Los-Anjyeles yaqinida yangi yong‘in boshlandi. O‘n minglab mahalliy aholi evakuatsiya qilindi

Jahon 19:30 3098

Kaliforniyaning Los-Anjyeles okrugida yangi yong‘in yuzaga keldi va bir necha soat ichida 38 kilometr kvadrat maydonni egalladi, deb xabar beradi Reuters.

«Hyuz» yong‘ini 22 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da Los-Anjyeles shahridan 80 kilometr shimolda joylashgan Kastaik ko‘li hududida boshlangan. CNN’ning ma’lum qilishicha, yong‘in yuzaga kelgan hududda asosan butalar o‘sadi va yaylov joy hisoblanadi, bir qismini esa o‘rmonlar egallagan.

Hukumat Kastaik ko‘li atrofida yashovchi aholini yong‘in ularning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirgan. 31 mingga yaqin odam majburiy evakuatsiya buyrug‘ini olgan, shuningdek, yana 23 ming kishi boshqa joyga ko‘chirilishi mumkin. Los-Anjyeles okrug sherigi Robert Lunaning aytishicha, yong‘in tufayli Kastaik okrug qamoqxonasidagi mahbuslar qisman evakuatsiya qilingan.

Los-Anjyeles okrugi o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i Entoni Marronening ma’lum qilishicha, «Hyuz» yong‘ini hali to‘xtatilmagan. Uni o‘chirishga salkam 4 ming o‘t o‘chiruvchi jalb etilgan. Marronening so‘zlariga ko‘ra, yong‘in hozircha birorta inshootga zarar yetkazmagan.

Los-Anjyeles okrugida yong‘inlar qurg‘oqchil ob-havo fonida 7 yanvar kuni boshlangan edi. 22 yanvarga kelib, o‘t o‘chiruvchilar ikkita yirik yong‘in o‘chog‘ini nazoratga olgan: 57 kilometr kvardatni egallagan «Iton» va 95 kilometr kvadratni yakson qilgan «Paliseyds».

Yong‘inlar oqibatida hozirga qadar 28 kishi halok bo‘lgan, 16 mingga yaqin inshoot yonib ketgan yoki shikastlangan, 180 ming kishi evakuatsiya qilingan. Yong‘inlar yetkazgan zarar 250 milliard dollarga baholanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: