Toshkent shahar IIBB Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 21 yanvar kuni soat 09:40 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida 60 yoshli haydovchi O.S. «GAZ-32221» rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan 32 yoshli piyoda D.T.ni urib yuborgan.
So‘ng haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotib 35 yoshli Z.Z. boshqaruvidagi BYD rusumli avtomashinasiga to‘qnashgan. To‘qnashuv zarbidan so‘ng BYD 69 yoshli R.T. boshqaruvida bo‘lgan Matiz’ga urilgan.
YTH oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.