O‘zbekistonda tug‘ilish va oila qurish kamaydi, o‘limlar soni esa oshdi 

Jamiyat 18:05 / 29.01.2025 18090

2025 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 mln 543 ming nafarga yetgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Umumiy aholining 50,4 foizini erkaklar, 49,6 foizini esa ayollar tashkil qilgan.

Joriy yil 1 yanvar holatiga 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 83,6 kishi to‘g‘ri kelgan. Hududlar bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, aholi zichligining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (6 ming 948,1 kishi), Andijon (804,9 kishi) va Farg‘ona viloyatida (613,1 kishi), eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyati (9,9 kishi) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (12,2 kishi) qayd etilgan.

O‘tgan yilda O‘zbekistonda 926,4 ming nafar tug‘ilish qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 962 ming kishini tashkil etgan. Hisobot davrida tug‘ilishlar soni 3,7 foizga qisqargan.

Eng yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichi Surxondaryoda, lekin tug‘ilish koeffitsiyenti 30,9 promilledan 28,9 promillega tushgan. Tug‘ilish ko‘rsatkichi eng past hudud Qoraqalpog‘iston, tug‘ilish koefffitsiyenti 22,1 promilledan 20,7 promillegacha sekinlashgan.

Mamlakatda o‘lim holatlari ham o‘tgan yilga nisbatan ko‘paygan. 2024 yilda vafot etganlar soni 174,4 ming kishini tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2023 yilda 172,8 ming kishi olamdan o‘tgan.

Ma’lum bo‘lishicha, vafot etganlarning o‘limiga asosan qon aylanish tizimi kasalliklari (57,6 foiz), o‘simtalar (9,4 foiz), nafas olish organlari kasalliklari (6,3 foiz), baxtsiz hodisalar (5,8 foiz), ovqat hazm qilish organlari (4,1 foiz) kasalliklari sabab bo‘lgan.

Hisobot davrida 271,8 mingta nikoh qayd etilgan. Bu so‘nggi 10 yillikdagi eng past ko‘rsatkich. Shu davr ichida nikohdan o‘tgan ayollarning o‘rtacha yoshi 22,3 da, erkaklarniki esa 27,1 da bo‘lgan.

O‘tgan yilda ajrimlar soni 45,1 mingtani tashkil etgan. Bu 2023 yilga nisbatan 4,1 mingtaga kam bo‘lsa-da, 2020 yilga nisbatan 16,9 mingtaga yoki 59,9 foizga ko‘p.

Ko‘proq yangiliklar: