Jahon | 14:12 / 26.01.2025
17689
21 daqiqa o‘qiladi

250 yildan buyon o‘zgarmay kelayotgan siyosat va qonun ustuvorligi – AQSh qanday qilib qudratli davlatga aylandi?

Bundan 250 yil avval bor-yo‘g‘i 13 ta shtatdan tashkil topgan AQSh bugun 50 ta shtatdan iborat va katta hududga ega. Biroq bu bir necha kun avval prezidentlik faoliyatini boshlagan Donald Trampni qoniqtirmayapti. U shu paytgacha bir necha marta Kanada va Meksikani AQShga qo‘shish hamda Grenlandiyani sotib olish haqida gapirdi. Xo‘sh, bir paytlar bor-yo‘g‘i 13 ta shtatdan iborat bo‘lgan davlat qanday qilib hozirgi darajaga keldi?

Foto: Kun.uz

Amerika Qo‘shma Shtatlari deyilganda odamlarning ko‘z o‘ngiga dunyodagi eng qudratli davlat keladi. Bu davlat bugun haqiqatan ham qudratli – dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyotiga ega, harbiy xarajatlar uchun ham eng ko‘p pul ajratadi.

Bir paytlar AQSh Britaniyaga tegishli bo‘lgan 13 ta koloniyaning ittifoqqa birlashishi tufayli tashkil topgan. Keyinchalik shtatlar soni oshib boravergan.

Qo‘shma Shtatlar hukumati ba’zi hududlarni qo‘shnilardan bosib olgan. Boshqalarini sotib olgan. Natijada AQSh 50 ta shtat, bitta okrug, Puerto-Riko va Tinch okeanidagi bir qancha hududlarga ega bo‘ladi.

Shu o‘rinda bir ma’lumot, Puerto-Riko aholisi ham AQSh fuqarolari hisoblanadi. Biroq ular saylash huquqiga ega emas. Puerto-rikoliklar ancha yillardan buyon AQShning tarkibiga 51-shtat bo‘lib o‘tish istagida. Biroq AQSh buni xohlamay kelyapti.

Tarixchilar AQShning shakllanishini yetti bosqichga bo‘ladi. Quyida ana shu bosqichlar haqida so‘z yuritamiz.

1620 yilda yevropaliklarning Shimoliy Amerikaga kelishi. 1846 yilda chizilgan gravyura

Birinchi bosqich – kolonial Amerika (1607-1783 yillar)

Yangi Angliya. Yevropaliklar Shimoliy Amerikaga birmuncha kechroq kelgan. 1620 yilda Angliyaning “Meyflauer” savdo kemasi shimoliy yerlarga 102 kishini olib keladi. Yevropaliklar yangi joyni Yangi Angliya deb ataydi.

Keyinroq Shimoliy Amerikaga fransiyaliklar, gollandlar ham kela boshlaydi va o‘rtada qurolli mojarolar ham yuz beradi.

Nyu Amsterdamning Nyu Yorkka aylanishi. Yevropaliklar o‘rtasida Shimoliy Amerikaning Atlantika sohillarini egallash uchun kechgan mojarolarda inglizlar g‘alaba qozonadi. Ular 1667 yilda gollandlardan Nyu Amsterdam shahrini tortib oladi va o‘rniga Janubiy Amerika shimolidagi Surinam hududini beradi.

Mustaqillik uchun harakat. Vaqt o‘tib, Shimoliy Amerikada Britaniya imperiyasining bir biridan mustaqil bo‘lgan koloniyalari tashkil topadi. Oradan biroz muddat o‘tib, ular mustaqillik uchun harakat boshlaydi.

Ikkinchi bosqich – AQShning tashkil topishi va millatning shakllanishi (1783-1860 yillar)

AQShning tashkil topishi. 1776 yilda Britaniyaga tegishli hududlarda tashkil topgan 13 koloniya yagona ittifoqqa birlashadi. Bular Delaver, Pensilvaniya, Merilend, Massachusets, Nyu York, Nyu Jyersi, Jorjiya, Konnektikut, Janubiy Karolina, Shimoliy Karolina, Nyu Hempshir, Virginiya, Rod-Aylend.

Mustaqillik deklaratsiyasi. 1776 yil 4 iyul kuni Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinadi. Yangi davlat Amerika Qo‘shma Shtatlari deb ataladi. Shundan so‘ng Britaniya imperiyasi o‘z mustaqilligini e’lon qilgan hududlarni jilovlash uchun harbiy harakatlarni boshlaydi.

