«Barsa»da 7 gol, Shomurodov «Roma»ning kambekiga yordam berdi. Kun o‘yinlari

Sport 11:45 / 27.01.2025 20111

Angliya: Manchesterning yangi qahramoni

«Fulhem» — «Manchester Yunayted» 0:1
Gol:
Martines (78).
«Fulhem» – Leno, Robinson, Bassi, Andersen, Kastan, Berge, Lukich (Kerni, 82), Ivobi, Smit-Rou (Pereyra, 82), Uilson (Traore, 53), Ximenes (Muniz, 64).
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines, Maguayr, de Ligt (Yoro, 58), Garnacho (Maynu, 81), Diallo, Mazraui (Malasia, 81), Fernandesh, Ugarte (Kolliyer, 76), Dalot, Hoylund (Zirkze, 58).
Ogohlantirish: Ugarte (73).

O‘tgan turda «Brayton»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Ruben Amorim hozirda «MYu» tarixdagi eng yomon holatida bo‘lishi mumkinligini aytdi. O‘yindan keyin portugaliyalik mutaxassis futbolchilar bilan og‘ir suhbat o‘tkazgan, OAVga ko‘ra, u kiyim almashtirish xonasidagi televizorni sindirib tashlagan. 

Bu voqealardan keyin «Fulhem»ga qarshi o‘yinda jamoa o‘zgacha kayfiyatda tushishi kutilgandi, ammo muxlislar o‘ta zerikarli o‘yinga guvoh bo‘lishdi. Birinchi bo‘limda mehmonlar amalda bu mavsumni kuchli raqiblarga qarshi munosib o‘tkazayotgan («Chelsi» mag‘lub etilgan, «Liverpul» va «Arsenal» bilan o‘yinlarda ochko qo‘lga kiritilgan) londonliklarga xavfli vaziyat yaratishga yo‘l qo‘yishmadi. Shu bilan birga, «qizil iblislar»ning o‘zi ham hujumda faollik ko‘rsatishmadi va yarimta ham vaziyatga ega bo‘lishmadi. 45 daqiqa yakunlariga ko‘ra zarbalar bo‘yicha mezbonlar 5:1 ko‘rinishida ustunlikka erishishdi, bu statistikaga de Ligtning zarbasi qo‘shilgan, holbuki o‘sha vaziyatda niderlandiyalik himoyachi shunchaki to‘p uchun kurashgan va to‘p unga tegib darvozaga borgandi.

Tanaffusdan keyin mankunianliklar oldinga chiqa boshlashdi, ammo 77-daqiqagacha xavfli vaziyatlar yaratilmadi. Keyin esa Lisandro Martines jarima maydoni tashqarisida to‘pga ega chiqib zarba yo‘lladi va kichik rikoshet yordamida darvozani ishg‘ol etdi. O‘yin oxirida esa 20 yoshli Tobi Kollayyer ikkinchi qahramonga aylandi. 89-daqiqada u bo‘sh darvozaga kirib borayotgan to‘pni chiziq ustida bosh bilan to‘xtatib qoldi. Jamoadoshlari esa uni xuddi gol urilgandek hissiyotga berilib tabriklashdi.

Bu g‘alabadan keyin «MYu» 12-o‘ringa ko‘tarildi, «Fulhem» 10-pog‘onada qoldi.

«Tottenhem» — «Lester» 1:2
Gollar:
Risharlison (33) — Vardi (46), Al Hannus (50). 
«Tottenhem» – Kinski, Grey (Lenkshir, 90+4), Devis, Dregushin, Porro, Sarr (Regilon, 54), Bentankur, Bergvall, Son Xyn Min, Kulusevski, Risharlison (Mur, 54).
«Lester» – Stolyarchik, Kristiansen, Vestergor, Fas, Jastin (Kulibali, 90+4), Sumare, Uinks, Dekordova-Rid (Skipp, 86), Al Hannus (Buonanotte, 77), Ayyu (Koudi, 87), Vardi (Daka, 77).
Ogohlantirishlar: Dekordova-Rid (61), Regilon (69), Jastin (71), Uinks (75), Buonanotte (78), Stolyarchik (82).

«Tottenhem» cho‘kishda davom etmoqda: uyda autsayder «Lester»ga qarshi o‘yinda yutqazdi. Holbuki londonliklar o‘yinni yaxshi boshlagandi, 33-daqiqada Risharlison hisobni ochdi. Unga uzatma bergan Pedro Porro esa 2023 yil fevralida «Tottenhem»da debyut qilganidan buyon 23-golli uzatmani amalga oshirdi, u bu ko‘rsatkich bo‘yicha Trent bilan bir xil natija ko‘rsatmoqda. 

«Lester» esa tanaffusdan keyin o‘yinda burilish yasadi, 46-daqiqada Jyeymi Vardi Bobbi Dekordova-Ridning qanotdan uzatmasini golga aylantirib, mezbon fanatlarga o‘zida APL chempionligi borligi, ularda esa yo‘qligini eslatib qo‘ydi. Avgustda ham Vardi «Tottenhem»ga golini shunday jyest bilan nishonlagandi.

To‘rt daqiqa o‘tib Dekordova-Ridning yana bir uzatmasidan keyin 20 yoshli yarimhimoyachi Bilol Al-Hannus «Lester»ga g‘alaba keltiruvchi golni urdi. 

Bu mag‘lubiyatdan keyin «Tottenhem» 15-o‘ringa tushib ketdi (xavfli zonadan sakkiz ochko ajratib turibdi), klub rahbariyati Enjye Posteko‘g‘li o‘rniga yangi murabbiy qidirishga kirishishi mumkin, jamoa dekabr boshidan buyon 8 bor yutqazdi, faqat 20-o‘rindagi «Sauthempton» bundan yomonroq ko‘rsatkich qayd etgan (9).

Ispaniya: Kataloniyada gollar yomg‘iri

«Barselona» — «Valensiya» 7:1
Gollar:
De Yong (3), Torres (8), Rafinya (14), Lopes (24, 45+4), Levandovski (66), Tarrega (75, avtogol) — Duro (59).
«Barselona» – Shesni, Balde (Martin, 60), Kubarsi, Erik Garsiya, Kunde (Fort, 71), de Yong (Torre, 78), Kasado, Rafinya (Levandovski, 60), Lopes, Yamal (Viktor, 71), Ferran Torres.
«Valensiya» – Mamardashvili, Gayya (Xesus Vaskes, 60), Gasorovski (Kordoba, 82), Tarrega, Fulke (Diakabi, 83), Rioxa, Gerra, Pepelu, Diyego Lopes (Fransisko Peres, 60), Andre Almeyda (Aarons, 60), Duro.
Ogohlantirish: Pepelu (70).

Chempionlar ligasidagi «Benfika»ga qarshi kechgan «otishma» o‘yindan keyin (5:4) Hansi Flik tarkibda kuchli rotatsiya amalga oshirdi. Betob bo‘lib qolgan Pedri va jarohatlangan Olmodan tashqari Arauxo, Gavi va Levandovski zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. So‘nggi vaqtlarda kamdan kam maydonga tushayotgan Frenki de Yong esa sardorlik bog‘ichini oldi va aynan u 3-daqiqadayoq jarima maydoniga kirib borib Yamalning uzatmasini golga aylantirdi. Hujum markazida harakatlangan Ferran Torres esa tezda ko‘k-anorranglilarning ustunligini oshirib, sobiq jamoasi darvozasiga urgan golini nishonlamadi.

Umuman olganda, autsayderga qarshi («Valensiya» turnir jadvalining quyi qismida qolmoqda) o‘yin startidayoq chempionatda to‘rt o‘yin davom etgan g‘alabasiz seriyaga (bunaqasi Frank Raykard davridan buyon kuzatilmagandi) shu kuni barham berilishi oydinlashdi. 14-daqiqadayoq hisob yiriklashdi: Yamal tovonida pas berdi, Fermin to‘pni oldinga tashladi, Rafinya mashg‘ulotlardagidek yengil harakat qilib himoyachilardan qochib ketdi va darvozabonni ham aldab o‘tib, to‘pni bo‘sh darvozaga yo‘lladi.

24-daqiqa — salom, 4:0. Kubarsi maydonning ikkinchi qismidan turibto‘pni narigi darvoza tomon yetkazib berdi, raqib himoyachilari ortiga ochilgan Fermin Lopes yakkama-yakka vaziyatdan foydalandi, o‘yinning qolgan qismida u yana bir gol urib, ikki golga uzatma berdi.

Ispaniyadagi statistikachilar darhol «Barsa» oxirgi marta qachon 15-daqiqaga qadar uchta gol urgani (2008) va tanaffusgacha beshta gol urgani (2015) haqidagi ma’lumotlarni qidirib topishdi. Ammo bu kechadagi asosiy raqam — kataloniyaliklar bu mavsumdagi gollari sonini 100 dan oshirgani bo‘ldi. Yubiley golga ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilgan Levandovski mualliflik qildi. «Barsa» bu dovondan o‘tishi uchun 32 o‘yin yetarli bo‘ldi.

Italiya: Indzagi Allegridan o‘zib ketdi

«Milan» — «Parma» 3:2
Gollar:
Pulishich (38, penalti), Reynders (90+2), Chukvueze (90+5) — Kancheleri (24), Del Prat (80).
«Milan» – Menyan, Teo (Bartezagi, 46), Pavlovich, Gabbiya, Kalabriya (Yovich, 77), Reynders, Fofana (Chukvueze, 57), Musa, Leau (Binnosir, 46), Pulishich, Morata (Abraham, 57).
«Parma» – Suzuki, Valeri, Valenti, Volyakko, Del Prato, Zom, Ernani (Haj Muhammad, 70), Mixeile (Levik, 77), Man (Almkvist, 69), Kancheleri (Eno, 83), Jurich (Kamara, 70).
Ogohlantirishlar: Pavlovich (12), Volyakko (33), Zom (37), Fofana (43), Del Prato (45+1), Haj Muhammad (74), Eno (85).

«Milan» mavsumning eng beqaror jamoalaridan biri. Goh «Yuventus»ga ojizlik bilan yutqazadi, goh YeChLda g‘alabali seriya qayd etadi. «Parma» bilan o‘yin ham jamoaning hozirgi holatini ifoda etib beradi. Rossonerilar tashabbusga egalik qilib, asta-sekinlik bilan bosimni oshirib borishdi. Yakunda esa mehmonlarning ilk jiddiy hujumi Kancheleri to‘pni olis burchakka aniq yo‘llashi bilan yakunlandi. Morataning tezkor javob goli esa ofsayd tufayli bekor qilindi. Faqat bo‘lim oxirlarida Pulishich penaltidan hisobni tenglashtirdi.

Milanliklar ikkinchi bo‘limga Rafael Leau va Ernandessiz chiqishdi. Mezbonlar kuchli bosim uyushtirib, raqibni jarima maydoniga qamal qilib qo‘ydi, ammo o‘yin oxirlariga kelib «Parma» raqibni qarshi hujumlarda jazolay boshladi. Menyan Almkvist bilan yakkama-yakka vaziyatda qutqardi. Keyin yana bir ajoyib seyv amalga oshirdi, ammo qaytgan to‘pga yetib kelgan Delpratoning zarbasi qarshisida ojiz qoldi. Sharmandali mag‘lubiyat yaqindek edi, ammo Serjiu Konseysau jamoasi iroda ko‘rsatdi.

Avvaliga Pavlovichning goli ofsayd tufayli bekor qilindi, milanliklar esa to‘xtab qolishmadi va qo‘shimcha daqiqalarda Reynders hisobni tenglashdirdi, o‘yin yakunlanishi arafasida Chukvueze «San-Siro»ga yig‘ilganlarni aqldan ozdirdi. 90-daqiqadan keyin deyarli boy berilgan o‘yinda ikki gol — bunaqasi «Milan» bilan avval bo‘lmagandi. YeChLda muhim o‘yin va «Inter»ga qarshi derbi bo‘lib o‘tadigan qiyin hafta arafasida bu kambek jamoada o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirishi tayin.

«Lechche» — «Inter» 0:4
Gollar:
Frattezi (6), Martines (39), Dumfris (57), Torimiy (61, penalti).
«Lechche» – Falkone, Dorgu, Jan, Baskirotto, Gilber, Perre (Kaba, 72), Kulibali (Ramadani, 46), Helgason, Morente (Karlsson, 83), Krstovich (Burnete, 86), Perotti.
«Inter» – Zommer, Bastoni, de Vrey (Bissek, 46), Darmian, Karlos Augusto, Mxitaryan (Barella, 58), Zelinski, Frattezi (Aslani, 75), Dumfris (Byukenen, 62), Tyuram, Martines (Torimiy, 59).
Ogohlantirishlar: de Vrey (16), Torimiy (82).

«Inter» esa «Lechche» maydonidagi o‘yinni ilk daqiqalardan hujumkorlik bilan boshladi va tezkor gol urildi. Anchadan buyon golsiz seriya qayd etayotgan, ammo Simone Indzagi ishonch bildirishda davom etayotgan Frattezi Tyuramning uzatmasiga oyoq qo‘yishi yetarli bo‘ldi. Ushbu juftlik yana bir gol uyushtirdi, ammo kichik ofsayd xalaqit berdi. Bo‘lim oxirida Lautaro Martines mehmonlarning ustunligini oshirdi. Argentinalik hujumchi jamoa safidagi 112-goli bilan vatandoshi Mauro Ikardini ortda qoldirib, «Inter»ning xorijlik to‘purarlari ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa chiqdi.

