Jahon | 19:58 / 24.01.2025
14349
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp - Zelenskiy haqida: «U farishta emas, u bu urushga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi»

Uning so‘zlariga ko‘ra, «kelishuv tuzish» imkoni bo‘lgan, ammo buning o‘rniga Zelenskiy «jang qilishni xohlagan». U harbiy harakatlarni to‘xtatmoqchi ekanini aytib, agar Moskva Kiyev bilan tinch kelishuvga rozi bo‘lmasa, Rossiyaga nisbatan «katta sanksiyalar qo‘llash» bilan tahdid qilgan.

Foto: Videodan kadr

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2022 yil fevralida RF qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqiniga yo‘l qo‘ymasligi kerak bo‘lgani haqida gapirdi.

«Bilasizmi, u ham farishta emas, u bu urushga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi», — degan Tramp 23 yanvar kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Tramp Zelenskiy Rossiya bilan kelishmoqchi ekanini ta’kidlagan: «Uning joniga tekkan». AQSh prezidenti so‘zlariga ko‘ra, ukrain armiyasi «yanada kattaroq, yanada qudratliroq kuch» bilan kurashishga to‘g‘ri kelmoqda.

«U [Zelenskiy] bunday qilmasligi kerak edi, chunki kelishuvga erishish mumkin edi», — degan Tramp va buning o‘rniga Zelenskiy „men jang qilishni xohlayman“ deganini qo‘shimcha qilgan.

AQSh prezidenti urush boshlanganida Rossiyada «30 ming tank bo‘lgani», «Zelenskiyda esa ular deyarli bo‘lmagani»ni aytgan. «Bunday jang qilmaydilar. Shunda biz [Ukraina]ni texnikalar bilan sug‘roa boshladik, sug‘ordik, sug‘ordik va sug‘ordik. Va ular bu texnikalardan foydalanish uchun jasorat topishdi, ammo endi bu urushni tugatish kerak», — degan Tramp.

Intervyu vaqtida AQSh prezidenti yana bir bor agar Moskva urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishmaydigan bo‘lsa, Rossiya bilan munosabatlarda «katta sanksiyalar qo‘llash» bilan tahdid qilgan. Shu bilan birga, Tramp sanksiya qo‘llashni istamasligini aytgan: «Men ruslarni yoqtiraman, ular buyuk xalq».

U avvalroq jahon bozorida neft narxini tushirishni Rossiyaga ta’sir ko‘rsatish vositasi sifatida keltirgandi. 23 yanvar kuni AQSh prezidenti Davosdagi iqtisodiy forumda videoaloqa orqali ishtirok etib, Saudiya Arabistoni va OPeK davlatlaridan neft narxini tushirishni so‘rashini aytgandi. «Ular bu ishni nima uchun saylovgacha qilishmaganiga hayronman. Agar narxlar tushganida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tez yakunlangan bo‘lardi», — degan Tramp. 

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning bu boradagi bayonotiga munosabat bildirib, 24 yanvar kuni «bu mojaro neft narxiga bog‘liq emasligi»ni aytdi. «Ushbu mojaro Rossiyaning milliy xavfsizligiga tahdid, ma’lum hududlarda yashovchi ruslarga tahdid, shuningdek, amerikaliklar va yevropaliklarning Rossiya xavotirlarini tinglashni istamasligi va to‘liq rad etishi tufayli sodir bo‘lmoqda va bu neft narxiga aloqador emas», — degan u.

Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushini tezroq yakunlash tarafdori. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazishni rejalashirmoqda va allaqachon muzokaralarga tayyorgarlik jarayoni olib borilayotganini aytgan. Kremldagilar Moskva Vashington bilan «teng huquqlik va hurmat asosidagi muloqot»ga tayyorligi, ammo «hozircha bunday signal kelmagani»ni aytishgan.

Mavzuga oid