O‘zbekistonda kartoshka qimmatlashdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi zaxiralar yetarli ekani va narxlar barqarorligini saqlash uchun zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilib boradigan ma’lumotlarga ko‘ra, 4 yanvardan 21 yanvargacha bo‘lgan muddatda Yangi Qo‘yliq dehqon bozorida kartoshkaning minimal ulgurji narxi 3500 so‘mdan 6500 so‘mgacha yoki 85 foizga, maksimal narxi esa 6200 so‘mdan 8500 so‘mgacha yoki 37 foizga qimmatlashgan.
Kuni kecha, 18 yanvardan boshlab Qozog‘iston YeOII a’zosi bo‘lmagan mamlakatlar, xususan O‘zbekistonga kartoshka eksportini 6 oyga to‘xtatgan edi. Bunga Qozog‘istonning o‘zida ushbu mahsulot narxi oshib ketgani sabab sifatida keltirilgan.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, mamlakatda kartoshkaga bo‘lgan yillik ehtiyoj 4 million tonnani tashkil etadi. 2024 yilda 3,7 million tonna kartoshka yetishtirilgan bo‘lib, shundan 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan, tabiiy yo‘qotish taxminan 100 ming tonna (3%) bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
2024-2025 yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari 245,5 ming tonna kartoshkani zaxiraga jamg‘argan. Zaxiraga jamg‘arilgan mahsulotni ichki iste’mol bozoriga chiqarish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har 10 kunlik tarmoq jadvali hududlar kesimida tasdiqlanib, ijro uchun hududlarga yuborilgan.
20 yanvar holatiga mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan jami 6,3 ming tonna kartoshka ichki bozorlarga savdoga chiqarilgan, zaxira qoldig‘i 239,2 ming tonnani tashkil qiladi.
QXV ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda 703 ming tonna, shundan dekabr oyida 74,4 ming tonna kartoshka import qilingan.
Vazirlikning qayd etishicha, O‘zbekistonga kartoshka importi faqat Qozog‘istonga bog‘lanib qolmagan. Jumladan, Pokiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan kartoshka import qilish ham yo‘lga qo‘yilgan. 2025 yil yanvar–may oylarida Erondan 100 ming tonna va Pokistondan 100 ming tonna, jami 200 ming tonna kartoshka import qilinadi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi dala maydonlarida yetishtirilayotgan kartoshka hosili mart oyining ikkinchi yarmi va aprel oylarida O‘zbekiston bozorlariga chiqariladi.
Ichki bozorni kartoshka bilan ta’minlash hamda narx barqarorligini saqlash uchun zaxira qilingan kartoshka har 10 kunda 15–25 ming tonnagacha ichki bozorga chiqariladi.