Ikkinchi bo‘limda Frattezi penalti ishlaganida sardor gollari sonini oshirishi mumkin edi, ammo u bu vaqtga kelib zaxiraga olingandi va 11 metrlik nuqtaga uning o‘rniga tushgan Torimiy yaqinlashib, hisobni yanada yiriklashtirdi. Murabbiy Lautaroni YeChL o‘yini uchun asradi, ammo hujumchi maydonni tark etishidan oldin shedevr pasi bilan hisob yiriklashishiga hissa qo‘shgandi. U ortida sherigi ochilayotganini his qilib, tovoni bilan pas uzatdi, Dumfris esa to‘pni olis burchakka aylantirib yo‘lladi. Indzagining A seriyadagi 200-g‘alabasi chiroyli ko‘rinish oldi, Simone yubiley g‘alabaga Massimiliano Allegridan ko‘ra tezroq fursatda erishib, uning rekordini yangiladi.

«Udineze» — «Roma» 1:2
Gollar:
Lukka (38) — Pellegrini (50, penalti), Dovbik (64, penalti).
«Udineze» – Sava, Ture (Kabasele, 7), Biyol, Kristensen, Zemura, Payyero (Pafundi, 77), Karlstrem (Atta, 65), Lovrich (Ekkelenkamp, 66), Modeshtu (Sanches, 78), Lukka, Toven.
«Roma» – Svilar, Ndika, Manchini, Chelik (Shomurodov, 46), Baldanzi (Al-Sha’roviy, 58), Anhelino, Pellegrini (Kristante, 81), Kone, Pizilli, Rensx (Zalevski, 70), Dovbik (Dibala, 81).
Ogohlantirishlar: Chelik (21), Pellegrini (37), Karlstrem (52), Atta (80).

Rimliklar asta-sekin o‘ziga kelmoqda. Raniyeri boshqaruvidagi jamoa besh o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya qayd etmoqda, bu orqalikda «Milan» bilan durang o‘ynaldi (1:1), «Latsio»ga qarshi derbida g‘alabaga erishildi (2:0), «Parma» darvozasiga javobsiz beshta gol urildi. Ammo Udinedagi o‘yinning birinchi bo‘limi mehmonlar uchun muvaffaqiyatsiz kechdi, jamoa o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi, bo‘lim oxirida esa gol o‘tkazib yuborildi. Tanaffusda murabbiy Shomurodovni maydonga tashlashga qaror qildi va bu jamoa o‘yinini kuchaytirdi, ikkinchi bo‘lim boshida Pellegrini penaltidan hisobni tenglashtirdi, biroz o‘tib o‘zbekistonlik hujumchi maydon markazida raqibdan to‘pni olib qo‘ydi va Dovbik bilan pas almashganidan so‘ng Al-Sha’roviyni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, raqib posboni esa qo‘pollik ishlatishga majbur bo‘ldi, ukrainalik hujumchi belgilangan 11 metrlik jarima zarbasidan g‘alaba golini urdi. Rimliklar endi turnir jadvalida to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi va yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda.

Kun statistikasi

Joze Mourinio faoliyatida 2-marta o‘z tug‘ilgan kunida chempionat o‘yinida g‘alaba qozondi. 2002 yilda «Portu» «Maritimu» ustidan g‘alabaga erishgandi, yakshanba oqshomida esa «Fenerbahche» «Geztepe»dan ustun keldi (3:2).

«Portu» milliy birinchilikda 5 turdan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Bu «ajdarlar»ning 2016/17 yillar mavsumidan buyon eng yomon seriyasi, o‘shanda jamoa Nunu Eshpiritu Santu boshqaruvida qatorasiga besh o‘yinda durang qayd etgandi.

Yakshanba kuni «Lester»ga yutqazgan «Tottenhem» 7 o‘yindirki g‘alaba qozona olmayapti (=1-6). Bu «shporlar»ning 2006 yildan buyon eng yomon seriyasi.

«Fenerbahche» hujumchisi An-Nosiriy bu mavsumda bosh bilan 7 ta gol urdi. Bu Yevropa ligalaridagi eng yuqori ko‘rsatkich.

«Brentford» vingeri Damsgor 8 golli uzatma berdi. Daniyalik futbolchi klubning APLdagi rekordini o‘rnatdi.

Piyer Saja bosh murabbiylikka tayinlanganidan buyon «Lion» 100-golini urdi. Ammo «to‘quvchilar» «Nant» bilan o‘yinda g‘alabali hisobni ushlab qololmadi (1:1) va o‘z murabbiyi boshqaruvi davridagi eng yomon oraliqni boshdan kechirmoqda (=4-1).

«Aston Villa» hujumchisi Olli Uotkins APLda samarali harakatlari bo‘yicha 100 (69+31) ball to‘pladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: