«Siti» va «PSJ» pley-offsiz qolishi mumkin. YeChLning so‘nggi turidagi asosiy intrigalar

Sport 19:30 / 29.01.2025 16198

29 yanvar kuni Chempionlar ligasining umumiy guruh bosqichi yakunlanadi. Shu kuni oxirgi turdagi barcha o‘yinlar bir vaqtda (Toshkent vaqti bilan 30 yanvarga o‘tar kechasi soat 01:00 da boshlanadi) o‘tkaziladi va pley-offda ishtirok etadigan barcha 24 klub nomi ma’lum bo‘ladi. Ularning dastlabki sakkiztasi to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oladi, qolgan 16 tasi o‘tish o‘yinlarida qatnashadi.

Yanvar oyi oxiridagi Chempionlar ligasi o‘yinlari — noodatiy voqea, ammo turnirning yangi formati buni reallikka aylantirdi. Bunga turlicha qarash mumkin, ammo uning asosiy plyusi — umumiy bosqichning oxirgi turiga qadar intrigalar saqlanib qolganidir. So‘nggi turda haqiqiy sensatsiya bilan yakunlanishi mumkin bo‘lgan qator qiziqarli syujyetlar mavjud.

Kimlar allaqachon pley-offda?

18 klub pley-off yo‘llanmasini hal qilgan. Ammo faqat ikki jamoa ishtirokini birdaniga 1/8 finaldan boshlashini kafolatlagan. Oldingi yetti o‘yinda yetti g‘alabaga erishgan «Liverpul» so‘nggi turda PSV bilan o‘yinda bir ochko olsa ham birinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoladi. Yoki so‘nggi turda «Barselona»dan yomonroq o‘ynamasa.

Ko‘k-anorranglilar ham «Atalanta» bilan o‘yinda yutqazmasa, ikkinchi o‘rindan tushib ketishi qiyin. Gap shundaki, ularda to‘plar nisbati (+15) uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda ikki ochkolik farq bilan ta’qib qilayotgan «Arsenal» (+12) va «Inter»nikidan (+7) yaxshiroq. Darvoqe, Angliya va Italiya klublari so‘nggi turda mos ravishda «Jirona» va «Monako»ga yutqazmasa, top-8’dagi o‘rnini saqlab qoladi.

  • «Liverpul» (1/8 final)
  • «Barselona» (1/8 final)
  • «Arsenal»
  • «Inter»
  • «Atletiko»
  • «Milan»
  • «Atalanta»
  • «Bayyer»
  • «Aston Villa»
  • «Monako»
  • «Feyyenoord»
  • «Lill»
  • «Brest»
  • «Borussiya» Dortmund
  • «Bavariya»
  • «Real»
  • «Yuventus»
  • «Seltik»

Kimlar pley-offda o‘ynamasligi aniq?

Bu jamoalar endi har qanday holatda ham top-24’ga kira olmaydi. Ular uchun oxirgi tur turnir nuqtayi nazaridan hech qanday ahamiyatga ega emas.

  • «Bolonya»
  • «Sparta»
  • «RB Leypsig»
  • «Jirona»
  • «Tsrvena Zvezda»
  • «Shturm»
  • «Red Bull Zalsburg»
  • «Slovan»
  • «Yang Boyz»

Ochkolar teng kelib qolgan taqdirda qanday ko‘rsatkichlarga qaraladi?

  • To‘plar nisbati;
  • Urilgan gollar soni;
  • Safardagi gollar soni;
  • G‘alabalar soni;
  • Safardagi g‘alabalar soni;
  • Raqiblar ishlagan ochkolar soni*;
  • Raqiblar urgan va o‘tkazib yuborgan gollar nisbati*;
  • Raqiblar urgan gollar soni*;
  • Intizomiy  balllar;
  • Klub koeffitsiyent.

