Bogdanov bu kelishuv masalasini «texnik» deb atadi. «Bu kompaniyamiz bilan bog‘liq sof texnik masala. O‘ylaymanki, muammolarni hal qilishning o‘zaro maqbul variantlarini topish mumkin», — degan u.

Nima xato ketdi?

Dekabr o‘rtalarida, Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan ko‘p o‘tmay, Bloomberg agentligining Rossiyadagi suhbatdoshlari Kreml Suriyaning yangi hukumati bilan Tartus va Hmeymimdagi bazalar bo‘yicha kelishuvga yaqin turganini aytishgandi.

Butun dunyo bo‘yicha g‘allaning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadigan Moskva o‘z tomonidan Damashqqa oziq-ovqat xavfsizligini taklif etishi, shuningdek, Rossiya Suriya armiyasini tiklashda va Isroil tomonidan yo‘q qilingan qurollar o‘rniga yangilari bilan jihozlashda yordam berishi  mumkin edi, deb qayd etgan eksperty.

Ammo so‘nggi haftalarda Yevroittifoq vakillari faollashib, Suriyaning yangi hukumati bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishni boshladi va Rossiya bilan kelishuv tuzishdan bosh tortishga ko‘ndirishga kirishdi. Yangi yilning ilk kunlarida Damashqqa Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari tashrif buyurdi, bu haftaning dushanba kuni esa Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kayya Kallas Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib olganini e’lon qildi.

Bloomberg oy boshida xabar qilganidek, «Katta sakkizlik»ning ayrim davlatlari va ularning ittifoqchilari ham Suriyaga Rossiya nefti va oziq-ovqat importiga muqobil yo‘llarni qidirmoqda. Xususan, Ukraina allaqachon Suriyaga bug‘doy partiyasini yuborgan, shuningdek, tashqi ishlar va qishloq xo‘jaligi vazirlarining dekabr oyida Damashqqa qilgan tashrifi vaqtida don yetkazib berish hajmini oshirish va’da qilingan.

Turkiya ham Moskvaning Suriyada harbiy bazalari va ta’siri saqlanib qolishiga qarshi chiqadi, ushbu qo‘shni mamlakat Suriyadagi qator isyonchi guruhlarni, jumladan hozirda Suriyaning yangi hukumatini shakllantirgan «Hayyat Tahrir ash-Shom» guruhini ham qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Turkiyalik ikki nafar yuqori martabali mulozim Bloomberg agentligi bilan suhbatda Suriyaning yangi hukumati fuqarolik urushi vaqtida Rossiya harbiy samolyotlari muxolifat kuchlarining pozitsiyalarini o‘qqa tutganidan kelib chiqib, Rossiya mazkur bazalarda qolishiga yo‘l qo‘yishi amalda imkonsiz ekanini aytgan.

Rossiya aviatsiyasi Bashar Asad rejimining oxirgi kunlariga qadar uning armiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun jangovar parvozlar amalga oshirdi. Rossiya Suriyaning sobiq prezidentiga ko‘p yillar davomida isyonchi kuchlarga qarshi kurashishda harbiy yordam ko‘rsatgan, hokimiyatdan ag‘darilgach esa unga boshpana bergan.

Ko‘proq yangiliklar: