O‘zbekistonda yangi quriladigan xonadonlarni markazlashgan tartibda isitish, ovqat pishirish uchun esa elektr plitasidan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
23 yanvar kungi prezident selektorida ma’lum qilinishicha, 18 ming xonadon gazda individual isitiladigan qilib qurilgani uchun foydalanishga qabul qilinmay turibdi. Mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, har bir holatni o‘rganib, masalaning yechimi bo‘yicha hukumatga taklif kiritish topshirildi.
“Bu yil 135 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni markazlashgan holda isitiladigan, ovqat pishirish esa elektr plitasi orqali bo‘ladigan qilib qurish zarurligi qayd etildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Qayd etilishicha, joriy yilda aynan 135 mingta xonadon qurilishi hisob-kitob qilingan (shundan 15 mingtasi Yangi Toshkentda). Shu tariqa, 2025 yildan boshlab, yangi qurilgan xonadonlarda tabiiy gaz bo‘lmasligi mumkin.
Oliy Majlis deputati Alisher Qodirov bu taklifni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Yangi quriladigan uylarda energiya manbasi sifatida faqat elektr energiyasini rag‘batlantirish taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz. Yashil energetika – kelajagimiz”, – deya yozdi Qodirov 24 yanvar kuni Telegram'dagi kanalida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz – qimmat resurs. 1 kub gazdan 10 ga yaqin yuqori qiymatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish, xorijga sotish va uning puliga millionlab vatandoshlarga ish o‘rni yaratish mumkin.
“Tilla qatori milliardlab kub gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuboradigan xalqning kosasi oqarmaydi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirib, gaz o‘rniga elektr energiyasi ishlatishni o‘rganishimiz kerak”, – deydi Qodirov.
Kun.uz bu masalaga aniqlik kiritishini so‘rab, Qurilish vazirligiga so‘rov yubordi.