*gap har bir klubning barcha sakkiz raqibi haqida ketmoqda. Agar shartli «Liverpul» va «Barselona» 21 tadan ochko jamg‘arsa va dastlabki besh band bo‘yicha ko‘rsatkichlari teng kelsa, unda ularning sakkiz turdagi raqiblarining turnirning umumiy bosqichidagi natijalariga e’tibor qaratiladi. Raqiblari yaxshiroq natija qayd etgan klub yuqoriroqda joylashadi.

Manchesterda sensatsiya bo‘lishi mumkinmi?

«Manchester Siti» «PSJ»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin noqulay vaziyatga tushib qolgan: klub endi o‘tish o‘yinlariga yo‘llanma beradigan oxirgi o‘rindan ikki ochkoga ortda qolmoqda va yevrobahorsiz qolishi ham mumkin. «Bryugge»ga qarshi kechadigan oxirgi turda (Abduqodir Husanov guruh bosqichi uchun qaydnomaga kiritilmagan, u faqat pley-offdagi o‘yinlarda qatnashishi mumkin) jamoani g‘alabadan boshqa hech qanday natija qoniqtirmaydi. G‘alaba qozonish esa oson emas.

Birato‘la ikki omil «shaharliklar»ga qarshi: birinchidan, jamoa bu mavsumda o‘yinni nazorat qilishda juda yomon ko‘rsatkich qayd etmoqda (YeChLda «Feyyenoord» bilan 3:0 hisobini ushlab qololmadi; «PSJ» bilan o‘yinda 2:0 hisobidagi ustunlik mag‘lubiyatga aylandi), ikkinchidan, «Bryugge» juda yuqori formada, jamoa oxirgi bor oktyabrda yutqazgan — o‘shanda ham belgiyaliklar «Milan»dan yaxshiroq o‘ynagan, ammo Onediki maydondan chetlatilishi barchasini hal qilgandi.

Gvardiola nima o‘ylab topar ekan, ko‘ramiz — APLning oxirgi turida «Chelsi»ga qarshi o‘yindagi g‘alaba ham u qadar ishonchli ko‘rinmadi. «Bryugge» esa bor e’tiborini jamlashi va qattiq qarshilik ko‘rsatishi kutilmoqda — belgiyaliklarning o‘ziga ham keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun kamida bir ochko kerak.

«PSJ» top-24’da qolishni uddalaydimi?

Parij klubi umumiy guruhda 22-pog‘onada turibdi. Pley-off yo‘llanmasidan quruq qolmaslik uchun jamoa hozirda o‘zidan pastda joylashgan jamoalardan ikkitadan ortig‘ini o‘zidan oldinga o‘tkazib yubormasligi talab etiladi. Agar «PSJ» «Shtutgart»ni Germaniyada mag‘lub eta olsa, top-24 da qolishi aniq. Bunisi tushunarli. Agar o‘yin durang bilan yakunlansa, unda fransuzlar klubi to‘plar nisbatiga ko‘ra nemislardan yuqoriroqda joylashadi. Zagrebning «Dinamo» klubi oxirgi turda o‘z uyida «Milan»ni mag‘lub etolsa, ochkolar soni bo‘yicha parijliklarga yetib olishi mumkin. Ammo «PSJ»ni quvib o‘tish uchun xorvatlar klubi bu raqibni 10 ta gol farqi bilan yengishi talab etiladi. Buning esa ehtimoli deyarli yo‘q.

Shunday ekan, «PSJ»ga Germaniyada yutqazmaslik yetarli. Mag‘lubiyatga uchragan taqdirda esa fransuzlar jamoasining imkoniyatlari sezilarli darajada qisqaradi. Mag‘lubiyat odatda har mavsumda turnir favoritlaridan biri sifatida ko‘riladigan jamoani pley-offdan tashqarida qoldirishi ehtimoli yuqori, ammo muayyan shartlar bajarilgan holatda «PSJ» baribir top-24 da qolishi mumkin. Masalan, parijliklar klubi bir gol farqi bilan yutqazsa, «Siti» va «Sporting» esa o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonsa. «PSJ» birdaniga uch jamoani oldinga o‘tkazib yuboradi. Ammo agar «Dinamo» «Milan»ni yenga olmasa, «Benfika» esa Turinda «Yuventus»ga ikki to‘p farqi bilan yutqazsa, portugallar qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga «PSJ»dan ortda qoladi, parijliklar esa 24-o‘rinni egallaydi. «Shaxtyor» ham nazariy jihatdan fransuz klubiga ochkolar bo‘yicha yetib olishi mumkin. Buning uchun ukrainlar «Borussiya»ni Dortmundda yengishi kerak, lekin jamoada to‘plar nisbati «PSJ»dagidan (+2) ancha yomonroq (-6) .

