Jahon | 20:20 / 24.01.2025
3056
2 daqiqa o‘qiladi

«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro jinoyat sudiga Lukashenkoga qarshi da’vo arizasi berdi

Belarus rahbari jurnalistlarni ommaviy ta’qib qilish bilan bog‘liq insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Foto: TASS

«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) tashkiloti Xalqaro jinoiy sudga (XJS) Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. U jurnalistlarni ommaviy ta’qib qilish bilan bog‘liq insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.

«Biz prokuror Karim Xonni tergov o‘tkazishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqiramiz», deyiladi RSF bayonotida.

Belarus jurnalistlar uyushmasi va «Chegara bilmas muxbirlar» ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yildan beri mamlakatda jurnalistlar 589 marta hibsga olingan. Hozir 43 jurnalist qamoqda, jumladan, rasmiylar tomonidan yo‘q qilingan Belarusning eng yirik Tut.by portali bosh muharriri Marina Zolotova ham. Shuningdek, 500-600 nafarga yaqin jurnalist mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.

Da’voda ta’qibning tizimli ekani ta’kidlanadi va Belarus hukumatini xalqaro miqyosda javobgarlikka tortish talab qilinadi.

2024 yil sentabrda Litva hukumati ham XJS rokuraturasiga Belarus hukumati tomonidan o‘z fuqarolariga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha materiallarni yuborgan edi.

Mavzuga oid