O‘zbekiston | 16:00 / 27.01.2025
30453
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida ayrim hududlarda qor va yomg‘ir bo‘lishi kutilmoqda

Chorshanbadan sovuq havo massalari butun respublikaga tarqala boshlaydi.

Foto: Kun.uz

29–31 yanvarda sovuq havo massalari O‘zbekistonning shimoliy hududlaridan butun respublika hududiga tarqala boshlaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Dushanba kuni O‘zbekistonda quruq va nisbatan iliq ob-havo kutilmoqda, havo harorati +7…+12 daraja bo‘ladi. Faqatgina respublikaning shimoliy hududlari sovuq antitsiklon ta’sirida bo‘lib, harorat kunduzi 0…+5 darajadan oshmaydi.

28 yanvarda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining ayrim hududlarida biroz qor yog‘adi. Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida kechasi biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Havo harorati kunduzi +5…+10, respublikaning shimoliy hududlarida –2…+3 daraja bo‘ladi.

Chorshanba-juma kunlari havo harorati kechasi 0…–5 darajagacha, shimoliy hududlar ba’zi joylarida –8 darajagacha, kunduzi 0…+5 darajagacha pasayadi. Respublikaning markaziy va janubi-sharqiy viloyatlarida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik bo‘lib, asosan qor shaklida yog‘adi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi.

Respublikaning ayrim joylarida tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan yo‘nalishini g‘arbiyga o‘zgartirib 7–12 metr/soniya tezlikda esadi. Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi mavjud.

Toshkent shahrida dushanba va seshanba kunlari yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Havo harorat bugun +9…+11, ertaga kechasi 0…+2, kunduzi +6…+8 daraja bo‘ladi.

29–31 yanvar kunlari vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Havo harorat kechasi 0…–2, kunduzi 0…+2 daraja bo‘ladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini g‘arbiyga o‘zgartirish bilan 5–10 metr/soniya tezlikda esadi.

Mavzuga oid