«PSJ» esa «Siti» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin o‘ziga ishonch ortgani aniq. Hozircha aynan parijliklar favorit bo‘lib ko‘rinmoqda, ammo Enrike shogirdlari o‘yin borasidagi ustunligini yakuniy g‘alabaga aylantira olmasligi ko‘p kuzatilgan.

«Shtutgart» pley-offga qanday yo‘l oladi?

Nemislar klubi murakkab vaziyatda. «Shtutgart» va «PSJ» to‘plagan ochkolar soni 10 tadan. O‘zaro o‘yindagi g‘alaba jamoani pley-offga olib chiqishi aniq. Agar durang qayd etilsa nima bo‘ladi? «Shtutgart» to‘plar nisbatiga ko‘ra «PSJ»dan quyiroqda joylashadi. Agar «Siti» «Bryugge» bilan o‘yinda uch ochko olsa, inglizlar ham nemislarni quvib o‘tadi. Keyin esa PSV, «Benfika» va «Sporting» klublari oxirgi turda qanday natija ko‘rsatishiga qarash kerak bo‘ladi. Va to‘plar nisbatini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Nazariy jihatdan, «Shtutgart» oxirgi turda yutqazsa, «Siti» esa o‘z o‘yinida g‘alaba qozonsa ham, top-24 da qolishi mumkin. Buning uchun «Sporting» yoki «Benfika» yirik hisobda yutqazishi, «Dinamo» «Milan» bilan o‘yinda g‘alaba qozona olmasligi talab etiladi. Portugal klublariga pley-offga chiqish uchun bir ochko ham yetarli. Bunday holatda ular «Shtutgart» — «PSJ» juftligidan qaysidir biridan yuqorida bo‘ladi.

«Shtutgart» allaqachon top-klublar bilan tengma-teng kurasha olishini namoyish etgan: «Real» bilan munosib o‘ynagan va safarda «Yuventus»ni mag‘lub etgan, shu bilan birga, kutilmaganda «Tsrvena Zvezda»ga 1:5 hisobida yutqazib qo‘ygan.

«Real» kuchli sakkizlikka kira oladimi?

«Real» hozirda 12 tadan ochko jamg‘argan jamoalar beshligida. Madridliklarni 1/8 finalga yo‘llanma beruvchi sakkizinchi o‘rindan atigi bir ochko ajratib turibdi. Ispanlar so‘nggi turda «Brest» bilan o‘ynaydi va qog‘ozda ushbu uchrashuvning yaqqol favoriti sanaladi. Shu bilan birga, o‘z o‘yinidagi g‘alaba jamoaga pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani kafolatlamaydi — 15 tadan ochko to‘playdigan jamoalar bir necha bo‘lishi aniq va shu yerda to‘plar nisbati o‘rtaga chiqadi, bu borada esa madridliklarda ko‘rsatkichlar yaxshi emas. Ya’ni ular oxirgi turda yirikroq hisobda g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.

«Real» 17 gol urgan va 12 ta o‘tkazib yuborgan. «Plyus 5» — yaxshi ko‘rsatkich, ammo ideal emas — raqobatchilardan «Borussiya» D (+8), «Bayyer» (+6) va «Bavariya»da (+6) vaziyat yaxshiroq. 14 ochkosi bor «Atalanta»da esa «plyus 14». Umuman olganda, Mbappe va Vinisius Junior bu oqshom «Brest» darvozasiga ko‘proq gol urish uchun eng yaxshi butsalarini kiyib chiqishi kerak bo‘ladi.

«Arsenal» o‘rnini saqlab qoladimi?

«Arsenal» 16 ochko bilan umumiy jadvalda uchinchi o‘rinda joylashgan. 1/8 finalda o‘ynash uchun 8-turda «Jirona» maydonida yutqazmaslik kifoya qiladi. Kataloniyaliklarda esa hech qanday motivatsiya yo‘q. Arteta esa bu o‘yinga kuchli tarkib tushirishni ko‘zlagan. G‘alaba pley-offga yuqoriroq o‘rinda chiqishdan tashqari, qo‘shimcha mukofot pullari ham demakdir - har bir g‘alaba uchun 1,8 mln funt to‘lanadi, 1/8 final yo‘llanmasi esa klub xazinasini yana 9,3 mln funtga boyitadi. 

«Inter» «Monako»ni 1/8 finalsiz qoldiradimi?

«Inter» pley-offdagi ishtirokini 99 foizga kafolatlagan. «Monako» bilan uchrashuvdagi mag‘lubiyat ham milanliklarni top-8’dan chiqarib yuborishi qiyin. Monegasklarga esa uch ochko suv va hayotdek zarur, aks holda jamoa 1/16 finalda ikki o‘yin o‘tkazishi talab etiladi. «Inter» YeChLning yetti o‘yinida atigi bitta gol o‘tkazgan. Shunday ekan, chorshanba oqshomida monegasklarni juda qiyin o‘yin kutmoqda.

«Bavariya» ham top-8’ga kirish uchun urinib ko‘radi

Katta ehtimol bilan «Bavariya»ni ham Chempionlar ligasida qo‘shimcha ikki o‘yin kutmoqda. So‘nggi turda myunxenliklar uyda Bratislavaning «Slovan» klubini qabul qiladi va bu mezbonlar uchun chigalyozdi mashg‘ulotidek o‘tishi tayin. Ammo barchasi «Bavariya»ning o‘ziga bog‘liq emas va g‘alaba ham kuchli sakkizlikka kirishni kafolatlamaydi. Asosiysi – jamoa o‘ziga bog‘liq ishni qilishi va keyin boshqa o‘yinlarda kerakli natijalar qayd etishini kutishi kerak.

«Borussiya» ishtirokini 1/8 finaldan boshlaydimi?

«Borussiya» rahbariyati ichki chempionatdagi qoniqarsiz natijalar uchun Nuri Shahinni bosh murabbiylikdan bo‘shatdi. Bundesligada dortmundliklar 11-o‘rinda bormoqda. Lekin Chempionlar ligasida jamoa 1/8 finalga chiqish uchun kurashmoqda. Oxirgi turda «Borussiya» «Shaxtyor»ni qabul qiladi. Ukrainlarda top-24’ga kirish uchun faqat nazariy jihatdan imkoniyat bor. «Borussiya»ning eng kuchli sakkiz jamoa qatoriga kirish umidi esa asoslarga ega. Jamoa o‘z muxlislari qarshisida bu ishni uddalashga urinib ko‘radi.

«Bayyer» pley-off yo‘llanmasini saqlab qoladimi?

«Bayyer» jar yoqasida: jamoa 13 ochko bilan YeChL umumiy guruhida sakkizinchi o‘rinda joylashgan. Leverkuzenliklar baxtiga 8-tur uyda «Sparta»ga qarshi kechadi. Pragaliklar klubi atigi to‘rt ochko to‘plagan va muddatidan oldin Chempionlar ligasi bilan xayrlashgan. «Sparta» bu o‘yinda bor kuchini sarflashi dargumon. «Bayyer»ning vazifasi – saviya hisobiga chexlarni mag‘lub etish va 1/8 final yo‘llanmasini kafolatlash.

«Yuventus» kuchli sakkiz jamoa safiga kira oladimi?

«Yuventus» yetti turdan keyin 12 ochko to‘plagan va turnir jadvalida 17-o‘rinni band etib turibdi. Lekin top-8 gacha – bir ochko. To‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun turinliklarning raqobatchilari juda ko‘p, shu tufayli imkoniyat yuqori emas. Jamoa 8-turda o‘z o‘yinida g‘alaba qozonishi va qo‘shnilar ochko yo‘qotishiga umid qilishi kerak. «Yuventus» o‘z uyida hal qiluvchi o‘yinni o‘tkazadi, raqib esa – «Benfika». Portugallar 10 ochko jamg‘argan va turnirni tark etish xavfi ostida. Mag‘lubiyat lissabonliklarni top-24 jamoalari safidan chiqarib yuborishi mumkin. Ikki jamoa uchun ham muhim uchrashuv.

Italiyalik afsona «Milan»ni to‘xtatadimi?

«Milan» A Seriyada sust ishtirok etmoqda, ammo Chempionlar ligasida jamoa ishlari yaxshiroq. Rossonerilar turnirni ikki mag‘lubiyat bilan boshlagandi, keyin esa qatorasiga besh o‘yinda g‘alabaga erishdi. 15 ochko va oltinchi o‘rin – yakuniy tur oldidan yaxshi vaziyat. Bu oqshom «Milan» Zagrebda mahalliy «Dinamo» klubiga qarshi to‘p suradi. Xorvatlar jamoasini italiyalik afsonaviy himoyachi Fabio Kannavaro boshqarmoqda. Mezbonlarda top-24ga kirish uchun minimal imkoniyat saqlanib qolgan, shuning uchun muxlislar bu o‘yinda haqiqiy jangga guvoh bo‘lishi mumkin. «Milan» g‘alaba qozongan taqdirda o‘zi uchun 1/8 final yo‘llanmasini kafolatlaydi, durang hisob ham italyanlarni sakkizlikdan tushirib yuborishi qiyin. Ammo «Dinamo»ning ham bu o‘yin uchun o‘z rejalari bor.

«Aston Villa» ham 1/8 final yo‘llanmasi uchun kurashda

«Aston Villa»da Chempionlar ligasi 1/8 finaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olish uchun imkoniyat yaxshiroq. Hozirda Unai Emeri jamoasi to‘qqizinchi o‘rinni egallab turibdi, ammo ochkolari soni bo‘yicha sakkizinchi o‘rindagi «Bayyer» bilan teng. 8-turda birmingemliklar uyda «Seltik»ni qabul qiladi. Shotlandlar ham inglizlarni bir ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. Shunday ekan, bu o‘yin «Aston Villa» uchun yengil kechmasligi tayin. Ammo nima bo‘lganda ham g‘alaba jamoani pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri olib chiqishi mumkin.

O‘tish o‘yinlarida kim kim bilan to‘qnashadi?

Dastlabki sakkiz jamoa 1/8 finalga chiqadi va pley-offning bir raundini o‘tkazib yuboradi. Hozirgi tig‘iz taqvimda o‘yinlar soni ikkitaga kamroq bo‘lishi — katta plyus. Qolgan 16 klub o‘tish o‘yinlarida qatnashadi. Mohiyatan, bu 1/16 final, ammo bu bosqichda 32 klub ishtirok etmasligi tufayli bosqichni bunday atash ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Umumiy bosqich turnir jadvalidagi har ikkinchi o‘rin ahamiyatga ega. 9- va 10-jamoalar o‘tish o‘yinlarida 23- yoki 24-jamoalar bilan o‘ynaydi, 11- va 12-o‘rinlardagi jamoalar esa — 21- yoki 22-o‘rindagilar bilan va hokazo.

Muhim jihati: qur’ada hech qanday cheklov bo‘lmaydi. O‘tish o‘yinlarida bir mamlakatning ikki klubi ham, asosiy bosqichda o‘zaro o‘ynagan jamoalar ham to‘qnashishi mumkin. 9-16-o‘rinlarni egallagan klublar saralangan klublar hisoblanadi va ular javob o‘yinlarini o‘z uyida o‘tkazadi. Chempionlar ligasi o‘tish bosqichi uchun qur’a 31 yanvarga belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: