Tiklanayotgan HAMAS, 7-muddatga saylangan Lukashenko va dizayni o‘zgartirilayotgan AQSh dollari - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Tramp G‘azo aholisini ko‘chirmoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azo sektoridan falastinlik qochqinlarni Misr, Iordaniya va boshqa arab davlatlariga ko‘chirishni taklif qildi. DW xabariga ko‘ra, Tramp Iordaniya qiroli Abdulla II va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy bilan bu mavzuda muzokara olib borgan.
«Men qirol Abdullaga ko‘proq qochqinlarni qabul qilishini so‘radim, chunki G‘azo sektorida hozir haqiqiy tartibsizlik hukm suryapti. Biz shunchaki barqarorlikka erishmoqchimiz», degan Tramp.
Tramp shuningdek, Misr rahbari bilan ham bu masalada gaplashmoqchi ekanini ta’kidladi. Uning fikriga ko‘ra, Misr 1,5 milliongacha falastinlik qochqinlarni qabul qilishi mumkin.
Iordaniya qiroli Abdulla II mamlakatining falastinlik qochqinlarga ko‘rsatayotgan yordami uchun Tramp tomonidan olqishlandi. Biroq Misr rasmiylari G‘azo qochqinlarini qabul qilishdan bosh tortib kelmoqda.
HAMAS o‘z kuchini tiklamoqda
HAMAS 15 oylik urush davomida o‘z qudratini qayta tiklab, 10-15 ming yangi askar jalb qildi. Bu haqda Reuters AQSh Kongressidagi manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Isroil va HAMAS o‘rtasida 15 yanvardan kuchga kirgan sulh bir oylik muzokaralar natijasida erishildi. 15 oylik qirg‘inbarot urush G‘azo sektorida katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi, ko‘plab hududlar xarobaga aylandi.
AQShning sobiq davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, HAMASning kuchlarni tez qayta tiklash qobiliyati mojaroni cho‘zib yuborishi mumkin.
«Har bir o‘t ochishni to‘xtatish faqat HAMASga qayta tashkillanish uchun vaqt beradi va urushni butunlay yakunlashni qiyinlashtiradi», — dedi u.
HAMASning harbiy qanoti vakili Abu Ubayda ham 2024 yil iyulida bir necha ming yangi a’zolar jalb qilinganini tasdiqlagan edi. Ammo manbalarga ko‘ra, yangi a’zolarning ko‘pchiligi yosh, tajribasiz va asosan boshlang‘ich vazifalarga jalb qilingan.
Belarusdagi prezidentlik saylovlari
Belarusda prezidentlik saylovlari yakunlandi. Ekzit-poll natijalariga ko‘ra, mamlakatni 31 yildan buyon boshqarayotgan Aleksandr Lukashenko 87,6 foiz ovoz to‘plagan. Qolgan nomzodlar orasida eng yuqori natija Sergey Sirankovga tegishli bo‘lib, unga atigi 2,7 foiz ovoz berilgan.
Saylov jarayonini 52 davlatdan kelgan 486 xorijiy kuzatuvchi nazorat qildi. Bu 1994 yildan beri hokimiyat tepasida bo‘lib turgan Lukashenkoning yettinchi prezidentlik muddati bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqi ushbu saylovlarni «soxta va adolatsiz» deb atadi. Shuningdek, muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya natijalarni tan olmaslikka chaqirgan.
Vengriya Yevropa Ittifoqi davlatlarining Belarus prezidentlik saylovlarini tan olmaslikka doir qo‘shma bayonotiga to‘sqinlik qildi. Bryusseldagi manbalarga ko‘ra, barcha 27 davlat vakillari bayonotni imzolamagani uchun Yevropa Ittifoqi o‘zining rasmiy qo‘shma bayonotini chiqara olmadi.
Yevropa Ittifoqining oliy vakili Kaya Kallas va komissar Marta Kos shaxsiy bayonotlarida, 26 yanvarda o‘tgan saylovlarni «na erkin, na adolatli» deb baholab, belarus xalqining o‘z tanlovini erkin amalga oshirishga haqli ekanini ta’kidladilar.
Bryussel Belarus rejimiga nisbatan sanksiyalarni davom ettirishini va demokratik kuchlarga moliyaviy yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.
Zelenskiy muzokaralarga taqiqni tushuntirdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarni taqiqlash haqidagi qaror shaxsan unga tegishli emasligini aytdi. U bu haqda Kiyevda Moldova prezidenti Mayya Sandu bilan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Zelenskiyga ko‘ra, 2022 yil 4 oktyabrda Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazishni taqiqlovchi qarorni qabul qilgan. Bu qaror Ukrainadagi separatizmni to‘xtatish va Rossiyaning turli siyosiy yo‘laklar orqali bosimini cheklash maqsadida kuchga kiritilgan.
«Men bu farmonga imzo chekdim, chunki Putinning ko‘plab yashirin kanallari bor edi. Men barchaga muzokaralarni taqiqlab, separatizmni to‘xtatdim», — dedi Zelenskiy.
Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qarorida «Rossiya prezidenti bilan muzokaralar ilojsiz» ekanligi aytilgan. Avvalroq Rossiya prezidenti Putin ham Zelenskiy muzokaralar uchun taqiq qo‘yganiga urg‘u berib, har qanday kelishuv nolegitim hisoblanishini ta’kidlagan edi.
AQSh noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilmoqda
Donald Tramp ma’muriyati AQSh tarixidagi eng yirik deportatsiya operatsiyasini amalga oshirishga kirishdi. AQSh har kuni noqonuniy migrantlarni harbiy samolyotlarda chiqarishni rejalashtirmoqda.
23 yanvar kuni Gvatemalaga ikki alohida reysda 150 nafardan ortiq migrant qaytarildi. Harbiy samolyotlardan bunday parvozlar uchun ilk marta foydalanilmoqda va endi bu kundalik jarayonga aylanadi.
Immigratsiya va bojxona nazorati agentlari mamlakatdagi 11 milliondan ortiq noqonuniy migrantlarni hibsga olish vakolatiga ega.
Bu orada Kolumbiya hukumati AQShdan deportatsiya qilingan migrantlarni olib ketayotgan samolyotlarni o‘z hududiga kiritishdan bosh tortdi. Reuters xabariga ko‘ra, bortda 160 nafarga yaqin migrant bor bo‘lgan va samolyot orqaga qaytishga majbur bo‘lgan.
Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSh ma’muriyatining harakatlarini qoralab, migrantlarning ham inson huquqlariga ega ekanligini ta’kidladi. «Migrant jinoyatchi emas, unga insoniy munosabat kerak», dedi Petro.
Prezident Kolumbiya vatandoshlarini qabul qilish uchun AQShdan fuqarolik samolyotlaridan foydalanish va yaxshiroq protokollar joriy qilishni talab qildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa migrantlarni olib borgan AQSh harbiy samolyotlarini qabul qilmagani uchun Kolumbiyaga qarshi sanksiyalarni joriy qildi. Tramp Kolumbiya rasmiylarining harakatini AQSh milliy xavfsizligiga tahdid deb baholadi.
Prezident Truth Social’da Kolumbiyaning harakatlari uchun qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Jumladan, Kolumbiya tovarlari uchun 25 foizlik boj tariflari, Kolumbiya hukumati amaldorlari va ularning tarafdorlari uchun AQSh vizasi taqiqlanishi, Kolumbiya hukumati partiya a’zolari va ularning yaqinlariga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar.
Trampning ta’kidlashicha, «bu faqat boshlanishi» va zarurat tug‘ilsa, yanada qattiq choralar ko‘riladi.
Koronavirus laboratoriyadan tarqalganmi?
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi koronavirusning kelib chiqishiga oid hisobotini e’lon qildi. Unda virus sun’iy ravishda laboratoriyada yaratilgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan, ammo buni tasdiqlovchi aniq dalillar yo‘q.
Hisobot Xitoyda virus tarqalishiga oid ma’lumotlar va laboratoriya ishlari tahliliga asoslangan. MRBning ta’kidlashicha, virusning kelib chiqishini to‘liq tushunish uchun Xitoy hukumati bilan hamkorlik zarur.
Hisobot AQShning sobiq prezidentining topshirig‘i asosida tayyorlangan bo‘lib, MRBning yangi rahbari Jon Retkliff tomonidan e’lon qilindi. AQSh Senati razvedka qo‘mitasi raisi Tom Kotton Xitoyni virus tarqalishi uchun javobgarlikka tortish zarurligini aytdi.
Xitoy elchixonasi esa koronavirus laboratoriyada paydo bo‘lgani haqidagi da’volarni rad etgan va ilm-fanni hurmat qilishga chaqirgan.
AQSh yangi dizaynda dollar chiqarmoqchi
AQSh zarbxonasi banknotlar dizaynini o‘zgartirish bo‘yicha grafikni e’lon qildi. Banknotlarning xavfsizligini mustahkamlash va ularni qalbakilashtirishga qarshi himoya qilish uchun bu yangilanishlar zarurligi ta’kidlanmoqda.
Dizayn o‘zgarishi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va dastlab 2026 yilda 10 dollarlik yangi banknota muomalaga kiritiladi.
So‘ngra 2028 yilda 50 dollarlik, 2030 yilda 20 dollarlik, 2032 yilda 5 dollarlik, 2034 yilda 100 dollarlik almashadi.
Qayd etib o‘tish kerakki, 1 dollarlik banknota 1963 yildan, 2 dollarlik banknota dizayni esa 1995 yildan buyon o‘zgarmay kelmoqda.
Shuningdek, 1914 yildan beri muomalaga chiqarilgan barcha dollar banknotlari muomalada qolaveradi. Banklar ularni holati yaxshi bo‘lsa qabul qilishlari shart.
Mavzuga oid

13:51
Tramp bayonotidan rozi Falastin, Putinning otashkesim shartlari va Ozarboyjon takliflarini qabul qilgan Armaniston - kun dayjesti

13:46 / 13.03.2025
G‘azoga zulm qilishda bardavom Isroil, Sudjani tark etgan ukrainlar va Trampdan Rossiyaga sanksiya va’dasi - kun dayjesti

13:55 / 12.03.2025
Jiddadagi muzokaralar, Pokistonda garovga olingan poyezd va Trampdan Kanadaga yangi tahdidlar - kun dayjesti

13:34 / 11.03.2025