1 fevraldan barcha turdagi yo‘lovchi poyezdlarida chipta narxi oshmoqda. “O‘zbekiston temiryo‘llari” vakillari Kun.uz bilan suhbatda bu davomli bo‘lishini aytdi. Sabablar kredit, elektr narxining oshgani, texnik ko‘rik va infratuzilma xarajatlariga borib taqaladi. Rasmiylarga ko‘ra, “Afrosiyob” Toshkentdan Samarqandga bir marta kelishi – 8 ming yevro xarajatni talab qiladi.
1 fevraldan boshlab “Afrosiyob” poyezdlarida chipta narxi 25 foizga, “O‘zbekiston”, “Sharq”, “Nasaf” poyezdlari chiptasi esa 30 foizga qimmatlaydi. Tezyurar bo‘lmagan (yotoqli) yo‘lovchi poyezdlar chipta narxining tarif qismi 10,5 foizga ko‘tariladi.
O‘tgan 2 yilda “Afrosiyob”da yurish narxi kamida 200 foizga oshmoqda. Temiryo‘lchilarning so‘zlariga ko‘ra, tariflarni davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingach, to‘rtta “Afrosiyob” poyezdi 2024 yilning 1 yanvaridan o‘z xarajatlarini o‘zi qoplashga o‘tgan.
“Afrosiyob”ga mas’ul tashkilot vakili Shahzod Mo‘minov narxlarni boshqa davlatlar bilan taqqosladi. “Janubiy Koreyada Seul va Pusan shaharlari o‘rtasidagi masofa 300 kilometr, xuddi “Afrosiyob”dek poyezd chiptasi narxi 27 dollar. Bizda esa shunday masofadagi Toshkent–Samarqand chiptasi 19 dollar”, deydi u. Ammo turgan gapki, ikki davlatdagi aholi daromadlarini taqqoslab bo‘lmaydi.
Kun.uz suhbatdan avval poyezddan ko‘p foydalanuvchi aholi fikriga qiziqdi. Tabiiyki. deyarli hamma bir fikrda –narxlar oshishiga qarshi. Lekin temiryo‘lchilar o‘tkazgan so‘rovnomada buning aksi bo‘lgan ekan. Shahzod Mo‘minovning ta’kidlashicha, “Afrosiyob” yo‘lovchilarining 90 foizi narx-navo oshishini ijobiy qabul qilgan va o‘tkazilgan so‘rovnomalarda chipta narxini oshirishni so‘ragan.
Nega temir yo‘llari tizimi haliyam monopoliya?
Temiryo‘llar sohasi – boshqa ko‘plab sohalar qatori – monopoliya. Lekin rasmiylar buni rad etadi: ularga ko‘ra, tizim turli yo‘nalishlardagi kompaniyalarga bo‘lib yuborilgan. Jamoatchilik faoli Umid Gafurov esa, bu tashkilotlar “bir onaning bolalari” ekanini aytdi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ bosh direktori o‘rinbosari Fozil Sharipovga ko‘ra, bozor ochiq va xohlagan tadbirkor kelib, o‘z takliflarini berishi mumkin. Lekin bugungi kunga qadar biror tadbirkor bu masala jamiyatga murojaat qilmagan va qiziqmagan. Umid Gafurovning fikricha, bu – ma’lumotlarning yopiqligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
“Hozir monopolmasmiz deyapsiz, lekin de-fakto monopoliya haliyam. Masalan, men tadbirkorman va biror joyga investitsiya qilmoqchi bo‘lsam, daromad, xarajat ko‘rsatkichlarini ochiq ko‘rishni istayman. Tizim hozir unchalik ochiq emas, 2021 yilda bu haqida gapirilgan edi va undan beri 4 yil o‘tdi, transformatsiya haqida endi bilyapman. Tadbirkorni asosiy qiziqtirgan savollar – ochiq manbalarga borib taqaladi. Vokzalga, tizimga tadbirkorlarning qiziqmagani, balki, yetarlicha ma’lumotlar yo‘qligidan”, deydi bloger.
Tizimi doim yilni zarar bilan yakunlaydi
Temiryo‘lchilar fikricha, tizimning daromadi xarajatni qoplamaydi, natijada moliyaviy hisobotlarda zarar bilan chiqadi. Buning sababi esa birinchi navbatda olingan kreditlar, elektr energiya narxining ketma-ket oshgani, texnik ko‘riklar, infratuzilma xarajatlari, kapital ta’mirlash, xodimlarning maoshlari – hammasi hisoblanganda, xarajatlar daromadlardan ko‘p.
“Afrosiyob” uchun to‘lanadigan kredit summalari 2035 yilgacha davom etadi, so‘ngra Hyundai poyezdlariga navbat keladi.
Xizmat ko‘rsatish sifatimi ham oshadimi?
Kun.uz o‘tkazgan so‘rovnomada qatnashganlar “Afrosiyob”ning tozaligi, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshiligini, lekin qolgan poyezdlardagi holat talabga unchalik javob bermasligini aytishdi. Xususan, gigiyena talablariga rioya qilish kerak, chipta narxlari oshganiga yarasha servis sifati ham yanada yaxshilanishi, vagonlardagi imkoniyatlar ko‘payishi lozim. Fozil Sharipov esa vagonlarning har doim ham toza bo‘lmasligi yo‘lovchilarga bog‘liqligini aytadi.
“Poyezdlar qatnovga chiqib ketishidan avval tozalanadi, o‘zim tekshirib olaman. Yo‘lda esa yo‘lovchilar har xil, ular chiqqanidan keyin shunday ahvolga kelib qolyapti”, deydi u.
“Poyezdlarimiz kunibo‘yi yurib kelganidan keyin 200 dan ortiq odam kechquruni bilan shu poyezdlarni tozalaydi, tayyorlaydi. So‘ngra vokzalga jo‘natamiz, yo‘l davomida esa vagon kuzatuvchilari yana tozalab turishadi. Mening o‘zim zavodga boraman, vagonlarni ko‘rib chiqaman, yuvishini tekshiraman. Yangi vagonlar yaxshi, lekin 40 yildan ortiq xizmat ko‘rsatgan vagonlar bor. Ularning muddati kelishi bilan reysdan olamiz”, deydi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” direktori o‘rinbosari.
Suhbatni to‘liq formatda Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Shohrux Majidzoda tayyorladi.