Germaniya maxsus xizmatlari: Rossiyaning saylovlarga aralashuvi xavfi bor

Jahon 15:20 1187

Germaniya maxsus xizmatlari 23 fevralga belgilangan Germaniya Bundestagiga navbatdan tashqari saylovlarga Rossiyaning aralashuvidan xavotirda. Bild tabloidining 23 yanvar, payshanba kuni keltirgan tahliliy hisobotlariga ko‘ra, Moskva 2024 yilda dezinformatsion kampaniyalarga 2 milliard yevro sarflagan. Joriy yilda ushbu maqsadlar uchun bir xil miqdordagi mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan, deyiladi nashrda.

«Rossiyada haqiqiy foydalanuvchilarga taqlid qiluvchi, millionlab xabarlarda nemis siyosatchilarini haqorat qiluvchi va tuhmat qiluvchi yuz minglab soxta akkauntlar tarmog‘i faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, soxta media saytlari va feyk yangiliklar, soxta tasvirlar va qisqa videolarni tarqatish uchun soxta portallar mavjud», — deydi mualliflar.

Bild yozganidek, Axborot texnologiyalari xavfsizligi bo‘yicha federal idoraning (BSI) 2024 yil uchun yillik xavfsizlik hisobotida hakerlarning saylovchilarning shaxsiy ma’lumotlari yoki saylov ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan veb-saytlar va serverlarni buzishga bo‘lgan davriy urinishlari qayd etilgan.

Saylovlar xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat

Shu fonda Bundestagda muxolifatdagi XDI/XSI fraksiyasi raisi o‘rinbosari Andrea Lindholz Germaniya hukumatini Bundestag ichki ishlar qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida saylovlar uchun xavflar haqida hisobot berishga chaqirdi. «Ruminiyada saylov natijalari bekor qilinganidan so‘ng, raqamli dezinformatsiya orqali (saylov natijalariga) ta’sir o‘tkazish borasida xavotirlar paydo bo‘lmoqda», — deya tushuntirdi u Bild nashriga bergan intervyusida.

Xususan, Lindholz Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fazerdan sabotaj va hakerlik hujumlari Bundestagga saylovlarni konstitutsiyaviy me’yorlarga muvofiq o‘tkazishga tahdid soladimi, degan savolga javob olmoqchi.

Bugun Germaniya xavfsizlik xizmatlari dezinformatsiyani to‘xtatish vakolatiga ega emas va shubhali akkauntlarni kuzatish aniq maqsad emas, deya tushuntiradi Bild.

Ko‘proq yangiliklar: