Kecha Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishdi. Amerikada an’anaga ko‘ra, saylovda g‘olib bo‘lgan nomzod tantanali qasamyod qabul qilishi bilan rasman prezident lavozimiga kirishadi. Xo‘sh, o‘zi prezidentlar nega lavozimga kirishishdan avval ont ichishadi? Iltimos, ushbu xabarga ilova qilingan videoga like bosing, fikringizni esa izohlarda qoldiring.
Majburiy emas, lekin odat
Keling, Amerika prezidentlaridan boshlasak, axir ular bu jarayonni an’ana ko‘rinishiga olib chiqishgan. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, prezidentlik saylovlari noyabr oyining birinchi seshanbasida o‘tkaziladi. G‘olib nomzod kelasi yil 20 yanvarda lavozimga kirishadi. Amaldagi prezident saylovda yutqazgan yoki unda qatnashmagan bo‘lsa ham, 20 yanvar kuni soat 12:00 gacha hech qanday vakolatlari cheklanmagan holatda Oq uy rahbari bo‘lib qoladi. Soat millari 20 yanvar kunduzgi 12:00 ga bong urishi bilan noyabrdagi saylovda yutgan nomzod prezidentga aylanadi. Ya’ni qonunchilikka ko‘ra prezidentlar tantanali qasamyod qilishi majburiy emas, lekin barcha Amerika prezidentlari shunday qiladi. Axir bu Jorj Vashingtondan qolgan odat.
AQSh prezidentlari doim bir xil qasamyodni takrorlaydi: ular mamlakat konstitutsiyasini himoya qilishga ont ichadi. Axir 1787 yilda yozilgan konstitutsiyada barcha huquqlar kafolatlangan.
Amerika odatlariga ko‘ra, inauguratsiya kuni Oq uy rahbarligida so‘nggi kunini o‘tkazayotgan prezident bo‘lajak prezidentni Kapitoliyda kutib oladi. Keyin ular birgalikda choy ichishadi. Shundan keyin sobiq prezident bo‘lajak prezidentga Oq uy rahbarligini topshiradi va ular birgalikda, bitta “Limuzin”da qasamyod marosimiga yo‘l olishadi.
Amerika prezidentlari odatda qo‘llarini Injilga qo‘ygan holatda qasamyod qilishadi. Qasamyod oxirida esa «Bu yo‘lda menga Xudo yor bo‘lsin» deb qo‘yishadi. Bu ham Jorj Vashingtondan qolgan odat.
Qasamyoddan keyin prezidentlar inauguratsiya nutqini so‘zlaydi. Odatda ularga nutqni yozishda yordam berishadi. Uch prezidentning nutqlari etalon sifatida qaraladi. Linkoln va Ruzvelt nutq matnini o‘zlari yozgan. Ular orasida shubhasiz Avram Linkolnning nutqi ajralib turadi. U ajoyib badiiy uslubda amerikaliklarga murojaat qilgan, ta’sirli matnni shaxsan o‘zi tayyorlaydi.
Franklin Ruzvelt – inauguratsiya nutqida birinchi bo‘lib hazillashgan prezident. Jon Fidjyereld Kennedi esa 20 daraja sovuqda paltosi qo‘l harakatlariga xalaqit bermasligi uchun uni yechib ta’sirli nutq so‘zlagan. Tramp ham bu borada boshqalardan ajralib turadi, kecha uning qo‘lida, menimcha, qog‘ozi ham yo‘q edi. Axir Tramp hech nimaga qaramay soatlab gapira oladigan odam.
Boshqa davlatlarda-chi?
Dunyodagi ko‘plab davlatlarda prezidentlar inauguratsiya kuni qasamyod qabul qilib, turli xil an’anaviy marosimlarda qatnashadi. Masalan, Braziliya prezidenti qasamyoddan keyin usti ochiq mashinada poytaxt ko‘chalarida paradga chiqadi, keyin harbiy parad o‘tkaziladi, prezident odamlar ko‘z oldida bir nechta lavozimlarga mulozimlarni tayinlaydi.
Italiyada prezidentlar respublika va konstitutsiyaga sodiq bo‘laman, deb ont ichishadi. Fransiya prezidentlari inauguratsiya kuni faxriy legion magistri ordeni bilan taqdirlanib, ularga yadroviy kod beriladi. Axir Fransiya yadroviy davlat. Biroq Fransiyada qasamyod an’anasi yo‘q. Janubiy Koreyada qasamyod jarayoni ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar, parlament hovlisida o‘tkaziladi.
Nega qasamyod qilishadi?
Qasamyod qilishdan asosiy maqsad g‘olib nomzodlarni hushyorlikka chorlash hisoblanadi. Barchaning faoliyatini nazorat qiladigan qonunlar bor, aynan qonunlar insonga mas’uliyat yuklaydi. Shuningdek, har bir insonning qalban ishonadigan, ruhiy holatiga ta’sir qiladigan qadriyatlari bor. Shu uchun prezidentlar muqaddas kitoblarga qo‘llarini qo‘yib qasamyod qilishadi. Ba’zan esa o‘zlari uchun qadrli bo‘lgan boshqa narsalarni qo‘shib ham ont ichishlari mumkin.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.