AQSh mustaqilligi uchun kechgan urush. Bu urush qariyb 7 yil davom etadi va 1783 yilda amerikaliklarning g‘alabasi bilan tugaydi. Britaniya AQSh mustaqilligini tan oladi. 1787 yilda yagona ittifoqqa birlashgan shtatlarga mamlakat Konstitutsiyasi taqdim etiladi.

Jorj Vashington

Birinchi prezident. 1789 yilda Konstitutsiyani uchta shtat ratifikatsiya qiladi. Shundan so‘ng dastlabki prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkaziladi. Prezidentlik saylovida Jorj Vashington g‘olib chiqib, AQShning birinchi rahbariga aylanadi.

Avlodlar uchun ibrat bo‘lgan prezidentlar. 1801 yilda AQSh tarixida muhim hodisa sodir bo‘ladi. Prezidentlik saylovida yutqazgan Jon Adams g‘olib Tomas Jyeffersonga prezidentlikni topshiradi.

Bu hodisaning muhimligi shundaki, Jon Adams juda radikal inson bo‘lgan. U 1800 yil oxirida o‘tkazilgan saylovda yutqazgach, odamlar Jon Adams prezidentlikni saylovda g‘alaba qozongan Tomas Jyeffersonga topshirmaydi deb taxmin qiladi. Biroq amalda bunday bo‘lmaydi va u hech bir muammo chiqarmasdan rahbarlikni topshiradi.

Umuman olganda AQSh tarixidagi dastlabki ikki prezident mamlakatning bo‘lajak prezidentlari uchun namunali ish qilib ketgan. Jorj Vashington ikki muddat prezidentlik qilgach, garchi bunga imkoniyat bo‘lsa ham, keyingi saylovda o‘z nomzodini qo‘ymaydi.

Ikkinchi prezident Jon Adams esa bir muddat prezidentlik qilgach saylovda yutqazadi va raqibiga rahbarlikni topshiradi. Ularning bu ishi keyingi prezidentlar uchun o‘rnak bo‘lib qoldi va Franklin Ruzveltni aytmaganda hech kim yozilgan va yozilmagan bu qoidalardan chetga chiqmadi.

AQShning dastlabki kengayishi. 1803 yilda AQSh Fransiyadan Luiziana deb nomlangan hududni sotib oladi. Xarid qilingan yangi hududning kattaligi qariyb Qo‘shma Shtatlar hududiga teng edi. Shundan so‘ng bu hududda bir nechta shtat tashkil topadi va AQSh tarkibiga kiradi.

Mustaqillik uchun ikkinchi urush. 1812-1815 yillarda AQSh va Britaniya o‘rtasida urush bo‘lib o‘tadi. Bunga britaniyaliklarning chegara hududlarda doimiy provokatsiya uyushtirgani va dengizda AQSh kemalariga hujum qilishlari sabab bo‘ladi.

AQSh armiyasi (u paytda bu armiya “militsiya” deb atalgan) Yangi Orlean yonida britaniyaliklarga so‘nggi hal qiluvchi zarbani beradi. Shundan so‘ng britaniyaliklar sulh tuzishga majbur bo‘ladi. Bu urush AQSh tarixida “Mustaqillik uchun ikkinchi urush” deb nomlanadi.

Hindularning quvg‘in qilinishi. 1830 yilda hindularni Oklaxoma shtati hududiga joylashtirish haqida qonun qabul qilinadi. Shundan so‘ng juda katta hududlarda yashab kelayotgan hindular Oklaxomaga majburan ko‘chiriladi. Bu ish Amerika hukumati bilan o‘zaro tenglik asosida munosabat o‘rnatmoqchi bo‘lgan hindularning orzularini chippakka chiqaradi.

Meksika bilan urush. 1846-1848 yillarda AQSh va Meksika o‘rtasida urush bo‘lib o‘tadi. Mojaroga AQShning Texasni o‘z tarkibiga qo‘shib olgani sabab bo‘ladi. Bu urushda AQSh g‘alaba qozonadi va Meksikaning taxminan yarmini bosib oladi. Keyinchalik bosib olingan hududlarda shtatlar tashkil etiladi va ular AQSh tarkibiga qo‘shiladi.

O‘rtada AQSh prezidenti Avraam Linkoln va shimolliklar armiyasi bosh qo‘mondoni Uliss Grant

Uchinchi bosqich – fuqarolar urushi va Alyaskaning sotib olinishi (1860-1877 yillar)

Fuqarolar urushining boshlanishi. 1860 yilda mamlakat janubidagi shtatlar AQSh tarkibidan chiqqanini e’lon qila boshlaydi. Bunga mamlakatda quldorlikni bekor qilish va qul savdosini taqiqlash haqidagi qonun loyihasi sabab bo‘lgandi.

Ko‘p o‘tmay bu qonun loyihasi AQShda fuqarolar urushining boshlanishiga sabab bo‘ladi. Qonunga qarshi chiqayotgan janubliklar va uni qo‘llayotgan shimolliklar o‘rtasidagi urush 1861 yil 12 aprelda boshlanadi.

Urushning boshida janubliklarning qo‘li ustun keladi. So‘ng shimolliklar muvaffaqiyatga erishadi. 1863 yilda quldorlikni tugatish haqidagi qonun kuchga kiradi. Shundan so‘ng shimoldagi shtatlarda qullarni ozod qilish boshlanadi.

Fuqarolar urushining tugashi. 1865 yilning boshlarida shimolliklar armiyasi janubiy shtatlarning asosiy qo‘shinini tor-mor etadi. 1865 yil 23 iyun kuni janubliklarning so‘nggi bo‘linmalari taslim bo‘ladi va shu tariqa qariyb besh yil davom etgan fuqarolar urushi tugaydi.

Avraam Linkolnning o‘ldirilishi. Fuqarolar urushi tugashidan biroz avval, 1965 yil 15 aprel kuni mamlakat prezidenti Avraam Linkoln vafot etadi. Uni bir kun avval janubliklar tarafdori bo‘lgan aktyor teatrda o‘qotar qurol bilan otib yaralaydi.

Linkoln AQShda quldorlikni tugatish va qul savdosini taqiqlash qonuni tashabbuskorlaridan biri edi. 1865 yil bahorida shimolliklar g‘alabaga yaqin turgan vaqtda janubliklarning mag‘lubiyatini hazm qila olmagan aktyor uning joniga qasd qiladi.

Alyaskaning sotib olinishi. Fuqarolar urushi tugagandan so‘ng ikki yil o‘tib, AQSh hukumati Rossiya bilan juda muvaffaqiyatli savdo kelishuvini amalga oshiradi. 7,2 mln dollar evaziga ruslardan Alyaska sotib olinadi. Alyaskaning hududi 1 mln 717 ming 854 km.kv.ni tashkil etadi. Keyinchalik uning hududida neft va boshqa foydali qazilmalarning yirik konlari topiladi.

Transkontinental temiryo‘lining bitkazilishi. 1869 yilda AQShda mamlakatning sharqiy va g‘arbiy qismlarini bog‘lovchi transkontinental temiryo‘li qurilishi bitkaziladi. Shu tariqa o‘shangacha piyoda, otliq yoki aravada borish mumkin bo‘lgan joylarga qisqa vaqtda yetib olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Birinchi jahon urushi g‘oliblari bo‘lgan mamlakatlar rahbarlari Devid Lloyd (Britaniya), Vittorio Orlando (Italiya), Jorj Klemanso (Fransiya), Vudro Vilson (AQSh)

To‘rtinchi bosqich – “Oltin asr” (1877-1919 yillar)

Apachilarning tor-mor etilishi. Garchi AQShda quldorlik bekor qilingan bo‘lsa-da, hukumat hindularning yerlarini tortib olib, ularni rezervatsiyalarga joylashda davom etardi.

19-asrning ikkinchi yarmida mamlakatning janubiy g‘arbida hindularning apachi qavmi bilan bir necha bor qurolli mojarolar yuzaga keladi. 1886 yilda apachilar tor-mor etiladi va shu tariqa bu mojaro to‘xtaydi.

Bruklin ko‘prigining qurilishi. 1883 yilda Ist-River bo‘g‘ozida Bruklin va Manhettenni bog‘laydigan ko‘prik qurib bitkaziladi. Bruklin ko‘prigi deb ataladigan bu inshootning asosiy qismi temir konstruksiyalardan tiklangandi. Bu tajriba keyinchalik ko‘p qavatli uylar qurilishiga asos bo‘ladi. Ko‘prik qurilishi 1870 yilda boshlanadi va 13 yilda bitkaziladi. Uning uzunligi 1 825, eni 25,9 metr. 1964 yilda ko‘prik AQShning milliy, tarixiy yodgorliklari, 2017 yilda esa YuNeSKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritiladi.

AQSh Birinchi jahon urushida. 1915 yil 7 may kuni nemislar Britaniyaga tegishli bo‘lgan “Luzitaniya” kemasini cho‘ktirishadi. Oqibatda 1 197 kishi halok bo‘ladi va ular asosan amerikaliklardan iborat edi. Yana qariyb 800 kishi jarohatlanadi. Ana shu hodisa 1917 yilda AQShning Germaniyaga qarshi urush e’lon qilib, Birinchi jahon urushiga qo‘shilishiga sabab bo‘ladi.

"Buyuk tushkunlik" davrida ish qidirib ketayotgan oila

Beshinchi bosqich – Rivojlanish, “Buyuk tushkunlik” va Ikkinchi jahon urushi (1919-1945 yillar)

Ayollarga saylash huquqi berilishi. 1920 yilda AQSh konstitutsiyasiga ikkita o‘zgartirish kiritiladi. Spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish, tashish va sotish taqiqlanadi. Bu ish 1933 yilda bekor qilingan. Shuningdek, ayollarga saylash huquqi beriladi. O‘shangacha AQShdagi saylovlarda ayollar qatnasha olmasdi.

Qora seshanba” va “Buyuk tushkunlik”. 1929 yil 29 oktyabr kuni AQSh birjalarida aksiyalar narxi tushib ketadi va mamlakatda iqtisodiy hamda moliyaviy inqiroz boshlanadi. Birjalarda narxlar seshanba kuni tusha boshlagani uchun o‘sha kun tarixda “Qora seshanba” nomi bilan qolgan. Jarayon esa “Buyuk tushkunlik” deb nomlanadi va u qisman 1933 yilda, to‘liq 1939 yilda tugaydi.

AQShning Ikkinchi jahon urushiga qo‘shilishi. 1941 yil 7 dekabr kuni Yaponiya AQShning Tinch okeanida joylashgan harbiy bazasiga hujum qiladi. Oradan bir kun o‘tgach, 8 dekabr kuni Amerika Yaponiyaga urush e’lon qiladi va Ikkinchi jahon urushiga qo‘shiladi. 11 dekabr kuni Yaponiyaning ittifoqchisi bo‘lgan Germaniyaga ham urush e’lon qilinadi.

AQSh harbiylari Yevropada. 1944 yil 6 iyun kuni Britaniya va AQSh harbiylari La-mansh bo‘g‘ozini kechib o‘tib, Fransiya shimolidagi Normaniyaga qo‘shin tushiradi. Shu tariqa nemislarga qarshi ikkinchi front ochiladi va AQSh armiyasi Yevropadagi harbiy harakatlarda qatnasha boshlaydi.

Yevropada urushning tugashi va Yaponiyaga atom bombasi tashlanishi. 1945 yil 8 may kuni fashistlar Germaniyasi so‘zsiz taslim bo‘lgani haqida akt imzolanadi. Yevropada urush tugaydi, biroq Yaponiya hali qarshilik qilayotgandi. Oradan to‘rt oy o‘tib, 1945 yil 6 avgust kuni AQSh harbiylari Yaponiyaning Xirosima, 9 avgust kuni Nagasaki shahriga atom bomba tashlaydi. Oqibatda har ikki shahar vayronaga aylanib, aholining asosiy qismi halok bo‘ladi. Tirik qolganlar esa radiatsiya bilan nurlanib, nogiron bo‘lib qoladi. AQShning bu ishi hanuzgacha qoralanadi.

Jon Kennadi o‘ldirilishidan biroz oldin

Oltinchi bosqich – “Sovuq urush” va qora tanlilar huquqi uchun kurash (1945-1974 yillar)

Janubiy-Sharqiy Osiyodagi urushlar. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng dunyo siyosiy sahnasida SSSR ikkinchi qutb sifatida chiqib keladi va Sharqiy Yevropa davlatlarini o‘z ta’sir doirasiga oladi. Shundan so‘ng kurash Janubiy-Sharqiy Osiyoga ko‘chadi.

Avvaliga Xitoyda, so‘ng Koreya yarimorolida fuqarolar urushi bo‘lib o‘tadi. Koreyada tomonlar yarimorolni ikkiga bo‘lgan bo‘lsa, Xitoyda kommunistik tuzum tarafdorlari g‘alaba qozonadi. 1950-yillar oxirroqlarida kapitalistik dunyo tarafdorlari bilan sotsialistik tuzumni yoqlovchilar o‘rtasidagi kurash Hindixitoy yarimoroli va Karib havzasiga ko‘chadi. Oqibatda AQSh va SSSR o‘rtasida aloqalar yomonlashib, “Sovuq urush” deb nomlangan davr boshlanadi.

Jon Kennedining o‘ldirilishi. 1963 yil 22 noyabr kuni AQSh prezidenti Jon Kennedi usti ochiq limuzinda Dallas shahri ko‘chalari bo‘ylab ketayotganda o‘qotar quroldan o‘q uziladi. Oqibatda u halok bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay Osvald Li Xarvi degan kimsa qo‘lga olinadi. Biroq oradan ikki kun o‘tgach u tungi klublardan birining egasi bo‘lgan shaxs tomonidan otib o‘ldiriladi. Shu tariqa Jon Kennedi nega o‘ldirilgani hanuzgacha sir bo‘lib qolmoqda.

AQSh astronavtlarining Oyga qo‘nishi. 1969 yil 20 iyul kuni “Apollon-11” kosmik kemasi bilan Oyga uchgan astronavtlar Nil Armstrong, Edvin Oldrin Yerning yo‘ldoshi sirtiga qo‘nadi. O‘shanda bu ish Amerikaning buyuk g‘alabasi sifatida talqin qilinadi. Biroq keyinchalik ayrimlar amerikaliklar Oy sirtiga qo‘nmagani va bu ish Yerda sahnalashtirilganini aytib chiqadi.

Biroq 2018 yilda xitoyliklar “Chan’e-1” va “Chan’e-2” kosmik apparatlari Oy sirtidan, jumladan “Apollon-11» kosmik kemasi qo‘ngan joyning fotosuratini olgan.

Rossiyalik kosmonavt-astronomlar Vitaliy Yegorov va Igor Tirskiy suratlarni solishtirib ko‘rib, amerikaliklar haqiqatan Oyga qo‘ngani va uning sirtiga tushganini qayd etgan. Bu haqda Vitaliy Yegorov “Odamlar Oyda” kitobida ma’lum qilgan.

Vetnam urushi va AQShning jiddiy mag‘lubiyati. 1960-yillar boshlarida Hindixitoyda joylashgan Vetnamda fuqarolar urushi boshlanadi. Shimol sotsialistik, janub esa kapitalistik tuzumni qo‘llardi. Shimolliklarni SSR va Xitoy, janubliklarni esa AQSh qo‘llaydi. Shu tariqa Vetnam urushi boshlanadi. 10 yildan oshiq davom etgan bu urushda AQSh mag‘lubiyatga uchraydi va 1975 yilgacha Vetnamdan o‘z armiyasini to‘liq olib chiqib ketadi.

Uotergeyt” mojarosi. 1974 yil 8 avgust kuni prezident Richard Nikson iste’foga chiqqanini e’lon qiladi. AQSh tarixida o‘z ixtiyori bilan prezidentlikdan voz kechish hodisasi faqat u bilan sodir bo‘lgan. Niksonga impichmentning xavf solishiga esa “Uotergeyt ishi” deb nomlangan siyosiy mojaro sabab bo‘lgandi. “Uotergeyt ishi” 1972 yilda sodir bo‘lgan va o‘shanda Niksonga yaqin odamlar Vashingtondagi “Uotergeyt” majmuasida joylashgan Demokratik partiya ofisiga kirib, u yerdagi telefonlarga yashirincha eshituvchi moslamalar o‘rnatgan, hujjatlardan nusxa olgan. Bu ish ommaga oshkor bo‘lgach Niksonga impichment xavf soladi va shunda u iste’foga chiqadi.

Mixail Gorbachyov va Ronald Reygan, Jyeneva uchrashuvi

Yettinchi bosqich – Inqirozdan dunyo gegemonligiga (1974 yildan hozirgacha)

Inqiroz. 1965-1975 yillarda bo‘lib o‘tgan Vetnam urushidagi mag‘lubiyat AQShning jahon siyosiy sahnasidagi obro‘sini tushirib yuboradi. AQShga keyingi zarba 1979 yilda davlat to‘ntarishi amalga oshirilgan Eronda beriladi. O‘shanda eronliklar AQSh elchixonasiga bostirib kirib xodimlarni garovga oladi. O‘shanda AQSh garovdagilarni ozod qilish uchun ikki yil urinadi va ular 1981 yil 20 yanvarda, yangi saylangan prezident Ronald Reyganning inauguratsiyasi kuni ozod qilinadi.

Olimpiadaning boykot qilinishi. 1979 yil dekabrda sovet armiyasi Afg‘onistonga bostirib kiradi. Bu ish SSSRning jahondagi obro‘sini tushiradi, mamlakat iqtisodiy inqirozga uchraydi. Boshqa tomondan AQSh SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy qiladi va Reygan davrida biroz obro‘sini ko‘tarib oladi. O‘sha paytda G‘arb davlatlari 1980 yilda Moskvada o‘tkazilishi rejalashtirilgan yozgi olimpiada o‘yinlarini ham boykot qiladi.

AQSh va SSSR rahbarlarining uchrashuvi. 1985 yil SSSR rahbarligiga Mixail Gorbachyov keladi. U darhol mamlakatda iqtisodiy va siyosiy islohotlar o‘tkazilishini e’lon qiladi. O‘sha yili 19-21 noyabr kunlarida Gorbachyov Shveytsariyaning Jyeneva shahrida o‘tkazilgan xalqaro sammitda qatnashadi va shu yerda AQSh prezidenti Ronald Reygan bilan uchrashadi. Shundan so‘ng ikki davlat aloqalari iliqlasha boshlaydi.

Yugoslaviyaning bombardimon qilinishi. 1991 yilda SSSR parchalanib ketganidan so‘ng Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan respublikalar ham o‘z mustaqilligini e’lon qila boshlaydi. Yugoslaviyaning “egasi” bo‘lgan serblarga bu ish yoqmaydi va ular ittifoqdosh respublikalarni “jilovlash”ga kirishadi.

Bu yo‘lda ular boshqa millatlar va e’tiqoddagilarni genotsid qilishdan ham tap tortmaydi. Oxir-oqibat mojaroga NATO ham aralashdi va AQSh harbiy samolyotlari Yugoslaviyadagi serb istehkomlariga raketa zarbalari yo‘llaydi. Shundan so‘ng serblar genotsidni to‘xtatadi va Bolqon yarimorolida davom etayotgan urush tinchiydi.

Shundan so‘ng AQSh harbiy xarajatlar miqdorini oshiradi va Rossiyaning SSSR parchalanib ketgandan so‘ng kuchsizlangani hisobidan dunyoning eng qudratli davlatiga aylanadi.

Amerikalik harbiylar Bog‘dodda

Afg‘oniston va Iroqqa bostirib kirish. 2001 yil 11 sentabr kuni AQShning bir nechta hududida terroristik xuruj amalga oshiriladi. Jumladan, Nyu Yorkdagi egiz binolar qulatiladi, Pentagon binosiga hujum qilinadi. AQSh bu ishda “Al-Qoida” terrorchilarini ayblab chiqadi va o‘sha yili Afg‘onistonga bostirib kiradi.

Oradan ikki yil o‘tgach kimyoviy qurollar ishlab chiqaryapti bahonasi bilan Iroq bosib olinadi. Oqibatda har ikki davlat vayronaga aylanadi. Millionlab odamlar halok bo‘ladi. Bu ishlar Kichik Jorj Bush ma’muriyati paytida sodir bo‘lgandi.

Keyinchalik AQSh Afg‘oniston va Iroqdan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqib ketadi. Biroq har ikki mamlakatda olib borilgan qariyb 20 yillik urush jahon hamjamiyatining tanqidlariga, urushga qarshilarning namoyishlariga sabab bo‘ladi.

Qora tanli shaxsning prezident bo‘lishi. 2008 yil kuzda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Barak Obama g‘alaba qozondi. Shu tariqa AQSh tarixida birinchi marta qora tanli shaxs prezident bo‘ldi. Obama ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovda ham g‘alaba qozonib, AQShni 8 yil boshqardi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid