Jahon | 16:04 / 27.01.2025
9536
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp neft narxini tushirish orqali Rossiyani otashkesimga majburlamoqchi. Saudiyaning pozitsiyasi qanday?

AQSh prezidenti Davos forumidagi nutqida Saudiya shahzodasidan neft narxini tushirishni so‘raganini aytdi. Xo‘sh, saudlarning bu boradagi siyosati qanday bo‘ladi? Bu mavzu Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar bahsiga sabab bo‘ldi.

Oybek Sirojov: Donald Tramp o‘zining bayonotlari bilan ko‘plab davlatlar, jumladan, Kanada, Xitoy, Meksika, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarga bosim o‘tkazmoqda. Uning navbatdagi bayonotini esa Saudiya Arabistoniga bosim deb baholash mumkin.

O‘ylashimcha, Tramp bu bosimlar orqali savdolashish imkoniyatini yaratishga urinmoqda. Uning bu harakatlari ma’lum darajagacha natija berishi, ya’ni Saudiya bu borada Trampga nisbatan yon berishi, BRIKS bilan hamkorlikni imkon darajasida cheklashi va voqealar rivojini kuzatishi mumkin. Saudiyaning Tramp davrida AQShga 600 mlrd dollar investitsiya kiritish qarori bu fikrni tasdiqlashi ehtimoli mavjud.

Bektosh Berdiyev: Trampning bunday tarzda Saudiya shahzodasiga murojaat yo‘llashiga yetarlicha asos bor, chunki sovet ittifoqi Afg‘onistonga kirib kelganida Saudiya Arabistoni AQSh bosimi ostida neft narxini tushirgan va bu SSSRning iqtisodiyotiga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Fors ko‘rfazida neft qazib olish hajmini 2-3 barobar oshirishi mumkin bo‘lgan davlatlar bor va agar ular buni uddalashsa, dunyo bozorida neft narxi tushadi. Biroq men Saudiya Rossiya iqtisodiyotini zaiflashtirish uchun bu yo‘ldan bormoqchi emas deb o‘ylayman. Chunki bu Saudiya iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Yevropa yoki Amerika saudiyaliklarga investitsiyalar borasida va’dalar berishi mumkin. Ammo hozir Saudiya ularning neft sohasidagi investitsiyalariga qaram emas. Shuning uchun bu safar Saudiya Arabistoni AQShning mazkur taklifini rad qilishi mumkin.

Shuhrat Rasulov: Neft qazib chiqaruvchi davlatlarning OPeK tashkiloti bor va Rossiya unga to‘laqonli a’zo emas. Tashkilotning 2014 yildan keyingi davrdagi siyosati neft qazib olishni kamaytirish orqali mahsulot narxini yuqoriroq darajada ushlab turishga qaratilgan edi. Lekin tashkilot oxirgi 11 yil davomida bozorni o‘rganib shuni tushundiki, ma’lum hududlarga neft eksportini cheklash siyosati o‘zini oqlamaydi, chunki u chekingan bozorlarni OPeK'ka a’zo bo‘lmagan davlatlar to‘ldirmoqda.

Saudiya Arabistoni neft sohasi uchun va’da qilayotgan investitsiyaning 80 foizi AQSh konlariga yo‘naltiriladi, chunki Tramp Amerika hududidagi barcha yirik neft konlarini ishga solishini aytgan va buning uchun katta miqdorda mablag‘ yo‘naltirilishi kerak. Bunda AQShga Saudiya kompaniyasi borib neft qazib oladi va u Saudiya nomidan sotiladi, ehtimol AQSh savdoga ulushdor sifatida qo‘shilishi mumkin.

Keyingi yil shu paytlarda neft bozoridagi vaziyat tamoman boshqacha bo‘ladi: narx Rossiya uchun halokatli darajada tushib ketadi. Saudiya va AQSh o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, saudiyaliklar neft bozorida mahsulot narxini shu tariqa tushirish va hajmni egallash orqali zararni qoplashga harakat qiladi. Bu borada bir necha oy oldin Saudiya hukumati qaror qabul qilib bo‘lgan, Tramp saylovda yutgan paytiyoq kelishuv yuz bergan. Tramp neftni qaziyman, qaziyman, qaziyman degan shior bilan hokimiyatga keldi.

Bektosh Berdiyev: Saudiya Arabistoni neft narxini halokatli darajada tushirib yuborishiga ishonish juda qiyin. Chunki bu mamlakatning fundamental manfaatlariga zid hisoblanadi. Ular neft bozorini ishlab chiqarish hajmi bilan egallagani bilan, bu baribir davlat yilni budjetda katta kamomad bilan yakunlashiga olib keladi. Har yili g‘aznasiga neft eksporti orqali 100 mlrddan ortiq pul g‘amlaydigan davlat bunday qaltis ishga qo‘l urishiga sira ishonmayman.

Shuhrat Rasulov: Neft arzon bo‘ladi. Neftning hukmi o‘qilgan, bu faqat Saudiya Arabistoni va AQSh o‘rtasidagi kelishuvlarga bog‘liq emas. Inson yangi texnologik zanjirlarga o‘tyapti.

Bektosh Berdiyev: Trampning maqsadi dunyoni neftga to‘ldirib tashlash emas. U Xitoyning elektromobillar bozorini sindirish uchun, nima uchun biz elektromobillarga o‘tirib qolishimiz kerak, o‘zimizning neftdan foydalanaylik degan tashabbusni ilgari suryapti. Saudiya Arabistoniga dunyoni arzon neftga to‘ldirib tashlash nimaga kerak?

Mavzuga oid