Milliarder Ilon Maskka tegishli The Boring Company Las-Vegasda yana bir tunnel va stansiyani ishga tushirdi.
Ushbu tarmoq yirik mehmonxona, kazino va Westgate Resort konferensiya markazini asosiy tarmoq bilan bog‘laydi. Shaharning bu hududida avtoturargohlar yetishmasligi va transport tirbandligi kabi jiddiy muammolar mavjud. Tunnel avtomobil harakatini kamaytirishga xizmat qilishi kerak.
The Boring Company Las-Vegas ostida 12 metr chuqurlikkacha bo‘lgan tunnellar tarmog‘ini qurish shartnomasini 2019 yilda qo‘lga kiritgandi. Birinchi bekat 2021 yilda ishga tushirildi va o‘sha paytga kelib loyihaning qiymati 52 million dollardan oshib ketdi. O‘shandan beri oltita yangi bekat barpo etildi, jumladan yaqinda qurilgan Westgate Resort ham shular qatoriga qo‘shildi.
Tunnellar ikkita tor “quvur”dan iborat bo‘lib, ular orqali Tesla Model 3 va Tesla Model Y avtomobillari yo‘lovchilarni tashiydi. Hozircha bu mashinalar haydovchilar yordamida boshqarilmoqda, biroq kompaniya 2025 yil oxiriga kelib ularni avtonom haydash tizimiga o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Yangi yo‘nalish konferensiya markazining keng hududida harakat imkoniyatlarini kengaytiradi. Aytishlaricha, odatda 25 daqiqada bosib o‘tiladigan masofani tunnel orqali ikki daqiqada bosib o‘tish mumkin. Tarmoqning ushbu qismidan to‘liq foydalanilganda, ya’ni 62 ta avtomobil harakatlanganda, soatiga 4400 nafargacha yo‘lovchini tashish mumkin. Biroq hozircha tarmoq imkoniyatlarining uchdan bir qismi ham ishga tushirilmagan.
Tugallangan tunnellar tizimining uzunligi 109 kilometrni tashkil etib, Las-Vegasning barcha asosiy hududlarini, aeroportdan tortib yirik biznes va ko‘ngilochar markazlargacha o‘z ichiga oladi. Tizimda 55 ta bekat va oraliq to‘xtash joylari rejalashtirilgan. Butun majmua nazariy jihatdan bir soatda 90 mingdan ortiq yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ta’kidlash kerakki, The Boring Company ish jarayonida turli muammolarga duch keldi. Xususan, u mehnat shartlarini buzgani uchun bir necha bor jarimaga tortildi. Bundan tashqari, nazorat organlari xavfsizlik masalasiga shubha bilan qaramoqda, chunki har yili tunnelga o‘nlab begona piyodalar yoki hatto avtomobillar kirishi holatlari qayd etilmoqda. Ularning barchasi tunnelga tasodifan kirib qolganini ta’kidlashadi.