22 yanvar, chorshanba kuni O‘zbekiston hududiga Volga bo‘yidan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, deya xabar berdi «O‘zgidromet».
Dushanba kuni mamlakat bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunduzi havo harorati +7…+12 darajagacha, janubiy hududlarda ba’zi joylarda +15 darajagacha iliq bo‘ladi. Shamol tezligi ayrim joylarda 15–20 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.
Seshanba kuni respublikaning katta qismida yomg‘ir yog‘adi, shimolda qorga aylanadi. Ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Faqat Farg‘ona vodiysi hududlarida yog‘ingarchilik ehtimoli past. Havo harorati kechasi 0…+5, kunduzi +5…+10 daraja bo‘ladi.
Chorshanba kuni mamlakat hududiga Volga bo‘yidan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi, O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘lishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi va kunduzi 0…+5 darajadan oshmaydi.
Payshanba kunining birinchi yarmida respublikaning faqat markaziy va sharqiy hududlarida qor yog‘ishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi –2…–7, kunduzi –2…+3, shimoliy hududlarda kechasi –8…–13, kunduzi 0…–5 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
Juma kuni O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati kechasi –2…–7 darajadan oshmaydi, kunduzi +2…+7 darajagacha, shimolda kechasi +8…+13, kunduzi –2…+3 daraja bo‘ladi.
Hafta davomida respublika bo‘ylab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan g‘arbga o‘zgarib turgan holda 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, 21–23 yanvar kunlari ayrim joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi. 21–22 yanvar kunlari 20–23 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.
Toshkent shahrida dushanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati +10…+12 darajagacha iliq bo‘ladi. Seshanba kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin, havo harorati kechasi +2…+4, kunduzi +8…+10 daraja bo‘ladi.
Chorshanba kuni yomg‘ir yog‘ishi, qorga aylanishi kutilmoqda, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shimol tezligi 12–14 metr/soniya gacha kuchayishi mumkin. Kechasi va kunduzi havo harorati +1…+3 daraja bo‘ladi. Payshanba kuni kechasi va ertalab qor yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechasi –4…–6, kunduzi –1…+1 daraja bo‘ladi.